Germaniyaning yangi oltin bolasi
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 2022
1992 yilning shu kuni Germaniya futbolining yangi “oltin bolasi” Mario Gettse dunyoga kelgan. Oldingi oltin bola Oliver Birxoff edi. Evro-96 finalini bir o'zi hal qilgan o'sha hujumchi. Gettse ham nisbatan Oliverning izidan ketdi. Finaldagi birgina harakati bilan nemislar qalbiga muhrlandi.
Aslida Mario o'ta qobiliyatli sanalgan. Maydonda haqiqiy o'nlik. Yoshligidanoq umid uyg'otgani bor gap. Hatto bir paytlar Frants Bekkenbauer uni Messiga solishtirib: “ba'zi masalalarda undan ham o'tadi” degan. Futbol Kayzeri aytadi: “Undan yaxshisini topish mushkul. U himoyachilar ichidan xuddi ko'rinmas odamdek o'tib ketadi”.
Frantsning gaplari o'z asosini topgandek. Messiga bag'ishlangan 2014 yilgi mundial finalida yagona gol aynan Marioga nasib etdi. Zaxiradan maydonga tushgan Gettse birgina imkoniyatidan shu qadar chiroyli foydalandiki, o'yindan so'ng barchaning nigohi faqat unga qaratilgan edi.
Faoliyatining keyingi qismidagi cho'kishlar menimcha o'sha oltin golga bog'liq. Mario Ronaldu va Messi erasida ularga nasib qilmagan cho'qqiga chiqib, bu rohat ta'mini tatib ko'rgani boisidan klublarida o'ynamasa ham bo'laveradi, deb hisobladi. Gettsega balki mos ham tushaverar. Axir, u nevaralariga so'ylab beradigan ajoyib hikoya mavjud va uni bu bobodan boshqa hech kim so'ylab bera olmaydi.
Yana bir ma'lumot: qahramonimiz Gollivud filmlarining jinnisi. Asosan oxiri kutilmagan natija bilan tugaydigan filmlarning. Di Kaprio muxlisi, “La'natlanganlar oroli” filmini suyadi. Futbol taqdirini qarangki, naqadar o'xshash. Hamma ko'rguliklarni o'ylab topgan o'zi bo'lib chiqadi oxirida.
Xayrulla Hamidov