So'ngi transfer yangiliklar
Messi Realga o'tmoqchi !!!
AslFUTBOL.NET - Asl Futbol muxlislar sayti
MOQ eng yaxshilarni aniqladi. Nomzodlarni tanlashda qaysi mezonlarga asoslanilgan?
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 9595
28 dekabr kuni Toshkent shahrida O'zbekiston Milliy olimpiya qo'mitasi tomonidan yilning eng yaxshilarini aniqlash marosimi o'tkazildi. Ushbu marosimda bir necha nominatsiyalar bo'yicha mukofot sohiblari aniqlandi.
Barcha mukofot sovrindorlariga hurmat saqlagan holda aytish lozimki, aslida tadbir davomida aniqlangan nominatsiyalarga mukofot sohiblaridan ko'ra munosibroq nomzodlar ham mavjud edi.
Hammasini bir chekkadan boshlaymiz. O'zbekistonda eng yaxshi jamoaviy sport turi, bu – futbol. Dunyoning qaysidir chekkasida sportning bu turiga voleybol, basketbol, xokkey yoki regbi munosib raqobat tug'dirsa-da, O'zbekistonda uning yaqiniga yo'laydigan boshqa yo'nalishning o'zi yo'q. O'tgan yillarda futzal qaysidir ma'noda bunga erishay degan paytda bir nimalar bo'ldi-yu, bu sport turining butun tizimi ostin-ustin bo'lib ketdi. Shunday ekan, dastlabki nominatsiya uchun O'zbekiston U-23dan ko'ra munosibroq nomzodning o'z yo'q edi. Boshqacha aytganda, Ravshan Haydarov boshchiligidagi jamoa yagona nomzod edi, deyishimiz ham mumkin.
Yilning eng yaxshi innovatsion va intellektual federatsiyasi nominatsiyasi borasida ham shunga o'xshash fikr bildirish mumkin. Sababi, O'zbekistonda intelektual kuch talab qiluvchi sport turlaridan faqatgina shaxmat ko'zga tashlanadi. To'g'ri, kibersport federatsiyasi ham alohida federatsiya sifatida davlat ro'yxatidan o'tgan.
Ammo u, birinchidan, olimpiya sporti turlariga kiritilmagan, ikkinchidan kiritilgan taqdirda ham, bu sport turining O'zbekiston sharoitida shaxmat bilan raqobatlasha olishi qiyin masala. Shundan kelib chiqqan holda aytish mumkinki, "Yilning eng yaxshi innovatsion va intellektual federatsiyasi" nominatsiyasi uchun shaxmat federatsiyasidan boshqa nomzod yo'q edi va bu mukofot bilan ularni ham tabriklab qolamiz.
Tadbir davomida nominatsiyalarga qaysi ko'rsatkichlar asosida g'oliblar saralab olinganidan bexabarmiz. Ammo yilning eng faol federatsiyasi sifatida kurash federatsiyasining tanlanishi kishini biroz o'ylantirdi. Agar bu mukofot sport turlarida erishilgan yutuqlar bo'yicha hisoblanganda, ko'plab yo'nalishlarni kurashchilar bilan solishtirish mumkin. O'zbekiston kurash federatsiyasining Osiyo o'yinlarida qo'lga kiritgan medallari va federatsiya tomonidan O'zbekiston sport majmuasida tashkil etgan xalqaro turnirni hisobga olmaganda, yil davomida qandaydir faolligi ko'zga tashlanganicha yo'q.
Umuman olganda, Osiyo o'yinlarida qo'lga kiritilgan medallarning ko'pligi Osiyoda o'zbek kurashchilariga raqobat tug'dira oladigan sportchilarning kam ekanligi bilan bog'liq. Ushbu sport turida Eron, Qozog'iston, Turkmaniston va shu kabi etnik va tarixiy jihatdan o'zbeklarga yaqin mamlakat vakillarini hisobga olmaganda, boshqa davlatlarda hali bu yo'nalish u qadar rivojlanmagan. Bundan tashqari, o'tgan butun 2018 yil faqat Osiyo o'yinlari bilan o'lchanmaydi. Olaylik, yutuqlar borasida shaxmatchilar kurashchilardan qolishgani yo'q.
Gretsiyaning Saloniki shahrida shaxmatning rapid yo'nalishi bo'yicha yoshlar o'rtasida jahon chempionatida Nodirbek Abdusattorov 6,5 ochko to'plagan holda musobaqaning bronza medali, Nodirbek Yoqubboev esa 7 ochko to'plagan holda kumush medalni qo'lga kiritdi. Eronning Hamadon shahrida o'tkazilgan shaxmat bo'yicha "Osiyo millatlar kubogi-2018" musobaqasida O'zbekiston shaxmatchilari 9 ta medalga sazovor bo'ldi.
