Davron Fayziev qanday qilib UFC translyatsiyasiga erishilgani haqida
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 325
UZREPORT TV kanali UFC 249 musobaqasi translyatsiya huquqini xarid qilganidan xabardor bo'ldingiz. Qo'shimcha qilmasam bo'lmaydi. Chunki bu menga ham bevosita aloqador yangilik.
Bilasiz, ancha yillardan beri o'z ijtimoiy tarmoqlarimda imkon qadar UFC olamiga tomoshabinlarni yaqinlashtirishga xarakat qilib kelaman. Lekin, bu hammasi shaxsiy tashabbus edi. Dunyoda reytingi tobora oshib borayotgan bu promoushnning bizdagi auditoriyasi o'sishi baribir televizion rasmiy translyatsiya bilan bog'liq ekanligini tushunardim.
UZREPORT TV kanalidagi faoliyatim davomida bir necha bor rahbariyatga bu yurishni amalga oshirish borasida takliflar bildirganman. Kanal rahbari muxlislarga qiziq bo'lgan har qanday taklifni ko'rib chiqib, o'z imkoniyatlarini ishga solib kelgan. UFC bo'yicha tashabbus ham e'tibordan chetda qolmadi. Bu uchun minnatdorman. Uzoq yillik urinishlardan so'ng mana hozir nasib qilgan ekan, biz O'zbekistonda rasman birinchi bor UFC janglar kechasining litsenzion translyatsiyasini amalga oshiramiz. UzReportTV sport translyatsiyalari rivoji yo'lida yana bir katta qadam tashladi. Albatta hamkorlar yordamida.
Xudo xohlasa birga tomosha qilamiz! 10 may yakshanba tong saharlab soat 5:00 da janglar translyatsiyasi boshlanadi. Taxminan 4 soat davom etadi. Agar Dena Uayt tuzgan karddan janglar tushib qolmasa, 10dan ortiq super to'qnashuvlar guvohi bo'lasiz.
Efirda ko'rishguncha!
Davron Fayziev.