Xayrulla Hamidov maqoolasi: "1 iyun – futbol bolalarini himoya qilish kuni!"
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 964
EChL finallari iyun oyiga o'tib ketmasdi. Ammo o'tgan yilgi final aynan shu – bolalarni himoya qilish kuniga to'g'rilangan edi. Bu finalni ozmuncha odam kutmadimi deysiz?!
Ispanlardan charchagan dunyo nihoyat futbol vatani vakillari ishtirokidagi bahsni tomosha qilish uchun nigohini aynan Ispaniya poytaxtiga qadagan edi. Madriddagi Metropolitano stadionida ikki ingliz klubi o'zaro bahslashdi.
Yana bir muhim jihati, London va Liverpul jamoalari bu kechaga katta sensatsiyalar bilan etib kelgan edilar. “Tottenhem”ning VARli oqshomda “Siti” bilan kechgan o'yinini esga olib, yurak bir hapqirsa, Amsterdamdagi so'nggi soniyalarini eslab, yanada tezroq urib ketadi. Ikki o'yindagi adrinalin ikki-uch mavsumga ham etarli darajada edi.
“Liverpul” klubining yarim final javob o'yinida ko'rsatgan matonati esa, asrlarga tatigulik natija. Vah, vah, bu qadar katta emotsiyalar bilan finalga etib kelganlar hammayoqning changini chiqarib yuborishsa kerak, deb kutilganda, oxirgi o'yin juda, juda ehtiyotkor suratda o'tdi. Sababi bitta edi – ikkisi ham bir-biridan qo'rqar, qarshi qahramonlikdan cho'chir edilar. Yana bir sabab – finalning javob o'yini bo'lmaganidandir. Axir, anovi qahramonliklar to'rtinchi bo'limlarda amalga oshirilgan-ku...
Va eng muhimi, finalda tarkibi kuchliroq “Liverpul”ning g'alaba qozongani ko'pchilikka ma'qul kelgan. Chunki ayni shu muvaffaqiyatdan so'ng Yurgen Klopp shogirdlariga chindan-da uzoq kutilgan superklub maqomi qaytarib berlardi. Zero, shu paytgacha jamoa ko'pchilikka yoqardiyu, maqsadlari, ambitsiyalari jiddiy olinmasdi. Shu tarixiy g'alaba “Liverpul” jamoasini o'ttiz yil oldingi nurli o'tmishiga eltib qo'ydi go'yo. “Bitlzlar davri”ga.
Shundanmi, jamoa o'zida ishonch paydo qilib, Angliyadagi uzoq kutilgan sovriniga ega chiqish arafasida. Juda, juda yaqin qoldi...
Muxlislarsiz kubokni boshi uzra ko'tarsa hamki, "Liverpul" nishonlab oladi chempionligini, xavotir olmang. Hozircha mersisaydliklar muxlisi o'tgan yilning birinchi iyun kuni bolalarcha shodlangan Klopp va uning bandasi quvonchiga bahra bo'lib tursin. Yangi tug'ilgan davrning bolalari bo'lmish bu jamoani himoya qilish hozir hammamizning vazifamiz!
Manba: Xayrulla Hamidov telegram kanali