So'ngi transfer yangiliklar
Messi Realga o'tmoqchi !!!
AslFUTBOL.NET - Asl Futbol muxlislar sayti
Liga 1 murabbiylar kompaniyasi
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 43

Gazetamizning avvalgi seshanba sonlarida Evropa milliy chempionatlari yangi mavsumi starti bahona APL, La Liga va «A» seriya klublari bosh murabbiylari haqida yaxlit ma'lumot taqdim etgandik sports.ru saytining qulay tasvirlari yordamida. Bugun shu mavzu davomi o'laroq, Liga 1 murabbiylari guruhiga nazar solamiz. Xo'sh, Frantsiya chempionati qaysi bosh murabbiylar bilan e'tiborga molik?
LIGA 1 (Frantsiya)
Yulduzlar guruhi qanday?
«PSJ»da hamon butunlay tartibsizlik hukmron. Lionel Messi va Serxio Ramos ketdi, Neymar ham ketdi, Kilian Mbappe ketolmay, armonda. Kristof Galte esa irqchilik masalasida muammolarga g'arq bo'ldi. Bunga Parijda kuzatilgan namoyishlarni qo'shsak, «PSJ»ning mavsum-2023/2024ga to'liq tayyor emasligi oydinlashadi. Lekin ijobiy yangiliklar ham bor - Luis Enrike bosh murabbiy rolida. Ispaniyalik mutaxassis Frantsiya chempionatiga nisbatan qiziqishni ozmi-ko'p oshiradi, baribir. Qolaversa, Loran Blan va Paulo Fonseka bor, yana Patrik Vieyra ham.
Yangi shartnomalar. Liga 1 yangi mavsumga naq 6 nafar yangi mutaxassis bilan kirishdi. Bu juda ko'p, albatta. Luis Enrike «PSJ»da, Patrik Vieyra «Strasbur»da, Marselino «Marsel»da. Marselino va «Marsel - qarang, qanday go'zal. Faqat bitta savol bor - qancha vaqtga? «Nitstsa» rahbariyati esa Turkiya qirg'oqlaridan kelgan 34 yoshli Franchesko Farioliga ishonch bildirdi. «Tuluza» Filipp Montanening sobiq assistenti Karles Martinezni bosh murabbiy roliga munosib ko'rgan bo'lsa, «Monako»da o'tgan mavsum Menxengladbax «Borussiya»sini boshqargan Adi Xyutter ish boshladi.
Kimlarni alohida kuzatish kerak? Paulo Fonsekaning «Lill» va Loran Blanning «Lion»dagi faoliyatini ko'rish qiziqarli, albatta. Har ikkisi «PSJ»ning kuchsizlanganidan foydalanib, chempionlikka da'vo ochishi mumkin. Yana yosh Franchesko Farioli «Nitstsa»da nima qilishini alohida ko'rish kerak. Ehtimol, yana bir sehrli loyiha yuzaga qalqib chiqar... Luis Enrike esa yangilanayotgan «PSJ»da muvozanatni topish uchun ancha bosh qotirishi zarur. Umuman olganda, Liga 1 kengliklarida joriy mavsum ko'rishga arziydigan ishlar etarli.
Kim birinchi bo'lib iste'foga chiqishi mumkin? Yum-shoq aytganda, Patrik Vieyra murabbiylik faoliyati uchun yana bir marta murakkab variantni tanladi. Har holda, «Strasbur»ni bilib bo'lmaydi va bu klub frantsiyalik mutaxassisning sohadagi yurishini batamom cheklab qo'yishi hech gap emas. Shuningdek, Karles Matrinezning «Tuluza»da og'ir sinov kutayotgani aniq. Bu klub evrokuboklarda ham o'ynashini unutmaslik kerak. Qisqasi, ichki va tashqi yurish yosh murabbiyga ham, klubning o'ziga ham qiyinchilik tug'dirishi mumkin.
Yana nima? «Reyms» murabbiyi Uill Still atigi 30 yoshda. «Mets» aksincha, 70 yoshli Laslo Boloni boshqaruvida. Qarang, ikkisining yoshi o'rtasida 40 yillik farq bor. Shu ma'noda «Reyms» va «Mets» qarama-qarshiligini tomosha qilish qiziq. Umuman, Frantsiyada nafaqat ko'chalar beqaror, balki murabbiylar kursisi ham mustahkam emas. Deylik, Liga 1da murabbiylarga bog'liq ishlash davomiyligi bo'yicha o'rtacha ko'rsatkich 1 yildan ham past.
A.AHMEDOV tayyorladi
Manba: «Interfutbol» gazetasi