16 yoshgacha bo'lgan o'smirlar Turkiyaning Ko'nyo shahridagi o'smirlar shaxmat olimpiadasida chempion bo'lishdi. Yaqinda o'zbekistonlik Shamsiddin Vohidov Sankt-Peterburgda shaxmat toji egasi Magnus Karlsenni mag'lubiyatga uchratdi. Agar faollik g'alabalar bilan o'lchanganda, shaxmatchilar kurashchilardan ko'ra ko'proq va nufuzliroq yutuqlarga erishishdi.
Bu kabi misollarni og'ir atletikachilar yoki bokschilar misolida ham keltirish mumkin. Agar federatsiyalar tomonidan tashkillashtirilgan xalqaro turnirlarga qaralgan taqdirda, qilichbozlik federatsiyasi tomonidan ketma-ket 2 ta yirik turnir: Satellit xalqaro turniri va o'smir qizlar o'rtasidagi Jahon kubogi Toshkent mezbonligida o'tkazildi.
Bu, albatta, kurash federatsiyasi tomonidan tashkil etilgan O'zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun tashkil etilgan xalqaro turnirdan ko'ra muhimroq va ahamiyatli. Bundan tashqari, dzyudo bo'yicha Toshkent Gran prisi ham Toshkentda o'tkazildi. Bu musobaqa Tokio olimpiadasi uchun muhim reyting ballarini taqdim etadi. Bu darajadagi musobaqalarni yana boshqa sport turlaridan ham sanash mumkin.
O'zbek sportining eng yaxshi sport homiysi nominatsiyasi borasida bahslashish mushkul. Chunki O'zbekiston temir yo'llari aktsionerlik kompaniyasi tomonidan ajratilgan mablag'lar va MOQ yoki sportchilarga ko'rsatilgan homiylik yordamlarining aniq miqdori bizga qorong'i. Shuningdek, hududlarda sportni rivojlantirishda Andijon viloyati ajralib turdi.
Harqalay, Iqboljon Xoldorov, Hasanboy Do'smatov, Ruslan Nuriddinov kabi sportchilar aynan Andijon viloyati vakillari hisoblanishadi. Bu masalada ham ortiqcha bahslashishga o'rin yo'q. Oksana Chusovitina ham xalqaro maydonda o'zbek sportini targ'ib qilishda joriy yilda sezilarli natijalarni ko'rsatdi. Xususan, 43 yoshida Osiyo o'yinlari sovrindori bo'ldi, Dohada o'tkazilgan Jahon chempionatida final bosqichiga etib bordi.
Gimnastikada yoshning o'sib borishi bilan kishida elastiklikning yo'qolib borishini hisobga olgan holda, bu haqiqatda uning uchun yuksak natija. Bundan tashqari, qaysi musobaqada ishtirok etishidan qat'i nazar, dunyoning yirik nashrlari u haqda hech bo'lmaganda, bitta maqola chop etdi. Bu maqolalar ham o'zbek sporti uchun qaysidir ma'noda tekin reklama vazifasini bajarib berdi.
To'g'ri, Denis Istomin tennis bo'yicha O'zbekistonga Tokio olimpiadasi uchun ilk litsenziyani taqdim etdi, Svetlana Radzivil balandlikka sakrash bo'yicha 2010 yilda o'zi o'rnatgan Osiyo o'yinlari rekordini yangiladi. Biroq natijalar salmog'i baribir Chusovitinada balandroq bo'ldi.
Yilning eng faol sport targ'ibotchisi sifatida O'zbekiston Milliy olimpiya qo'mitasi Matbuot va media departamenti direktori Zafar Imomxo'jaev taqdirlandi. Tan olish lozim, O'zbekiston MOQ matbuot xizmati o'zining faolligi bo'yicha O'zbekistonning ancha-muncha matbuot xizmatlarini ortda qoldiradi.
Bu faollikning bosh tashkilotchisi ham aynan Imomxo'jaev ekanligiga shak-shubha yo'q. Ammo biror mavzuni batafsil yoritish va uni targ'ib qilish, bu – alohida tushuncha. Shu nuqtai nazarda kelib chiqqan holda, bu yo'nalishda ham chuqurroq o'ylab ko'rish o'rinliroq bo'lardi.
Yilning eng yaxshi paralimpiyachisi nominatsiyasiga esa 2018 yilda Roza Qo'zievadan ko'ra munosibroq nomzod yo'q edi. Xususan, o'zbekistonlik pauerliftingchi avvaliga Yaponiyaning Kitakyushu shahrida o'tkazilgan Osiyo va Okeaniya chempionatida, keyinchalik Indoneziyada o'tgan Paraosiyo o'yinlarida oltin medalni qo'lga kiritdi. Qolgan nomzodlar – Feruz Saidov va Roziyaxon Ergashevalarga hurmatni saqlagan holda aytish mumkinki, uchala nomzod orasida 2018 yil Roza Qo'zieva uchun omadliroq keldi.
