Gvardiola: «Hozirda «Liverpul» va «Tottenxem» bizdan kuchliroq»
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 16930
«Manchester Siti» bosh murabbiyi Pep Gvardiola Angliya chempionatining 19-turi doirasida bo'lib o'tgan «Lester»ga qarshi o'yin (1:2) borasida o'z fikrlarini bildirib o'tdi.
«Bugungi bahs ham «Kristal Pelas»ga qarshi o'yinga o'xshash bo'ldi. Biz uchrashuvni yaxshi boshladik, ammo raqibning ilk hujumidayoq gol o'tkazib yubordik. Bunday vaziyatlarda bizga ruhiy kuch etishmayapti.
Buni to'g'ri tushungan holda sidqidildan ishlashimiz lozim. O'zimizga ishonchni qaytarish uchun bitta o'yinda g'alaba qozonishimiz kerak. Tabiiyki, o'z darvozamiz daxlsizligini saqlay olmayotganimiz bizni xavotirga solmoqda. Futbolda muhimi — natija. Biz esa mag'lub bo'ldik.
To'rt kundan keyin navbatdagi o'yinda maydonga tushamiz. O'z ustimizda ishlaymiz va o'zgacha kayfiyatda maydonga tushamiz.
Mavsum hali olis. Ishlashimiz kerak bo'lgan jihatlarimiz bor. Ko'p vaziyat yaratish uchun bizga kuch etishmadi. Biz vaziyatdan chiqib ketish uchun echim topishimiz kerak.
«Liverpul» va «Tottenxem» jadvalda haqli ravishda bizdan yuqorida turibdi. Ular o'z o'yinlarida g'alaba qozonishmoqda, biz esa yo'q. Oradagi farq oshdi. O'tgan mavsumda biz katta farq bilan oldinga o'tib ketgandik. Ushbu mavsumda «Liverpul» va «Tottenxem» juda yaxshi o'ynamoqda.
Mavsumning birinchi yarmi ortda qoldi. Chempionlikni qo'lga kiritish uchun etarli ochkolarga egamiz, lekin boshqa jamoalar yaxshiroq ildamlamoqda. Ular hozirda bizdan kuchliroq.
Futbolda oldindan hech narsani aytib bo'lmaydi. U shunisi bilan go'zal. Odamlar o'tgan mavsumda bizga oson bo'lganini aytmoqda, aslida unday emas. O'tgan mavsumda ham qiyin bo'lgandi», – dedi Gvardiola.