So'ngi transfer yangiliklar
Messi Realga o'tmoqchi !!!
AslFUTBOL.NET - Asl Futbol muxlislar sayti
O'yinni ayol boshqarganda
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 1125
35 yoshli Stefani Frappar «Amen» - «Strasbur» bahsida bosh hakam vazifasini o'tadi.
Frantsiya oliy divizionida bunday voqea birinchi marta kuzatilmoqda, avvalroq Nelli Venno assistent vazifasini bajargandi. Aynan u Chempionlar Ligasi o'yinida ishlagan dastlabki ayol hakam bo'lgandi. Frappar ham Vennoning izidan bordi, farqi - bosh hakam bo'lishni ma'qul ko'rdi.
Stefanining faoliyati hozircha u qadar yorqin emas, ammo shu davr ichida esda qolarli natijalarga erishdi. 2014 yili Frappar Liga 2da birinchi raqamli ayol hakam bo'ldi. Umumiy hisobda karerasi davomida erkaklar va ayollar professional futbolida 139ta o'yinni boshqargan. Frappar Frantsiya kubogida oltita, Liga kubogida bitta uchrashuvda ishlagan.
Ayollar orasida Stefani eng malakali hakamlardan biri hisoblanadi. U JCh-2015, Rio Olimpiadasi hamda ECh-2017 bahslarini boshqargan. Bundan tashqari, Stefani qadrdon yurti Frantsiyada o'tadigan JCh-2019 hakamlari ro'yxatiga ham kiritildi. Aynan shu turnirga tayyorgarlik doirasida Frapparni Liga 1 o'yiniga qo'yishdi. Frantsiyadagilar bunday tajriba uning foydasiga ishlashiga ishonishmoqda.
Frappar haqida juda ko'p iliq fikrlar bildirish mumkin. Uni hurmat qilishadi, qarorlar chiqarishda talabchan va ehtiyotkor deyishadi. Ammo negativ fikrlar ham uchrab turadi. Murabbiylardan biri Devid Le Frapper «Valansen»da faoliyat yuritgan kezlari Stefanining ishiga salbiy baho bergandi: «Ayollar sport sohasida ishlashda qiynalishadi». «Valansen» uchun o'ta muhim hisoblangan uchrashuvda Frappar yaqqol qoidabuzarlikni nazardan chetda qoldirib, jarima zarbasi belgilamagandi.
Frappar futbol bahslarini shunchaki boshqaribgina qolmay, hakamlikka boshqa ayollarni ham jalb etishga harakat qiladi. Bu borada u o'zini Frantsiyadagi ayollar hakamligi asoschisi sifatida ko'radi. Ko'plab yoshlar hozirning o'zida Stefanidan o'rnak olishmoqda. 24 yoshli Klemans Gonsalves shular jumlasidan.
Frapparning hakamlikdagi eng yuksak cho'qqisi 20 yoshgacha bo'lgan ayollar o'rtasidagi JCh-2018ga to'g'ri kelgan. Mazkur turnir davomida undan yoshlar va kattalar ishtirokidagi futbol bahslarini o'zaro taqqoslashini so'rashgandi. Stefani shunday javob bergandi: «Eng katta farq - tezlik. Ammo ko'nikmalar va taktika bo'yicha 20 yoshlilar sezilarli o'sishga erishishgan. Albatta, o'yin sekin, ammo oddiyroq».
Frappar hech qachon erkaklar o'rtasidagi o'yinlarda hakamlik bo'yicha muammo ko'rmaganini ta'kidlaydi: «Erkaklar futbolida jismoniy faollik va tezlik yuqori, lekin texnik va taktik nuqtai nazardan erkaklar va ayollar futboli darajasi bir xil. Ayollar futbolidagi madaniyat yomon xulq emas, ko'proq azart bilan bog'liq bo'ladi».
Liga 2da faoliyat yuritayotgan futbolchilar ham Frapparning yaxshi ishlayotganini aytishadi. «U diplomatga o'xshaydi, bemalol suhbatlashamiz. Stefani maydonda o'zini birinchi darajaga olib chiqmaydi, bor e'tibori o'yinga qaratiladi», - deydi yarim himoyachi Per Bubi. U Frapparni Liga 2dagi eng yaxshi hakam deb biladi, ushbu divizionda Stefanining samimiyligi va qarorlar chiqarishdagi zukkoligi yuksak qadrlanadi.
2016 yili Frapparga ish bo'yicha erkaklar va ayollar o'rtasidagi tenglik haqida savol berishgandi. «Ayol kishi erkaklarga qaraganda ko'proq narsani isbotlashi jamiyatning bir ko'rinishidir. Garchi mazkur holatda ularning ko'nikmalari bir xil darajada bo'lsada», - degandi Stefani. O'sha intervyusida Liga 1 o'yinlarini boshqarish niyatida ekanligini ham ta'kidlagandi. Oradan deyarli uch yil o'tdi va orzusi ro'yobga chiqdi.