So'ngi transfer yangiliklar
Messi Realga o'tmoqchi !!!
AslFUTBOL.NET - Asl Futbol muxlislar sayti
Muzaffar Abdullaev: «Superligaga qaytishimiz shart»
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 910
Buyuk o'tmish va shonli tarixga ega Farg'onaning «Neftchi» klubi joriy yildan e'tiboran Pro-liga bahslarida ishtirok etmoqda.
O'tgan mavsumdagi omadsizliklar, turli muammolar jamoani shu darajaga olib keldi. Bir vaqtlari Yuriy Sarkisyan davrida faqat medallar uchun kurashgan «Neftchi» endi elitaga qaytishga harakat qilmoqda. Ustiga-ustak, quyi diviziondagi ko'rsatkichlar ham ijobiy ko'rinish olavermagach, bosh murabbiy Bahrom Haydarov lavozimidan ozod etildi. Farg'onaliklar ayni payt Abdusamad Do'rmonov qo'l ostida mashg'ulot o'tkazishmoqda. Garchi yangi mavsum oldidan ko'plab futbolchilar boshqa jamoalarga yo'l olgan bo'lishsada, murabbiylar ayrim tajribali o'yinchilar hisobiga tarkibni shakllantirishmoqda. Doston Abdurahmonov, Igor Taran, Muzaffar Abdullaev, Nosir Otaqo'ziev shular jumlasidan. Yaqinda biz «Sug'diyona»dagi o'yinlari bilan tanilgan, hozirda «Neftchi» sharafini himoya qilayotgan golkiper Muzaffar Abdullaev bilan suhbatlashib, o'zimizni qiziqtirgan savollarga javob oldik.
- Muzaffar, «Neftchi» tarkibida quyi ligada ishtirok etish o'sishingizga xalaqit bermaydimi? Har holda, Superliga bilan Pro-liga o'rtasida katta farq bor.
- O'tgan mavsum oxirida jiddiy jarohat oldim. Ikki oy mobaynida davolanish bilan band bo'ldim, fevral oyidan boshlab individual tarzda mashg'ulotlarga kirishdim. Bu orada Superliga jamoalaridan ko'plab takliflar tushdi. Oldimda bir nechta variantlar turgandi. Jarohatdan so'ng sport formamni tiklab olish uchun muxlat kerak bo'ldi. Ammo vaqt shiddat bilan o'tar, yangi mavsum boshlanishiga oz fursat qolgandi. Ayni shu pallada Farg'onadan taklif tushdi. «Neftchi» elitaga qaytishni ko'zlagan, qolaversa, avvalgi holatimga qaytish uchun bu klubda to'p surish juda yaxshi imkoniyat edi. Jamoa rahbarlari Superligaga qaytishni vazifa qilib belgilashdi, biz buning uddasidan chiqamiz, degan umiddaman.
- Abdusamad Do'rmonov boshchiligida mashg'ulotlarni davom ettiryapsizlar. Ushbu mutaxassis qo'l ostida shug'ullanish jarayonida qandaydir yangiliklar ko'zga tashlandimi?
- Barchasi reja asosida ketmoqda. Hech qanday o'zgarish yo'q. Abdusamad aka avvalgi bosh murabbiyimizning yordamchisi bo'lgan, o'zbek futboli afsonasi o'z ishining ustasi hisoblanadi.
- So'nggi yillarda darvozabonlarga e'tibor kuchaymoqda, yangi nomlar chiqmoqda. Buni terma jamoa misolida ham yaqqol ko'rish mumkin...
- To'g'ri aytasiz. Misol tariqasida yanvar oyida bo'lib o'tgan Osiyo kubogini olish mumkin. Darvoza chizig'ida Ignatiy Nesterovga O'tkir Yusupov, Sanjar Quvvatov, Javohir Ilyosov kabilar raqobat tug'dirishdi. Avvalgi yillarda darvozabonlar borasida tanqislik kuzatilgani ham bor gap. Hozir yoshlar o'sib borishmoqda, kiperlarga bo'lgan e'tibor kuchaydi. Yurtimizdagi futbol maktablari va akademiyalari bu borada faol ishlashmoqda.
- O'zbek darvozabonlarining xorij jamoalariga yo'l olishi nihoyatda kam uchraydi. Buni qanday izohlash mumkin?
- Nima desam ekan, Osiyo mamlakatlarida darvozabonlarga qaraganda hujumchi va yarim himoyachilarga talab yuqoriroq. Xususan, bizda ham. Bu jarayon asosan Evropada ommalashgan. Boshqacha izoh berolmayman.
- «Ko'hna qit'a» klublaridagi qaysi darvozabonlarning o'yinlarini kuzatib borasiz?
- Menga «MYu» posboni David de Xeaning o'yini yoqadi.
- «Manchester Yunayted»ning muvaffaqiyatsizliklarida ispaniyalik kiperning aybi bormi?
- O'zim darvozabon bo'lganim uchun, de Xea manziliga yo'llanayotgan tanqidlarni oqlamayman. Hamma xato qiladi. Boz ustiga, David «MYu»ning aksariyat uchrashuvlarida jamoasini muqarrar gollardan saqlab qoldi. Uning qahramonliklari kam gapiriladi, mabodo, gol o'tkazib yuborsa yoki xatoga yo'l qo'ysa, darrov odamlar ko'ziga ko'rinadi, klubdoshlari joniga oro kirgan vaziyatlar bir zumda esdan chiqadi. Futbol - jamoaviy o'yin, mag'lubiyat ham, g'alaba ham butun jamoaniki. Muayyan bir kishini aybdor qilib ko'rsatish noo'rin.
- Sizningcha, «Neftchi» nimaning evaziga elita yo'llanmasiga ega chiqishi mumkin?
- Muxlislar ishonchi va katta mehnat maqsadlar ro'yobga chiqishida muhim omil hisoblanadi. Jamoamiz asosi yoshlardan iborat, bu ham bizning foydamizga ishlashi shubhasiz. Chunki navqiron futbolchilarda ishtiyoq kuchli, yo'qotadigan narsalari yo'q, hisobi. Qanday sharoitda bo'lishimizdan qat'iy nazar, Superligaga qaytishimiz shart.