So'ngi transfer yangiliklar
Messi Realga o'tmoqchi !!!
AslFUTBOL.NET - Asl Futbol muxlislar sayti
«Liverchester Sinayted» nega ingliz klublari shunchalik omadli?
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 484
Ma'lumki, bu mavsum evrokuboklar finalida Angliya klublari misli ko'rilmagan natijaga erishdilar.
Boshqacha aytsak, EChL va EL finallariga APLning birdaniga to'rt klubi - «Liverpul», «Tottenxem», «Arsenal» va «Chelsi» yo'l olishdi. Qisqasi, bu mavsum APLga ataldi. Shu munosabat bilan ayrim xorijlik hamkasblarimiz ingliz jamoalarining muvaffaqiyatiga nima sabab bo'lgani haqida bosh qotirishdi va birmuncha qiziqarli fikrlarni ilgari surishdi.
Rahmat senga, Platini!
«Liverpul» va «Tottenxem», «Arsenal» va «Chelsi»... Bir-ikki yillar oldin shu to'rtlik bir mavsumda EChL va EL finaliga chiqishi mumkinligi haqida umuman o'ylab ko'rmagan bo'lardik. Chunki bir tomondan, bunaqasi hali tarixda kuzatilmagan, ikkinchi tomondan esa «Siti» hamda «Yunayted»ning superyulduzlar uchun ko'r-ko'rona pul sarflashlaridan so'ng, mantiq bo'yicha, aynan shu klublar evroturnirlar finaliga yo'l olishlari lozim edi.
Ammo ko'rinib turibdiki, qachonlardir Mishel Platini ilgari surgan va amalga tatbiq etgan g'oya - «moliyaviy feyr-pley» ish berishni boshladi. Biz buni Angliya misolida yaqqol sezyapmiz. O'shanda hammani bir savol o'ylantirgandi: xo'sh, grandlarning karmonini qanday nazorat qilamiz?! Qarangki, bu juda oson ekan - shunchaki, ularga transferni taqiqlab qo'yilsa, bas. To'g'ri, qaysidir lahzalarda qoidalarni chetlab o'tish ham mumkindek tuyulgandi. Biroq shunday yo'l tutishni istagan va shayxlar pulida «cho'milgan» «Siti» yoxud «PSJ» evrokuboklarda nimaga erishdi? Deyarli hech nimaga.
O'zi aslini olganda, so'nggi yillarda butun Evropa Britaniya klublari ustidan kulishni boshlagandi. Zero finalgacha bo'lgan bosqichlarda «Liverchester Sitinayted» kabi nomlar qanchalik kuchli va engilmas tuyulmasin, oxir-oqibatda, g'olib yo «Real» yoxud «Barselona» bo'lishiga o'rganib qoldik. Shuningdek, «Bavariya» ham aksariyat hollarda ingliz jamoalari yo'lini to'sardi. E'tibor bering: so'nggi bor APL vakili («Chelsi») EChL bosh sovrinini 2012 yilda, xuddi o'sha «feyr-pley» joriy etilgan paytda qo'lga kiritgan ekan. Mana, oradan etti yil o'tib, yangi «Evropa qiroli» yana «angliyalik» bo'ladi. Qizig'i shundaki, biz buni hali final o'tmasidan turib bilamiz. Zo'r-a?! Buning uchun Platiniga alohida minnatdorlik bildirsak, arziydi.
«Liverpul» va «Tottenxem»ning ekotizimi
Ana endi yana asosiy savolga qaytamiz: xo'sh, frantsiyalik amaldor aslida nimani reja qilgandi? Platini kuchli va kuchsiz, puldor va qashshoq klublarning darajasini tenglashtirishni, jamoalar faqat pul yordamida emas, manfaatli selektsiya hamda kuchli menejment orqali rivojlanishini istardi. Xullas, UEFA joriy etgan «moliyaviy feyr-pley» mantig'i quyidagicha: uch yil oralig'ida istalgan klubning buromadi (sarflagan mablag'i) umumiy daromaddan besh foizgina oshib ketishi mumkin. Bundan ortig'i - taqiqlanadi. Mazkur yangilikdan so'ng hech kim, hatto arab shayxlari ham pullarini o'zi istagancha sarflay olmay qolishdi. To'g'ri, «PSJ» bir amallab «Barselona»dan Neymarni «o'g'irlab keldi», ammo yuqorida aytganimizdek, bu parijliklarga nima berdi? Hech nima...
