«PSJ»ga gol urgan Shupo Moting va Gnabri haqida
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 71
Kecha Messi va Mbappeni Chempionlar Ligasidan chiqarib yuborgan gollarni Erik Shupo Moting va Serj Gnabri urishdi. G'alati-a? Xuddi boshqa darajadagi ikki jamoa a'zolari nomini tilga olayotgandekmiz.
Shupo Moting Germaniyadagi bir necha mavsumlardan so'ng, 2017 yilda “Stok Siti”ga o'tgan. Erkin agent sifatida. Ya'ni “Shalke 04” u bilan yangi shartnoma tuzmagan ham. “Stok Siti”da bir mavsumda 5 ta gol urgan va bu ingliz top-klublarining e'tibori uchun etarli emas. Menimcha, hozir ham uni biror ingliz top-klubi o'ziga chorlamagan bo'lardi. “Stok” APLdan tushib ketgach, uni chorlaydigan biror ingliz klubi topilmadi ham. Zaxira variant sifatida avval “PSJ”, keyin “Bavariya”da yurgan Erik EChL pley-offda gol uryapti.
Serj Gnabri “Arsenal” tarbiyalanuvchisi, Venger jamoasida ishonchni oqlamagach, “Vest Bromvich”ga berilgan. U erda ham o'zini ko'rsata olmagan. Germaniyaga qaytgach, avval “Verder”, “Xoffenxaym”, keyin “Bavariya”da o'zini ko'rsata olmadi. To'g'ri, hozir u asosiy o'yinchi emas, ammo kovid-mavsumida “Bavariya”ning etakchilaridan biri bo'lgan, EChL yarimfinalida gollar urgan.
Yo'q, inglizlar javohirlarni payqamagan, qo'ldan chiqargan, ana, demoqchi emasman.
Aytmoqchimanki, ikkisiga ham hech qachon katta narxlar to'lanmagan, ko'p narsa kutilmagan. Hozir ham, o'ylaymanki, Evropa darajasidagi yulduzlar emas. Ammo agar yaxshi tizimga qo'yilgan, muvozanatli jamoa, kuchli murabbiylar bo'lsa, ular bilan ham “ovga borsa bo'ladi”.
Bilmadim, “PSJ” safida yoki umuman Frantsiyada qancha “gnabrilar” bor, balkim boshqa yo'ldan yurish kerakdir? Hech bo'lmasa, Frantsiya chempionati qiziydi, “PSJ” uchun mavsum EChL bilan birga tugab qolavermaydi.
Qahramon Aslanov.