Bolalar futboli xabarlari: Navoiy va Shoximardonda musobaqalar bo'lib o'tdi
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 319
Farg'ona viloyatining eng chekka va tog'li hududlaridan biri – Shohimardonda 20-21 iyul kunlari mahallalar o'rtasida “Yozgi ta'til” futbol musobaqasi o'tkazildi. Ushbu musobaqani o'tkazishdan maqsad eng avvalo tog'li hududlarda yashovchi bolalarni futbolga jalb etish, ular o'rtasida musobaqa o'tkazish orqali sog'lom turmush tarzini targ'ib etish, yozgi ta'til kunlari o'quvchi-yoshlarni bo'sh vaqtlarini mazmunli o'tkazishlari uchun ko'maklashishdan iborat. Tashkil etilgan musobaqada Shohimardon va Yordon mahallalarida istiqomat qiluvchi 50 nafarga yaqin bolalar ishtirok etdilar.
Futbol assotsiatsiyasi, viloyat jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi bilan hamkorlikda o'tkazilgan ushbu blits turnirda munosib ishtirok etgan bolalarga O'zbekiston futbol assotsiatsiyasi tomonidan taqdim etilgan sovg'alar, kubok va diplomlar topshirildi.
Ayni kunlarda Respublikamizning barcha viloyatlarida bolalar oromgohlari dam oluvchilari o'rtasida "Yoz o'tmoqda soz" mini futbol festivali ham o'tkazilmoqda. Navoiy viloyatining "Oftobjon" bolalar oromgohida ham ana shunday tadbir bo'lib o'tdi. 22 iyul kuni kun davomida oromgohning uchta guruhida dam oluvchilar mini futbol bo'yicha musobaqalarga kirishdilar. Kechga borib musobaqalarning final o'yinlari o'tkazilib, g'oliblar aniqlandi.
So'lim oromgohning stadionda boshlangan mini futbol musobaqalari katta sport bayramiga aylanib ketdi. G'olib jamoalarga O'zbekiston futbol assotsiatsiyasining kubok, diplom, medal va esdalik sovg'alari topshirildi.