Universiada-2019: Delegatsiyamiz musobaqani 8 ta medal bilan yakunladi
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 1338
Italiyaning Neapol shahrida talabalar o'rtasida Butunjahon Universiada o'yinlari yakuniga etib bormoqda. Bugun musobaqaning so'nggi kun bellashuvlari bo'lib o'tadi. Reglamentga ko'ra, ushbu kun doirasida suv polosi bo'yicha uchinchi o'rin va g'oliblik uchun 2 ta uchrashuv o'tkaziladi xolos. Qolgan barcha bellashuvlarda g'oliblar nomi aniq bo'ldi.
Tennischimiz Humoyun Sultonov yakkalik bellashuvlarida ham finalda ishtirok etib, kumush medalga sazovor bo'ldi. Tennischilarimizning umumjamoa hisobida birinchi o'rinni qo'lga kiritgani evaziga yana bir oltin medal yozildi. Musobaqa reglamentiga ko'ra, ochkolar bo'yicha tennis bahslarida umumjamoa hisobida birinchi o'rinni egallagan jamoaga ham yana bir oltin medal beriladi.
Shu tariqa O'zbekiston delegatsiyasi bu yilgi Universiada o'yinlarini 2 ta oltin, 2 ta kumush va 4 ta bronza, jami 8 ta medal bilan yakunladi. Eng ko'p medallarni Yaponiya terma jamoasi jamg'ardi. Kun chiqar yurt vakillari 33 ta oltin, 21 ta kumush va 28 ta bronza medallarini to'plashga muvaffaq bo'ldilar. Bu natija bilan delegatsiyamiz musobaqani umumjamoa hisobida 112 mamlakat orasida19-pog'onada yakunlamoqda. Bu Osiyo mamlakatlari orasida oltinchi, Markaziy Osiyo mintaqasi bo'yicha esa eng yaxshi natija bo'ldi. Qo'shni Qozog'iston Respublikasi talaba sportchilari Universiadada 1 ta oltin, 5 ta kumush va 1 ta bronza medalini jamg'arishdi.
Neapol Universiadasida qo'lga kiritilgan medallarimiz:
Oltin:
Tennis (juftlikda, Humoyun Sultonov va Sanjar Fayziev)
Tennis (umumjamoa hisobida)
Kumush:
Niyoz Po'latov (taekvondo, -63 kg.)
Humoyun Sultonov (tennis, yakkalik)
Bronza:
Diyora Keldiyorova (dzyudo, -52 kg.)
Hikmatilloh To'raev (dzyudo, -73 kg.)
Muhammadkarim Xurramov (dzyudo, -100 kg.)
Davlat Bobonov (dzyudo, mutlaq vazn)