Olimpiya o'yinlari afsonalari: «Yubka kiygan Bubka»
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 444
Olimpiya o'yinlari afsonalari rukni ostida bugun engil atletikaning langarcho'pga tayanib sakrash bo'yicha 2 karra Olimpiada chempioni, 3 karra jahon chempioni, 28 karra jahon rekordchisi Elena Isinbeva haqida hikoya qilamiz.
Elena Gadjievna Isinbaeva 1982 yil 3 iyun kuni Rossiya Federatsiyasining Volgograd shahrida tavallud topgan. 38 yoshni qarshi olgan Isinbaeva o'zining xushmuomalaligi va albatta, sportdagi ajoyib mahorati bilan muxlislar qalbiga kirib bordi. Qahramonimiz Afina-2004, Pekin-2008 Olimpiya o'yinlarida oltin, London-2012 Olimpiya o'yinlarida esa bronza medaliga sazovor bo'lgan. Isinbaeva langarcho'pga tayanib sakrash bo'yicha 5 metr balandlikni zabt eta olgan dastlabki ayol sportchi sifatida tarixda qoldi. Aytib o'tganimizdek, 28 marotaba jahon rekordlarini yangilagani uning shuhratiga o'zi kabi chiroy berib turibdi. Mana shunday ajoyib natijalari sabab ko'pchilik uni «Yubka kiygan Bubka» nomi bilan ham atagan.
Elena Isinbaeva amaldagi jahon rekordini 2009 yil 29 avgust kuni Shveytsariyaning Tsyurix shahrida o'tkazilgan Brilliant liga bosqichida o'rnatgan bo'lib, Isinbaeva o'shanda 5.06 metr balandlikdan oshib o'tgan edi.
Yana bir ahamiyatli tomoni Elena o'smirlar, yoshlar va kattalar o'rtasidagi jahon chempionatlarida g'olib bo'lgan atigi 9 nafar engil atletikachining biridir. O'zining ajoyib natijalari sabab 2004, 2005 va 2008 yillarda Xalqaro engil atletika federatsiyasi talqiniga ko'ra, yilning eng yaxshi ayol sportchisi nomiga sazovor bo'lgan. 2003 yil 23 yoshgacha bo'lgan sportchilar o'rtasidagi Evropa chempionatidan 2008 yil Pekin Olimpiadasigacha bo'lgan davrda o'zi ishtirok etgan barcha musobaqalarda faqat birinchi o'rinni qo'lga kiritgan. 2013 yil o'z yurtida o'tgan jahon chempionatidagi g'alabasi bilan shonli sport faoliyatiga chiroyli nuqta qo'ydi.
O'zbekiston Milliy olimpiya qo'mitasi tashabbusi bilan Elena Isinbaeva 2019 yil 8 mart arafasida yurtimizda tashkil qilingan «Nafosat-2019» ayollar spartakiadasining faxriy mehmoni sifatida Toshkentga tashrif buyurgan. O'zbekiston Milliy olimpiya qo'mitasida sportchi bilan tashkil qilingan matbuot anjumani sport jurnalistlari uchun chinakam bayramga aylanib ketgan edi.