So'ngi transfer yangiliklar
Messi Realga o'tmoqchi !!!
AslFUTBOL.NET - Asl Futbol muxlislar sayti
Buxoroda viloyat hokimi boshchiligida yurish marafoni o'tkazildi
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 736
Kecha, 12 may kuni Buxoro shahrida “Men sog'lom turmush tarafdoriman” shiori ostida yurish bo'yicha marafon va “Buxoro” sport majmuasida ommaviy badantarbiya o'tkazildi.
Ushbu tadbirlar O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 18 dekabridagi “Yuqumli bo'lmagan kasalliklarning profilaktikasini, sog'lom turmush tarzini qo'llab-quvvatlash va aholining jismoniy faolligi darajasini oshirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarori ijrosini ta'minlash hamda aholi orasida sog'lom turmush tarzini keng targ'ib etish maqsadida tashkil etildi.
Marafonga Buxoro viloyat hokimi O'ktam Barnoev boshchilik qildi.
Shu kuni ertalab viloyat hokimi o'rinbosarlari, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar, korxona va tashkilot mutasaddilari va xodimlari, taniqli estrada xonandalari va kino aktyorlari, talabalar, umuman olganda, sog'lom turmush tarzini salomatlik asosi deb bilgan hamyurtlarimiz Buxoro neft va gaz sanoati kolleji yonida jam bo'lishdi.
Tadbirda yurtimizda jismoniy tarbiya va sport ommalashtirishga qaratilgan tadbirlarning faol ishtirokchisi, Olimpiya o'yinlari sovrindori, boks bo'yicha jahon chempioni Shahram G'iyosov ham ishtirok etdi. O'zbekiston mudofaasiga ko'maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti viloyat kengashi tomonidan yosh kartingchilarning ham ishtiroki ta'minlandi.
O'n ming nafarga yaqin marafon qatnashchilari Buxoro neft va gaz sanoati kollejidan “Buxoro” sport majmuasiga bo'lgan masofani bosib o'tishdi. Majmuada esa badantarbiya mashqlari o'tkazildi. Tadbirda so'z olgan viloyat hokimi O'ktam Barnoev sog'lom turmush tarzining ahamiyati xususida so'z yuritar ekan, endilikda bu kabi tadbirlarni keng qamrovda va doimiy tarzda ravishda o'tkazib turilishini ta'kidladi. Sog'lom turmush tarzining muhim shartlaridan biri bo'lgan yurish va badantarbiya targ'ibotiga hissa qo'shish, bu borada aholi qiziqishini oshirishda barchani faollikka chorladi.
Ma'lumot uchun, Jahon sog'liqni saqlash tashkilotining ma'lumotiga ko'ra, inson salomatligi 55 foiz holatda sog'lom turmush tarziga, 20 foizi yashayotgan ekologik muhitiga, 15 foizi irsiy omillarga, bor yo'g'i 10 foizi tibbiyotga bog'liq ekan. Demak, sog'lom turmush tarziga muntazam ravishda amal qilish turli xastaliklardan xoli, chiroyli va baxtli yashash omilidir.