Saloh diskvalifikatsiya qilinmaydigan bo'ldi
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 22829
Angliya futbol assotsiatsiyasi (FA) APLning 19-turi doirasida bo'lib o'tgan "Liverpul" – "Nyukasl" bahsida penalti belgilashga sabab bo'lgan vaziyat yuzasidan qaror chiqardi.
Ushbu vaziyatda himoyachi Pol Dammett mezbonlar hujumchisi Muhammad Salohning qo'lidan tortgani uchun misrlik futbolchi jarima maydonchasi ichida yiqilgandi. Hakam esa penalti belgiladi va uni Salohning o'zi muvaffaqiyatli amalga oshirdi.
Sobiq hakam Mark Xalsining fikricha, misrlik o'yinchi ushbu vaziyatda simulyatsiya ishlatgan. O'tgan mavsumda Umar Nyasse va Manuel Lansini shunga o'xshash vaziyat uchun FA tomonidan ikkita o'yinga diskvalifikatsiya qilingandi.
Ammo Angliya futbol assotsiatsiyasi kechagi o'yinda Dammet va Saloh o'rtasida kontakt bo'lgan deb hisobladi. Shu tariqa, 26 yoshli futbolchi APLning navbatdagi turida bo'lib o'tadigan "Arsenal" va "Manchester Siti"ga qarshi uchrashuvlarda maydonga tusha oladi.