Bu vaqtda esa «Liverpul» va «Tottenxem» singari klublar yuzaga kelgan imkoniyatdan unumli foydalanib, sezilarli darajada o'sishga muvaffaq bo'lishdi. Aniqroq aytganda, ular yangi porlab chiqayotgan yosh futbolchilarni arzimas pulga xarid qilishni, keyin esa ularni top-darajaga olib chiqishni maqsad qilgan o'z ekotizimlarini yaratib olishdi. Buning uchun klublar avvalo, nafi tegmayotgan, ammo katta maosh olayotgan faxriy futbolchilardan butunlay voz kechishdi. «Tottenxem» esa hatto, kerakli chiziqlarni kuchaytirib olganidan so'ng umuman yangi futbolchilarni sotib olishni to'xtatdi. To'g'ri, «qizillar» ayrim superxaridlarni (himoyachi Virjil van Deyk - 84 mln. evro, darvozabon Alisson - 62,5 mln., Nabi Keyta va Fabino -105 mln. dollar) amalga oshirishdi, ammo shu bilan birga, ular kerakli vaqtda Koutinoni 135 million evaziga «Barselona»ga pullab, «balans»ni to'g'rilab olishdi.
Qisqasi, «Liverpul» va «Tottenxem» mana shu o'tgan davr mobaynida kelajak uchun yaxshigina tarkib tuzib olishdi. Deylik, 1980 yillarda tug'ilgan futbolchilar ikki jamoada atigi 9 nafargina, xolos va ular Yurgen Klop hamda Maurisio Pochettinoning ishlashiga xalal bermay, aksincha, murabbiylarni imkon qadar qo'llab-quvvatlashmoqda.
«Arsenal» an'anasi
Biz yuqorida «Liverpul» hamda «Tottenxem»ga qo'proq e'tibor qaratdik, ammo evrokuboklarning 2018|2019 yillar mavsumidagi barcha kashfiyot klublari aynan «moliyaviy feyr-pley» tufayli shu darajaga etishganini unutmaslik lozim. Misol uchun, bundan uch yillar avval «Ayaks» va «Ayntraxt» klublaridagi futbolchilarni o'z muxlislaridan boshqa hech kim tanimasdi, hisob. Endi EChL va EL finaliga chiqishiga bir bahyagina qolgan klublar hammaning asosiy mavzusiga aylandi. Biz esa shuni ta'kidlashni istardikki, Platinining islohotlari bo'lmaganida, amsterdamliklar ham, frankfurtliklar ham yarim final bosqichini faqat tushlarida ko'rishardi.
Xullas, biz yana Angliyaga qaytamiz. Evropa Ligasining bu yilgi finaliga, Bokuga yo'llanmani birinchi bo'lib hal qilgan «Arsenal»da Platinining g'oyasiga qadar ham pulni aql bilan ishlatish an'anasi mavjud bo'lgan. Xususan, Arsen Venger 1990-yillardayoq e'tiborini saviyali, ammo narxi arzon futbolchilarga qaratardi. Aynan shu sababli ham londonliklar tarkibida bir paytlari sharqiy evropalik yigitlar ham to'p surish baxtiga muyassar bo'lishgan: ukrainalik Oleg Lujniy, belarus Aleksandr Gleb, latviyalik Igor Stepanov...
Qimmatbaho xaridlardan kechish «kanonirlar»ning «Xayberi» stadionidan «Emireyts»ga (ayni vaqtda «Tottenxem» xuddi shu holatda) ko'chib o'tishi bilan ham bog'liq edi. Buning natijasida Andrey Arshavinning «Zenit»dan Londonga 15 million funtga ko'chib o'tishi o'sha paytda «Arsenal» tarixidagi eng qimmat xarid deb baholangandi!..
Unai Emeri shogirdlariga 29 may kuni Bokuda qarshilik qiladigan «Chelsi»da esa holat biroz boshqacharoq. Chunonchi, rossiyalik milliarder Roman Abramovichga tegishli hisoblangan klub hozircha «eski aqidalar» tarafdori bo'lib turibdi va jamoa xo'jayini uchun qaysidir sovrinni yutish - hammasidan muhimroq. Ammo qattiqqo'l UEFA «Chelsi»dagi ayrim muammoli vaziyatlar sabab, klubga yangi futbolchilarni ro'yxatdan o'tkazishni taqiqladi. Bu esa shuni anglatadiki, «Chelsi» agar zamonaviy futboldan ortda qolishni istamasa, o'z falsafasini o'zgartirishi lozim.
