Ishbilarmon «novvoslar»
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 46
So'nggi paytlarda «RB Leyptsig» uchun saviyali futbolchilarni uchirma qilish odat tusini oldi.
Ko'plab taniqli futbolchilar aynan shu klub tizimidan o'tishgan. Masalan, Joshua Kimmix. Hozirda Germaniya terma jamoasining etakchilari safiga ko'tarilgan o'yinchini «novvoslar» 2015 yilda «Shtutgart»ga atigi 1,5 mln. evroga berib yuborishgandi. Biroq jamoa tez orada savdo san'atini mukammal o'zlashtirib oldi. Quyidagi material «Leyptsig» tarixidagi qimmatbaho o'yinchilar haqida.
Ibraima KONATE
Qaerga: «Liverpul»
Qanchaga: 40 mln. evro
Konate Leyptsigga 2017 yilning yozida erkin agent maqomida «Sosho»dan o'tgandi. 4 yildan keyin u «Liverpul»ga yo'l olib, «novvoslar»ga 40 mln. daromad keltirdi. Ibraima Germaniyada mavsumlarni barqaror o'tkaza olmagan bo'lsada, top-klub talabini qondiradigan saviyaga erishdi. To'g'ri, Konatening Angliyada ham ishi yurishmayapti - dastlabk mavsumni zaxirada o'tkazdi, keyin jarohatlar xalal berdi. Ehtimol, 24 yoshli xavbek yangi mavsumda ishonchli o'yinlari bilan «qizillar» va muxlislarini mamnun etar.
Dayo UPAMEKANO
Qaerga: «Bavariya»
Qanchaga: 42,5 mln. evro
Frantsiyalik navbatdagi qahramonimiz 2015 yilda 2,5 mln. evro evaziga «Valansen»dan «RB Zaltsburg»ga yo'l olgandi. 2017 yil yanvarida u 16 mln.ga qimmatroq bahoda Leyptsigga o'tdi. U ham Konate kabi 4 mavsumni «novvoslar» safida o'tkazib, keyin Myunxen grandi tarkibidan joy oldi. Dayoning saviyasi oshganligi bahosining qimmatlashganidan bilib olish mumkin. Biroq u hozircha barqaror o'yin ko'rsata olmayapti. Shunday bo'lsada, «Bavariya»dagi 3-mavsumini o'tkazmoqda.
Timo VERNER
Qaerga: «Chelsi»
Qanchaga: 53 mln. evro
Verner «Leyptsig»ga 2016 yilda 23 mln. evaziga «Shtutgart»dan o'tgandi. Yangi jamoadagi debyut mavsumida Timo 21ta gol urdi, eng sermahsul o'yinlarini esa 2019|20 yillar mavsumida namoyish etdi - 28ta gol. Shundan keyin to'purar Londonga yo'l oldi. Biroq Londonda hujumchi 2 mavsumda jami 10ta gol urdi, xolos. To'g'ri, u tez-tez samarali uzatmalarni amalga oshirib turdi, lekin undan avvalo gol kutishgandi. Shu bois, 2022 yil yozida Timo 20 mln. evaziga Leyptsigga qaytdi va faoliyatini davom ettirmoqda.
Nabi KEYTA
Qaerga: «Liverpul»
Qanchaga: 60 mln. evro
Keyta ham Upamekano kabi jiddiy faoliyatini «Zaltsburg»da davom ettirdi, faqat u 2014 yilda «Istr» klubidan 1,5 mln evroga o'tgandi. 2 yildan keyin futbolchi 20 baravar qimmatroq bahoda Leyptsigga yo'l olgandi. Keytaning Germaniyadagi 2 mavsumi samarali o'tdi, u markaziy yarim himoyachi uchun yuksak mahsuldorlikni namoyish etdi va «Liverpul» e'tiborini jalb etdi. Gvineyalik futbolchi «qizillar» tarkibida avvalgi klublaridan ko'proq, 5 yil to'p surdi. Lekin baribir Klopp ishonchini qozona olmadi va erkin agent maqomida «Verder»ga o'tib ketdi.
Kristofer NKUNKU
Qaerga: «Chelsi»
Qanchaga: 60 mln. evro
Nkunku «novvoslar» uchun noyob topilma bo'ldi. 2019 yilning iyulida uni «PSJ»dan 19,5 mln.ga sotib olishdi. Futbolchi debyut mavsumida15 assistni amalga oshirgan bo'lsa, o'tgan mavsumda Bundesligada 16ta gol urdi. 1 yil avval 20ta gol bilan Germaniya chempionatining eng yaxshi o'yinchisi bo'lgandi. Shu yil yozida Kristofer «Chelsi»ga borib, mavsumoldi tayyorgarligi davridayoq yaxshi taassurot qoldirdi. Biroq tizzasidan jarohat olib, bir necha oyga safdan chiqdi. 25 yoshli xavbek hozir salomatligini tiklash bilan band.
Dominik SOBOSLAI
Qaerga: «Liverpul»
Qanchaga: 70 mln. evro
«Qizillar» yosh iqtidorlar borasida doimo «novvoslar»ga murojaat qiladilar. Dominik shunday o'yinchilarning biri. Vengriyalik iqtidor Germaniyaga qadar bir necha yilni Avstriyada, jumladan, «RB Zaltsburg»da o'tkazdi. 2021 yil yanvarida u 36 mln. evro evaziga «Leyptsig» a'zosiga aylandi va 91ta o'yinda 20ta gol va 22ta assistni amalga oshirdi. Hujumkor yarim himoyachi uchun risoladagidek ko'rsatkich. Shu yilning yozida uni o'z safiga jalb etgan «Liverpul» birdaniga asosiy tarkibdan joy berdi. Bir necha pozitsiyalarda yuksak saviyani namoyish eta oladigan debyutantdan Yurgen Klopp ham juda mamnun. Shu ketishda Soboslai mersisaydlar bilan uzoq vaqt hamkorlik qilishi aniq.
Yoshko GVARDIOL
Qaerga: «Manchester Siti»
Qanchaga: 90 mln. evro
Ayni pallada Gvardiol «novvoslar»ning eng qimmat sotuvi maqomida. O'zining nimalarga qodir ekanligini namoyish etish uchun xorvatlar o'g'loniga 2 yil etarli bo'ldi. Zagrebning «Dinamo»sidan 36,8 mln.ga xarid qilingan futbochi 50 mln.dan ko'proq foyda keltirdi. Hozirda Yoshko - dunyodagi eng qimmatbaho himoyachi. Endi jamoatchilik Xosepning familiyadoshidan yanada yorqinroq o'yinlarni kutmoqda. 21 yoshli iqtidor esa o'tgan mavsumda treblga erishgan jamoaning qayd etilajak muvaffaqiyatlariga munosib hissa qo'shishiga shubha yo'q.
S.RAHMONOV tayyorladi
Manba: «Interfutbol» gazetasi