O'zbekiston klublari litsenziyadan o'tisholmadi...mi?
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 11871
Taniqli futbol eksperti, hamyurtimiz Alisher Nikimbaevning ma'lum qilishicha, mamlakatimizning 17ta klubi 2019 yil uchun OFKdan litsenziyadan o'tish uchun hujjatlar topshirgan.
Biroq, ana shu klublardan atigi to'rttasi, ya'ni “Lokomotiv”, “Paxtakor”, “Bunyodkor” hamda “Qizilqum” bu jarayondan muvaffaqiyatli o'tgan va litsenziya olishga muvaffaq bo'lgan. Buni tushunsak bo'ladi, negaki mazkur klublarda ish to'g'ri tashkil etilgan, qolaversa, ularda litsenziyalash jarayoni uchun mas'ul xodimlar o'z ishining ustalari sanaladi.
“Nasaf”, AGMK hamda “Navbahor” klublari esa sanktsiyalar bilan litsenziya olishdi. Qolgan 10ta klub esa litsenziyalash jarayonidan o'tolmadi.
Shu o'rinda savol tug'ilishi tabiiy: sanktsiyalar bilan litsenziya olish nima degani? Gap shundaki, ushbu klublar deylik A kategoriyali talablarni bajargan, ammo B kategoriyaning bir yoki bir nechta majburiy bo'lmagan talablarini bajarmagan. Bunday holatda klub litsenziya oladi, ammo sanktsiyaga tortiladi. Shuni inobatga oladigan bo'lsak, yangi mavsumda OChLda debyut qiladigan AGMK, shuningdek, “Nasaf” va “Navbahor” klublari ham litsenziya olishdi, ammo ular ma'lum bir jazoga ham tortiladi.
Bizni xursand qilgani, AGMK sanktsiyalar bilan bo'lsa ham litsenziyalashdan o'tgani. Aks holda bu jamoa Osiyo Chempionlar ligasi saralash bosqichida ham ishtirok etolmasdi.
Endi asosiy masalaga kelsak: nega naqd 10 ta klubimiz OFK talablarini bajarmagan yoki bajarishni istamagan?
Afsuski, futbol klublarimiz hali ham davlat qaramog'ida qolishmoqda. Klublarni esa qaysi tashkilot pul bilan ta'minlasa, o'sha tashkilot rahbariga tegishli yoki yaqinroq bo'lgan shaxs futbol klubini boshqaradi, garchi u futbol sohasidan yiroq bo'lsa ham. Mabodo natija o'xshamay qolsa, avvalo, bosh murabbiy aybdor sanaladi va jazoga ham aynan u tortiladi. Klub rahbari esa (u prezident, menejer, direktor yoki klub raisi bo'lishi mumkin) jazodan qutilib qolaveradi.
O'z navbatida, klub rahbari tizimdagi mas'ul lavozimlarga tanishlarini olib keladi. Barcha mas'uliyat esa sohani tushunadigan ikki-uch nafar xodimning chekiga tushadi. Bu bor gap va buni boshimdan o'tkazganman. Natijada klub OFK talablarini xo'jako'rsinga, ya'ni faqat qog'ozda bajarib qo'yadi, amalda esa... Shunday ekan, klublarimizga sohani yaxshi tushunadigan va o'zbek futboli taraqqiyoti uchun o'zini baxshida etadigan insonlarni olib kelish vaqti etmadimikan?