Yilning eng yaxshi sport jurnalisti nima uchun Marina Yakubovaga topshirilgani ham biroz tushunarsiz bo'ldi. Vaholanki, yil davomida o'zbek sportida undan ko'ra kuchliroq pozitsiyaga ega va sportdagi masalalarga undan ko'ra chuqurroq yondashgan sport jurnalistlari ancha ko'p edi. Ularni nomma-nom sanashdan yiroqmiz.
Biroq fakt shuki, 2018 yilda Marina Yakubovadan ko'ra o'zbek sporti uchun ko'proq qayg'urgan jurnalistlar ancha edi. "Sport sohasini rivojlantirishga qo'shgan hissasi uchun" va "Yilning eng yaxshi ijtimoiy loyihasi" nominatsiyalari "Uzreport" va “Sport” telekanallariga topshirilishini shunchaki minnatdorchilik o'rnida qabul qilish mumkin. Ammo 2018 yilning kashfiyoti haqiqatda, Akbar Jo'raev bo'ldi.
Yosh og'ir atletikachi Toshkentda o'tgan o'smirlar o'rtasidagi Jahon chempionatida kumush, Buenos Ayresdagi o'smirlar olimpiadasida oltin medalni qo'lga kiritdi. Keyinchalik Ashxobod mezbonligida o'tgan kattalar o'rtasidagi Jahon chempionatida ikki yo'nalishda jahon rekordini yangilab, oltin medalga ega chiqdi. Bu esa uning yil kashfiyoti bo'lishi uchun etarli asos.
Yilning eng yosh va istiqbolli sportchisi nominatsiyasida ham ba'zi savolli o'rinlar mavjud. Aniqrog'i, nominatsiya talabgorlari orasida og'ir atletikachi Kumushxon Fayzullaeva bokschi Abdumalik Xalakov bilan deyarli teng, hatto yuqoriroq ko'rsatkichlarni qayd etdi. Xalakov yil davomida Osiyo va olimpiada chempioni bo'ldi.
Bir necha xalqaro turnirlarda muvaffaqiyatli ishtirok etdi va aytish mumkinki, yil davomida o'zining yuqori potentsialini barchaga namoyish etib bo'ldi. Ammo Kumushxon Fayzullaeva ham Argentina poytaxtidan oltin medal bilan qaytdi. Bundan tashqari, O'zbekiston tarixida Jahon chempionligini qo'lga kiritgan birinchi ayol sportchiga aylandi. Mana shu o'rinda Fayzullaevaning yil davomida qo'lga kiritgan yutuqlari salmog'i bokschiga nisbatan balandroq bo'ldi, deyish mumkin.
Yilning eng yaxshi murabbiyi va yilning eng yaxshi ayol sportchisi nominatsiyalari borasida ham MOQ fikrini qo'llab-quvvatlash mumkin. Har ikki yo'nalishda ham mukofot munosib egalariga topshirildi. Xususan, boks bo'yicha terma jamoa o'zi ishtirok etgan har qanday musobaqada albatta medallarni qo'lga kiritib qaytdi.
Bundan tashqari, ushbu yo'nalishdagi selektsiya ishlarining to'g'ri yo'lga qo'yilgani ham o'zining samarasini berib kelayapti. Bu borada esa Marat Qurbonovning xizmatlarini hech kim inkor eta olmaydi. Radzivil esa Osiyo o'yinlari o'zining 8 yillik rekordini yangiladi. Bu esa sportchi uchun haqiqatda yuksak natija.
Bu masalada Bekzod Abdurahmonov uchun ham 2018 yil muvaffaqiyatli keldi, deyish mumkin. Ba'zi muxlislar ushbu mukofotga Isroil Madrimov nomzodini loyiq deb hisoblashlari mumkin.
Biroq shuni unutmaslik lozimki, Osiyo o'yinlarida Madrimovning bayroqdor bo'lganini hisobga olmaganda, har ikkala sportchi tomonidan qo'lga kiritilgan oltinlarning qiymati bir xil. Bundan tashqari, 2020 yilgi Tokio olimpiadasi yo'llanmasi uchun Madrimovning ilk professional jangida qo'lga kiritgan kamaridan ko'ra, Abdurahmonovning Jahon chempionatidagi bronza medali ahamiyatlikroq.
Shu bilan birgalikda, “Sport sohasidagi ko'p yillik xizmati uchun” nominatsiyasining yo'lga qo'yilganini ham olqishlash mumkin. Chunki sportda katta avlod vakillarini qadrlash, ularning mamlakat sporti oldidagi mehnatlarini e'tirof etish juda yaxshi tashabbus. Bundan tashqari, Rufat Risqievning o'zbek boksi tarixidagi o'rni haqida ortiqcha gapirish ham o'rinsiz.
Bahodir Hasanov