Tarix o'zgarganida...
Bir mavsumning o'zida bir mamlakatning to'rt klubi xalqaro turnirlarda finalga chiqishi chindan ham, noyob holat. Bungacha esa musobaqalarda uchta «vatandosh» va bitta «begona» klublar to'qnash kelishganini ko'p bora kuzatganmiz. Quyida ana shunday holatlarni yodga olamiz.
* UEFA Kubogining 1979|1980 yillar mavsumidagi finali nemis klublari ishtirokida o'tgan. O'shanda Menxengladbaxning «Borussiya»si va «Ayntraxt» ikki o'yindan iborat kurashda o'zaro munosabatlarga oydinlik kiritishgan. Menxengladbaxdagi ilk o'yin mezbonlarning 3:2 hisobidagi g'alabasi bilan yakunlanadi. Frankfurtda esa «Ayntraxt»ning qo'li baland keladi - 1:0. Safarda urilgan gol ustunligi esa «Ayntraxt»ni turnir g'olibiga aylantiradi. Chempionlar Kubogining o'sha yilgi finalida esa «Gamburg» «Nottingem Forest»ga Madridda yutqazib qo'yadi - 0:1.
* Mavsum-1989|1990 italyancha ko'rinish olgan. UEFA Kubogi uchun «Yuventus» va «Fiorentina» bellashadi va Turindagi o'yin «keksa senora»ning 3:1 hisobidagi g'alabasi bilan nihoyasiga etadi. Florentsiyadagi javob o'yinida hisob ochilmagani uchun sovrin «Yuventus»ga nasib qiladi. Chempionlar Kubogi finalida esa «Milan» Venada «Benfika»ni ranjitadi - 1:0. Demak, har ikki evrokubok bitta mamlakatning ikki klubiga nasib qilgan va inglizlar bu borada rekordchi hisoblanishmaydi.
* «A» seriya vakillari mavsum-1994|1995da ham o'zlarini ko'rsatishgan. Jumladan, UEFA Kubogi finali «Parma» va «Yuventus» ishtirokida o'tib, sovrin «Parma»da ketgan. Chunki Nevio Skala jamoasi o'z maydonidagi ilk o'yinda 1:0 hisobi bilan raqibni engib, javob bahsida, Turinda durangga erishgan - 1:1. Narigi musobaqada esa «Ayaks» g'olib bo'lgan. Amsterdamliklar o'shanda «Milan» ustidan Venada muvaffaqiyatga erishishgandi - 1:0.
* Italiyaliklarning Evropadagi hukmronligi 1997|1998 yillar mavsumida ham davom etdi. Parijda o'tgan va ilk marta birgina o'yindan iborat bo'lgan UEFA Kubogi finalida «Inter» «Latsio»ni yirik hisobda engdi - 3:0. Chempionlar Ligasi finalida esa «Yuventus» Amsterdamda «Real» bilan kuch sinashib, yagona gol evaziga mag'lubiyatni tan oldi - 0:1.
* So'nggi o'n yillikka kelib, evrokuboklarning hal qiluvchi bahslari asosan ispanlar ishtirokida o'ta boshladi. Misol uchun, mavsum-2013|2014da «Sevilya» Evropa Ligasi finalida «Benfika»ni penaltilar seriyasidan so'ng mag'lubiyatga uchratadi. Lissabondagi EChL finali esa «Madrid derbisi»ga aylanadi va unda Karlo Anchelottining «Real»i «Atletiko»ni 4:1 hisobida ishonch bilan engadi.
* Xuddi shu ko'rinish mavsum-2015|2016da ham takrorlangan. Ya'ni «Sevilya» yana Evropa Ligasi oltin medallarini Bazeldagi finalda «Liverpul»ni engib, qo'lga kiritadi - 3:1. Chempionlar Ligasida esa yana «Real» hamda «Atletiko» klublari to'qnash kelishadi. Farqi shundaki, bu gal «Real» nisbatan qiyinchilikka uchrab, asosiy vaqtda «Atletiko»ni enga olmaydi - 1:1. Ammo penaltilar seriyasida baribir, «Qirollik klubi» ustunlik qiladi - 5:3.