O'zbekiston taekvondo assotsiatsiyasiga yangi rahbar saylandi
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 1424
Bugun O'zbekiston taekvondo WTF assotsiatsiyasida tashkilotning navbatdan tashqari hisobot-saylov konferentsiyasi bo'lib o'tdi. Unda Milliy Olimpiya qo'mitasi prezidenti Rustam Shoabdurahmonov, Jismoniy tarbiya va sport vazirining birinchi o'rinbosari Oybek Kasimov, shuningdek, sport jamoatchiligining qator vakillari ishtirok etishdi. Konferentsiyada tashkilotga yangi rahbar saylash kun tartibiga qo'yilgan eng asosiy masala edi.
Ma'lumki, O'zbekiston Milliy Olimpiya qo'mitasi vitse-prezidenti sifatida faoliyat olib borgan Ahmadjon Rahimov kuni kecha bir vaqtning o'zida O'zbekiston taekvondo assotsiatsiyasining raisi lavozimidan ham iste'foga chiqqan edi. Uning o'rniga assotsiatsiya rahbarligiga Sherzod Toshmatov nomzodi taklif etildi. Konferentsiya ishtirokchilari ushbu nomzodni bir ovozdan ma'qullashdi va Sh.Toshmatov O'zbekiston taekvondo assotsiatsiyaning yangi raisi sifatida e'lon qilindi.
Ma'lumot uchun, Sherzod Toshmatov bungacha O'zbekiston boks federatsiyasi raisining birinchi o'rinbosari lavozimida faoliyat olib borgan. Uning boshchiligidagi terma jamoamiz Rio Olimpiadasi va 2 yil muqaddam Toshkentda o'tgan Osiyo chempionatida yuqori natijalar qayd etib, har ikki musobaqada ham umumjamoa hisobida birinchi o'rinni egallagan edi.
O'zbekiston Milliy Olimpiya qo'mitasi Sherzod Rixsibaevichga yangi faoliyatida ham omad va zafarlar tilab qoladi.