Muxlis badaniga dastxat!
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 46
Argentina va Yamayka (3:0) milliy jamoalari o'rtasida kechgan o'rtoqlik o'yinida qiziq voqelik kuzatildi.
Nyu-Yorkda tashkil etilgan uchrashuv vaqti 3 nafar muxlis maydonga bostirib kirishga urindi. Ulardan biri Lionel Messi bilan suratga tushmoqchi bo'ldi, biroq styuardlar bunga yo'l qo'yishmadi. Yana bir fanat Leo oldiga yaqinlashish yo'lini topdi va badaniga dastxat tushirib oldi. U shundan so'ng stadion nozirlari hamrohligida mahkamaga olib ketildi.
O'yinningg o'ziga kelsak, Lionel Messi «dubl»ga erishish asnosida Argentina milliy jamoasi libosidagi gollari sonini 90taga etkazib qo'ydi. «PSJ» hujumchisi shu tariqa jahon milliy jamoalari to'purarlari ro'yxatida 3-o'ringa ko'tarildi. Argentinalik yulduz bu borada malayziyalik Muxtor Dahari- (89ta gol)dan o'zib ketdi. Leoning Argentina milliy jamoasida 90ta gol marrasiga etishi uchun 164ta o'yin kerak bo'ldi. Milliy jamoalar miqyosidagi jahon to'purarlari reytingi 2-o'rnida borayotgan eronlik Ali Dai hisobida 148ta o'yinda urilgan 109ta gol bor. Rekordchi - Krishtianu Ronaldu (Portugaliya) esa 189ta uchrashuvda 117ta gol urgan.
Leo shuningdek, jarima zarbasidan urgan gollari sonini 59taga etkazib, mazkur natija bo'yicha kuchli 10talikka kirdi. 35 yoshli hujumchi bu masalada braziliyalik goleador darvozabon Rojerio Seni hamda Marselino Karioka bilan tenglashdi. Futbol tarixida jarima zarbalaridan eng ko'p gol urganlar (penaltilar hisobga kiritilmagan): 1. Junino Pernambukano - 77ta; 2. Pele - 70ta; 3-4. Viktor Legrotale, Ronaldino - 66ta; 5. Devid Bekxem - 65ta; 6-7. Diego Maradona, Ziko - 62ta; 8. Ronald Kuman - 60ta; 9-10. Rojerio Seni, Marselino Karioka, Lionel Messi - 59ta; 11. Krishtianu Ronaldu - 58ta.
Yana bir ko'rsatkich bor - Leo terma jamoada yubiley 100-g'alabani nishonlab, bu borada kuchli beshlikka kirdi. U Xavi (133ta o'yinda 100ta g'alaba) bilan tenglashdi. Jahon milliy jamoalarida eng ko'p g'alabaga erishgan futbolchilar: 1. Serxio Ramos - 131ta; 2. Iker Kasilyas - 121ta; 3. Krishtianu Ronaldu - 113ta; 4. Guardado - 102ta; Xavi, Lionel Messi.
Manba: «Interfutbol» gazetasi