So'ngi transfer yangiliklar
Messi Realga o'tmoqchi !!!
AslFUTBOL.NET - Asl Futbol muxlislar sayti
Xalqaro kurash assotsiatsiyasida yil laureatlari aniqlandi
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 7719

Xalqaro Kurash assotsiatsiyasi Yangi yil arafasida yakuniga etib borayotgan sport mavsumi g'oliblarini e'lon qildi. E'tiborli jihati, joriy yilgi laureatlar to'qqizta nominatsiyaga ko'ra aniqlandi.
“Yilning eng yaxshi ayol kurashchisi” nominatsiyasida g'oliblik Jakartada tashkil etilgan Osiyo o'yinlari hamda Hindistonda o'tgan Osiyo chempionati g'olibi, hamyurtimiz Gulnor Sulaymonovaga nasib etdi.
Eronlik taniqli polvon, 81 kg.gacha bo'lgan vazn toifasida Osiyo o'yinlari va qit'a chempionati g'olibi, shuningdek, sohibqiron Amir Temur xotirasiga bag'ishlab Prezident sovrini uchun Shahrisabzda o'tkazilgan VII Xalqaro turnir chempioni Ilyos Ali Akbari “Yilning eng yaxshi kurashchisi” nominatsiyasida g'olib, deb topildi.
Eng yaxshi ayol hakam sifatida Xitoy Taypeyi vakilasi Xo Pi Yen e'tirof etilgan bo'lsa, erkaklar orasida ushbu nomga janubiy koreyalik Kim Sukil munosib ko'rildi.
“Yilning eng yaxshi turniri” nominatsiyasida Indoneziyada o'tkazilgan XVIII yozgi Osiyo o'yinlari dasturidan o'rin olgan kurash musobaqalari e'tirof etildi. Ta'kidlash joiz, Kurash birinchi marotaba rasman Osiyo o'yinlari dasturiga kiritildi. Qolaversa, musobaqa yuksak saviyada tashkil etilib, OAV orqali ham keng yoritildi.
“Kurash rivojiga munosib hissa qo'shgan eng yaxshi milliy federatsiya”yo'nalishida Italiya kurash federatsiyasi g'olib chiqdi. Boisi, Italiya kurash federatsiyasi cheklangan moliyaviy imkoniyatlar bilan ham samarali faoliyat olib bordi, italiyalik polvonlar esa deyarli hech bir musobaqani o'tkazib yuborishmadi. Qolaversa, birinchi marta Italiyada murabbiylar uchun seminar tashkil etildi.
“Kurash rivojiga munosib hissa qo'shgan eng yaxshi mintaqaviy federatsiya”nominatsiyasida g'oliblik Panamerika kurash ittifoqiga nasib etdi.
“Yil g'alabasi” nominatsiyasida g'oliblikni bir yo'la ikki milliy federatsiya qo'lga kiritdi. Quvayt kurash federatsiyasiga sovrin ushbu mamlakat polvonlari ilk bora Osiyo o'yinlarining kurash musobaqalarida bronza medaliga sazovor bo'lishgani uchun berildi. Hindiston kurash federatsiyasi esa ushbu yurt kurashchilari Jakarta gilamlarida bittadan kumush va bronza medalini qo'lga kiritishgani uchun sovringa munosib ko'rildi.
Nihoyat “Jahonda kurash rivojiga qo'shgan munosib hissasi uchun” nominatsiyasida O'zbekiston kurash federatsiyasi g'olib bo'ldi.
Joriy yilda mazkur sport tashkiloti tomonidan yurtimizda Prezident sovrini uchun uchta nufuzli musobaqa (Shahrisabz, Xiva va Toshkent shaharlarida) yuksak saviyada tashkil etildi. Qolaversa, dunyo miqyosida ham milliy sport turimizni ommalashtirish yo'lida samarali faoliyat olib bordi.
Biz barcha g'oliblarni muborakbod etamiz.