UzBarca.Com - Barcelona Uzbekistan!
So'ngi transfer yangiliklar
Messi Realga o'tmoqchi !!!
AslFUTBOL.NET - Asl Futbol muxlislar sayti
So'ngi transfer yangiliklar
Messi Realga o'tmoqchi !!!
AslFUTBOL.NET - Asl Futbol muxlislar sayti
Olimpiya o'yinlarining ilk yo'llanmasini qo'lga kiritgan sportchi
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 824
Bugun O'zbekiston tom ma'noda sporti rivojlanayotgan, sportni ruh va dil tantanasiga aylantirgan odamlar mamlakatiga aylangan. Pirovardida, yoshlar o'rtasida sog'lom turmush tarzi qaror topib, sportning ommaviyligi ta'minlanmoqda. Buning natijasida jahon sport arenalarida Vatanimiz sharafini munosib himoya qiladigan sportchilarimiz safi kundan-kunga kengayib, ular nufuzli musobaqalarida yuksak g'alabalarga erishgan holda mamlakatimiz sport salohiyatini dunyoga namoyon qilmoqda. Davlatimiz rahbarining 2017 yil 9 martdagi ”O'zbekiston sportchilarini 2020 yil Tokio shahrida (Yaponiya) bo'lib o'tadigan XXXII yozgi Olimpiya va XVI Paralimpiya o'yinlariga tayyorlash to'g'risida”gi qarori ijrosini ta'minlash maqsadida maxsus dastur qabul qilindi. Bu esa sportchilar va murabbiylar oldiga musobaqalarga jismoniy, ruhiy jihatdan puxta tayyorgarlik ko'rish, bu boradagi ishlar samaradorligini oshirishdek muhim vazifalarni qo'ymoqda. Mamlakatimizda Olimpiya o'yinlari dasturidan joy olgan sport turlarini aholi o'rtasida yanada ommalashtirish, mazkur sport turlari bo'yicha tajribali sportchilarni kamol toptirish ishlari samarali olib borilmoqda. Darhaqiqat, Olimpiya o'yinlari dasturidan joy olgan sport turlari, jumladan, tennisni keng ommalashtirish borasida amalga oshirilayotgan izchil ishlar samarasi sportchilarimiz erishayotgan muvaffaqiyatlarda o'z ifodasini topmoqda. Mamlakatimizning birinchi raqamli tennischisi Denis Istomin ana shunday sportchilardan biridir. Denis tennis bilan shug'ullanishni besh yoshidan boshlagan. Mana, bir necha yildirki, uning ham inson, ham sportchi sifatidagi tarbiyasi bilan onasi – Klavdiya Istomina shug'ullanadi. Tennischimiz 2001 yilda ”Fyuchers” turkumiga kiruvchi musobaqalardan biriga ketayotib, avtohalokatga uchraydi. Natijada u bir necha yil davomida sportdagi professional faoliyatini to'xtatib turishga majbur bo'ladi. U 2003 yildagina katta tennisga qaytadi. Shu yildan boshlab mahoratini oshirish ustida tinimsiz ishlaydi va yaxshi natijalar ko'rsata boshlaydi. 2005-2011 yillar davomida Denis Istomin “Chellenjer” va “Fyuchers” turkumlariga kiruvchi yakkalik bahslarida 14 marotaba g'alaba qozondi. Juftlik bahslarda esa 15 marotaba finalda ishtirok etib, 11 marta g'olib chiqdi. 2010 yilda tennischi Osiyo o'yinlarida ikkita kumush medalga ega bo'ldi. Ulardan biri yakkalik bahslarda qo'lga kiritilgani bilan ahamiyatlidir. 2013 yilda Denis Istomin Moskvada o'tgan ATP turniri juftlik bahslarida o'zining birinchi sovriniga ega chiqdi. Tennischimiz 2014 yili Incheonda o'tgan Osiyo o'yinlarining jamoaviy bahslarida bronza medaliga sazovor bo'ldi. Buyuk Britaniyaning Nottengem shahrida Professional tennischilar uyushmasi – ATR turkumiga kiruvchi “Aegon Nottingham Open – 2015” xalqaro turnirida ham yuksak saviyada o'yin namoyish etib, bosh sovrinni qo'lga kiritdi. Shuningdek, u o'sha yili Shveytsariyaning Gshtad shahrida o'tkazilgan “Suisse Open Gstaad” an'anaviy xalqaro turnirining juftlik bahslarida g'olib bo'ldi. 2017 yili esa Xitoyda o'tkazilgan xalqaro turnirning bosh sovrini sohibiga aylandi. 2018 yilgi sport mavsumi Denis Istomin uchun muvaffaqiyatli o'tdi. Tennischimiz AQSh va Qozog'istonda o'tgan “Challenger” turkumidagi musobaqalarda bosh sovrinni qo'lga kiritdi. Shuningdek, u Indoneziyada o'tgan XVIII yozgi Osiyo o'yinlarida g'alaba qozonib, nafaqat o'zbek, balki Markaziy Osiyo sportchilari o'rtasida birinchi bo'lib 2020 yil Tokio shahrida (Yaponiya) bo'lib o'tadigan XXXII yozgi Olimpiya o'yinlarining yo'llanmasini qo'lga kiritdi. – Joriy yilgi sport mavsumi men uchun kelasi yilda Yaponiyaning Tokio shahrida o'tadigan Olimpiya o'yinlariga muhim tayyorgarlik bosqichini o'taydi, – deydi D.Istomin. – Mamlakatimiz menga o'zim xohlagan sport turi bilan shug'ullanishim uchun barcha imkoniyatlarni berdi. Men bunga javoban nufuzli turnirlarda yurtimiz sharafini munosib himoya qilishga bor kuch-g'ayratim bilan intilaman. O'tgan yili Osiyo o'yinlarida oltin medalni qo'lga kiritdim. Endilikdagi maqsadim, Olimpiya o'yinlari medaliga sazovor bo'lishdir. Ayni damda Denis barcha sportchilarimiz qatori XXXII yozgi Olimpiya o'yinlariga tayyorlanmoqda. U garchi to'rt yillikning eng nufuzli musobaqasi – Olimpiada yo'llanmasini qo'lga kiritgan bo'lsa-da, tinimsiz mehnat qilib o'z ustida ishlamoqda. Albatta, bu yilgi musobaqalarda Denis kabi bir qator etakchi sportchilarimiz nufuzli chempionat va turnirlarda Olimpiya o'yinlari yo'llanmalari uchun mamlakatimiz nomidan ishtirok etadi. Zero, har bir sportchi eng nufuzli musobaqa – Olimpiya o'yinlarida o'z Vatani bayrog'ini baland ko'tarishni orzu qiladi.
Fikr bildirish
Hali hech kim izoh qoldirmagan. Birinchi bo`lib izoh qoldiring :)!!
Fikr qoldirish uchun Ro`yxatdan o`tish lozim!!!