Xayrulla Hamidov maqolasi: "Ikki "qariya"
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 312
27 aprelning egalariga ham navbat etdi. Dastlab o'zimiznikidan boshlaymiz. Azamat Abduraimov. 1966 yili Toshkent zilzilasidan bir kun o'tib tug'ilgan Azamat o'zbek futbolida o'ziga xos iz qoldirgan yulduzlardan.
Futbol oilasidan. Bilasiz. Otasi Birodar Abduraimov – futbolimiz afsonasi. Azamat Abduraimovning kamchiligi bo'lsa ham shu – nuqul otasi bilan solishtirib kelishdi. Aslida o'z davrida terma jamoamizning muhim futbolchilaridan edi.
To'g'ri, Mirjalol Qosimovning o'rni boshqacha. Lekin yagona muvaffaqiyatimiz – 1994 yilgi Osiyo o'yinlarida aynan Abduraimovning birgina harakati chempionlik masalasini hal qilganini unuta olmaymiz. Turnir davomidagi eng kuchli raqib Janubiy Koreyaga qarshi bahs. Koreyslarning tinimsiz uyushtirgan hujumlari Sheykin darvozasi yonini yondirib yubordi. O'ttizga yaqin xavfli vaziyatlar, tasavvur qilib olavering.
Terma jamoamiz ozib-yozib oldinga chiqayotganda Azamatning tavakkaliga yo'llagan to'pi koreyslar posbonining qo'pol xatosi bilan darvozaga kirib ketadi. 1:0. Yigitlar, oxirigacha himoyada!!!
Men Abduraimovning o'sha harakatini Lilian Tyuramning 1998 yilgi mundialda Xorvatiyaga urgan goliga o'xshataman. O'sha gollar bo'lmaganida, final yo'q edi, Zidan porlamasdi. Bizning finalimizdagi 4 gol, Shuhrat Maqsudovning bayroq ko'tarib yugurishlari o'sha Azamat Abduraimovning goli mahsuli. Ko'p ehtimol Osiyo o'yinlarining bosh qahramoni ham aynan qahramonimizdir. U 27 aprel kuni 54 ga kirdi. Murabbiylik sohasidan ko'ra asosan futbolchiligi haqida gapirganimizning sababi – uni shu ko'yi eslash zavqliroq.
###
Valter Pandiani degan yigit esingizdami? Ha, u o'sha asr boshidagi yoqimtoy Deportivoning bir qismi edi.
“La korunya” klubi chempionlikni qo'lga kiritgan yili u bo'lmagan, ammo kelgusi mavsum darhol jamoa safida o'z o'rnini topib olgan urugvaylik superford yodimizda. Urugvay poytaxtida 1976 yil tug'ilgan Valter 23 yillik futbol faoliyatini 2016 yilning yozida yakunladi. Oxirgi mastodont maqomida, o'sha takrorlanmas “Depor” tarkibida qolgan so'nggi vakil sifatida.
Qizig'i, har turli klublarda-da u doimo o'z darajasini eslatib turdi. Diego Tristan bilan snaryad zarbalar yo'llagan Pandianini darhol eslab olaverdik o'sha lahzalarda. Albert Lyuka, Xuan Karlos Valeron va Pedro Munitisdek sheriklaridan ayrilgach ham o'zi yolg'iz bo'ri bo'lib o'ynab yuraverdi. Ishoning, o'sha “Depor”dan keyin futbolchi o'ynamay qo'yishi kerak edi. Xotiralari bilan ezilib-bo'g'ilib.
“Riasor” o'yingohida “Milan”ni EChLdan chiqarib yuborishda ishtirok etgan bu o'g'lon keyinchalik Britaniya sari yo'l oldi. Stiv Bryus taklifi bilan borgan joyida qo'nim topolmay yana iliq Ispaniya uni og'ushiga oldi. “Espanol”, “Osasuna” va “Vilyarreal” safida o'sha gollarini topib yuraverdi.
Janubiy amerikalik ko'pgina yulduzlarning ishini takrorladi oxiri: Jonajon Urugvayiga borib, ikki yilcha “Miramar Misones” safida o'g'li Nikolas bilan o'ynadi. Qarasa, yana Evropaga tortadi. Shveytsariyaning “Lozanna” klubida to'p surayotgan payti 40 yosh edi. Xayrlashdi oqibat.
Do'stlar, biz ser Aleksning MYusini enggan Deportivoni va uning ajoyib Pandiasini ko'rgan avlodmiz!
Manba: Xayrulla Hamidov telegram kanali