Angliya ustozining niyati jiddiy: u shogirdlarini Jahon chempioni qilmoqchi
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 55
Angliya bugun tunda Frantsiyaga qarshi maydonga chiqadi. Ko'pchilik tomonidan "finaldan oldingi final" deya e'tirof etilayotgan ushbu bahs, bizga katta taassurotlarni hadya etadi degan umiddamiz.
Angliya termasi ustozi Garet Sautgeyt o'yindan oldin matbuot anjumanida ishtirok etdi. Unga 18 dekabrda bosh sovrinni qo'lga kiritsangiz nima qilgan bo'lardingiz degan savol berildi. Shunda ingliz mutaxassisi shunday deydi:
"Oh, bilasizmi bu boshqacha bo'lgan bo'lardi. O'ta xursand bo'laman, hamma kabi. Ammo oldidan biror nima deyish qiyin. Bilasiz, oldimizda amaldagi chempionlar turibdi".
Angliya yarim finalga chiqishi va Rossiyadagi natijasiga erishishi uchun, avvalo frantsuzlar to'sig'idan o'tib olishi kerak bo'ladi. Sautgeyt esa o'z jamoasiga Frantsiyaning super tarkibini yutishda katta ishonch bildirdi. Uning fikricha, hozirgi Angliya bundan to'rt yil oldingisiga o'xshamaydi:
"Bo'lajak o'yindagi men uchun eng muhim narsa bu futbolchilarning ruhiy va aqliy salohiyatini ushlab turish bo'ladi. Albatta, biz taktik jihatdan yaxshi tayyorgarlik ko'rdik. Ammo haqiqiy o'yinning katta bosimi bo'ladi va men bu bosimga futbolchilarimning turib bera olishini ta'minlashim lozim. Mana shu narsani butun dunyoga isbotlay olishimiz kerak. Futbolchilarning kayfiyati a'lo darajada. Futbolda oldingizdagi o'yin doimo muhim bo'ladi. Agarda bundan to'rt yil oldin mendan finalga, Frantsiya kabi jamoaga qarshi kurashishga tayyormisiz deb so'raganingizda, ehtimol, o'ylanib qolardim. Hozir esa unday emas. Men bugun ishonch bilan bu savolga HA deb javob berman. Chunki bizda yaxshi natijalar bor va bu isbotdir".
Jamoa sardori Xarri Keyn Angliyaga ishonishini va Frantsiyani mag'lub qila olishni aytdi: "2018 yilda yarim final biz uchun katta marra bo'lgan. Finalga chiqishni o'ylamaganmiz ham. Hozir esa biz kuchliroq bo'lib qaytdik. Evropa chempionatida penaltilar sabab imkoniyatni boy berdik. Bugungi o'yinga 2018 yilga qaraganda kuchliroq ishonch bilan keldik. Biz Frantsiyaga qarshi o'yinni chorak final deb bilmaymiz. Biz buni kubokkacha tashlanadigan bir qadam sifatida qabul qilamiz".
ISMATOV J.