Bugun JCh-2022 ikkinchi saralash bosqichiga qur'a tashlanadi
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 968
Bugun butun Osiyo qit'asi diqqat-e'tibori Malayziya poytaxti Kuala Lumpurda joylashgan Osiyo futbol konfederatsiyasi bosh qarorgohiga qaratiladi.
U erda Jahon chempionati-2022 hamda Osiyo kubogi-2023 musobaqalari saralash bahslariga qur'a tashlash marosimi bo'lib o'tadi.
Jami 40 ta yurt terma jamoalari saralashdagi o'z raqiblari nomini bilib oladi. Birinchi saralash bosqichida zafar quchgan 6 ta terma jamoa ushbu ikkinchi bosqichga avtomatik tarzda yo'l olgan 34 ta yurt termalari bilan birgalikda jami 5 ta savatga ajratib chiqilgan. Natijada har bir guruhda 5 tadan ishtirokchi bo'ladi va guruhlar soni 8 tani tashkil etadi. Saralash bahslari yakunida guruhda 1-o'rinni band etadigan 8 ta terma jamoa va 2-o'rin sohiblari ichidagi eng yaxshi natijaga ega yana 4 ta terma jamoa Osiyo kubogi-2023 final bosqichiga yo'l olish bilan birgalikda Jahon chempionati-2022 saralashining ham yakuniy hal qiluvchi bosqichi yo'llanmasini rasmiylashtiradi.
O'zbekiston milliy terma jamoasi 2-savatdan o'rin olgan.
Qur'a tashlash marosimi Toshkent vaqti bilan soat 14:00da boshlanadi.