UzBarca.Com - Barcelona Uzbekistan!
So'ngi transfer yangiliklar
Messi Realga o'tmoqchi !!!
AslFUTBOL.NET - Asl Futbol muxlislar sayti
So'ngi transfer yangiliklar
Messi Realga o'tmoqchi !!!
AslFUTBOL.NET - Asl Futbol muxlislar sayti
Sportchilar innovatsion texnologiyalar asosida tayyorlanadi
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 607
Yangi innovatsion g'oyalarni o'zida mujassam etgan O'zbekiston mudofaasiga ko'maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Namangan viloyati kengashi tasarrufidagi Namangan shahar o'quv-sport klubi foydalanishga topshirildi. Shu munosabat bilan o'tkazilgan marosimda O'zbekiston mudofaasiga ko'maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti markaziy kengashi, Namangan viloyati hokimligi, davlat va jamoat tashkilotlari, mudofaa, ichki ishlar boshqarmalari rahbariyati, Milliy gvardiya va harbiy qismlar askarlari, Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari, mehnat faxriylari, yoshlar ishtirok etdi. Tadbirda mamlakatimizda yoshlarning ma'naviy va jismoniy kamoloti yo'lida yaratilayotgan keng imkoniyatlar, ularni sog'lom turmush tarzi va vatanparvarlik tamoyillari asosida tarbiyalash, bu borada adabiyot, san'at, sport kabi ommaviy vositalardan samarali foydalanishga alohida e'tibor qaratilayotgani ta'kidlandi. – Innovatsion texnologiyalar joriy etilgan mazkur o'quv-sport klubi harbiy vatanparvarlik tarbiyasi bilan birga Prezidentimiz ilgari surgan 5 ta muhim tashabbusni o'z ichiga olgan, – deydi O'zbekiston mudofaasiga ko'maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti markaziy kengashi raisining o'rinbosari M.Umarov. – Muassasada yoshlarni intellektual va jismonan kamol toptirish, ularning qiziqishini oshirish va bu boradagi qobiliyatini rivojlantirish uchun barcha sharoit yaratilgan. Ushbu o'quv-sport klubi davlatimiz rahbarining 2018 yil 12 dekabrdagi “Yoshlarni vatanparvarlik ruhida va jismoniy tarbiyalash hamda chaqiriluvchilarni harbiy-texnik mutaxassisliklar bo'yicha tayyorlash tartibini takomillashtirish bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi qarori bilan tasdiqlangan “Yo'l xaritasi”ga muvofiq barpo etildi. Klub majmuasi 17 ta nazariy o'quv xonasi, 2 ta laboratoriya – amaliy o'quv mashg'ulotlari xonasi, ma'naviyat va ma'rifat xonasi, ishchi va xizmatchilar, o'quvchilarning madaniy dam olish xonalari, o'quv mashqi maydoni (avtodrom), texnik nazorat maskani va boshqa ko'plab zarur texnik-xo'jalik inshootlarini o'z ichiga olgan. Har biri 25 nafar o'quvchiga mo'ljallangan o'quv xonalari innovatsion g'oya va texnologiyalar asosida jihozlangan. So'nggi rusumdagi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, “Smart Board M-600” interaktiv animatsion doskasi, interaktiv doska, harakatlanuvchi “Lasetti” avtomobilining qirqimli maketi, svetoforlar va aholi yashaydigan hudud maketlari, ikkita avtotrenajyor nazariy va amaliy mashg'ulotlar uyg'unlikda olib borilishini ta'minlaydi. O'quv xonalari, xususan, yakuniy imtihon olish xonasiga o'rnatilgan audio-video kuzatuv qurilmalari o'zaro jamoatchilik nazorati tamoyili sifatida o'quv jarayoni shaffofligini ta'minlashga xizmat qiladi. Barcha o'quv-amaliy mashg'ulot xonalaridagi yo'l harakati xavfsizligiga oid yo'l belgilari, panno va boshqa ko'rgazmali vositalar elektron tizimda ishlaydi. Engil va yuk avtomobillarining ichki mexanizmlari, qirqilgan maketlari har bir detalning tuzilishi va vazifasi haqida o'quvchining to'liq tasavvur asosida bilimi va tajribasini boyitishga xizmat qiladi. 3,5x5,5 metr o'lchamdagi ko'chma shaharcha maketi umumta'lim maktablari va maktabgacha ta'lim muassasalari bilan hamkorlikda ishlashda qo'l keladi. – O'quv xonalarini jihozlashda o'qituvchilar, instruktorlar o'rtasida o'ziga xos tanlov e'lon qilindi, – deydi “Vatanparvar” tashkiloti Namangan viloyati kengashi raisi A.A'laxo'jaev. – Bu har bir o'qituvchining o'quv xonasini o'zi maroq bilan ishlaydigan, o'quvchi ishtiyoq bilan bilim oladigan xonaga aylantirishi uchun ilmiy, amaliy, ijodiy yondashuv bilan jihozlashga turtki bo'ldi. Klub hovlisi markazida barpo etilgan rangli favvora muassasa hududida musaffo mikroiqlim hosil qilishda, xodimlar va o'quvchilarning estetik tarbiyasida ham muhim rol o'ynaydi. Tantanali tadbirdan so'ng ishtirokchilar Namangan shahar o'quv-sport klubida yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Tadbirda “Vatanparvar” tashkiloti viloyat kengashi tasarrufidagi o'quv sport klublari jamoalarining avtomotosport, aviamodel, raketamodel kabi sportning texnik va amaliy turlari, harbiy xizmatchilarning jangovar san'at turlari bo'yicha ko'rgazmali chiqishlari namoyish etildi. O'quv-sport klubining ochilishi “Vatanparvar” tashkiloti tomonidan 9 may – Xotira va qadrlash kuniga bag'ishlab Namangan Yoshlar markazida “Yoshlarning harbiy vatanparvarlik tarbiyasi” nomli kitob taqdimoti, “Barkamol avlod” yoshlar sport majmuasida o'tkazilgan “Biz vatanparvarlarmiz!” shiori ostidagi harbiy vatanparvarlik va sport festivaliga ulanib ketdi. Tadbir doirasida, shuningdek, xizmat burchini o'tash chog'ida halok bo'lgan harbiy xizmatchilar, ichki ishlar xodimlari yodga olinib, ularning oilalariga qimmatbaho esdalik sovg'alari topshirildi.
Fikr bildirish
Hali hech kim izoh qoldirmagan. Birinchi bo`lib izoh qoldiring :)!!
Fikr qoldirish uchun Ro`yxatdan o`tish lozim!!!