O'zbekiston amputantlar terma jamoasi taqdirlandi
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 55
O'zbekiston futbol assotsiatsiyasida Turkiyada bo'lib o'tgan Jahon Chempionatida muvaffaqiyatli ishtirok etgan O'zbekiston amputantlar terma jamoasi bilan uchrashuv bo'lib o'tdi. Unda O'FA rahbariyati, Sportni rivojlantirish vazirligi mutasaddilari hamda OAV vakillari ishtirok etdi.
Ravshan Irmatov amputantlar terma jamoamizni O'FA prezidenti Abdusalom Azizov, Sportni rivojlantirish vaziri Adham Ikramov, qolaversa, butun futbol jamoatchiligi nomidan Jahon Chempionatidagi munosib ishtirok bilan tabrikladi. Ushbu natijaning ortida ulkan iroda va matonat turganini aytib, bu futbolchilar xalqimizni mehrini qozongani, yoshlarimizga esa haqiqiy namuna va o'rnak bo'lganini ta'kidlab o'tdi. Vatan sha'ni va obro'-e'tiborini qanday himoya qilish kerakligini yana bir bor barchaga namoyish qilganini e'tirof etdi.
Uchrashuv davomida vazir o'rinbosari Shahrullo Mahmudov jamoaning mundialda qayd etgan natijalariga to'xtalib, musobaqa davomida jamoamiz Kolumbiya, Italiya, Ispaniya kabi jamoalarni mag'lub etilganini alohida ta'kidlab o'tdi. Shuningdek, Sportni rivojlantirish vazirining maslahatchisi Avaz Karimov jamoaning ko'rsatgan o'yini tahsinga sazovor ekanligini aytib, futbolchilarni samimiy tabrikladi.
Jamoamizning keyingi musobaqalarda yanada yuqori natijalar qayd etishiga ishonch bildirildi. Bundan tashqari, faoliyatini murabbiy sifatida davom ettirish istagida bo'lgan terma jamoa vakillariga O'FA tomonidan murabbiylik kurslarida bepul o'qish imkoniyati taqdim etilishi ma'lum qilindi. Yurtimizda o'tkaziladigan yirik musobaqalar doirasidagi uchrashuvlarni tomosha qilish uchun jamoa a'zolariga maxsus joylar ajratilib, boshqa terma jamoalar bilan tajriba almashinuvi yo'lga qo'yiladi.
O'z navbatida, jamoa nomidan terma jamoa bosh murabbiyi Rustam Mehmonov o'z fikrlarini bildirib o'tdi va samimiy qutlovlar uchun minnatdorchilik bildirdi. Uchrashuv yakunida O'zbekiston amputanlar terma jamoasining 3 nafar faxriy a'zosiga «O'zbek futboli rivojiga qo'shgan hissasi uchun» ko'krak nishoni taqdim etildi. Tadbir yakunida terma jamoaning barcha a'zolari O'FA belgisi va pul mukofotlari bilan taqdirlandilar.