Kuchlilarga shavqatsiz – «Vulverxempton»
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 664
Ha, portugaliyalik futbolchilar hisobiga kuchaygan nisbatan kamtarin klub joriy mavsum grandlarning asosiy «kushandasi»ga aylandi.
Mana, 24 aprel kuni «Arsenal» bilan to'qnash kelgan «Vulverxempton» «kanonirlar»ni ham o'ta qimmatli 3 ochkodan mahrum etdi. Eng qizig'i, «bo'rilar» katta jamoalardan ochko tortib olish barobarida autsayderlarga «himmat» ko'rsatishmoqda.
«Arsenal» ustozi Unai Emeri «Vulverxempton»ga qarshi kechgan o'yindan keyin 1:3 hisobidagi mag'lubiyatni izohlar ekan, muxlislarga chorasiz qolgan kishidek murojaat qildi: «Endi 4-o'ringa ilinishga umid bog'lashdan boshqa ilojimiz yo'q». Ispaniyalik mutaxassisni tushunish mumkin. Zero, «Arsenal» o'yinda to'liq ustunlikka erishdi: to'p nazorati - 71 foiz, uzatmalar aniqligi - 89 foiz (raqibda 75 foiz), darvoza tomon zarba - 11 marta. Biroq yakuniy natija salbiy: London klubi - «Vulverxempton» oldida «tiz cho'kkan» navbatdagi top-raqib.
APL-2018|2019: «Vulverxemton» bilan o'yinda ochko yo'qotgan kuchli jamoalar
Mag'lub bo'lganlar: «Arsenal» - 1:3, «Tottenxem» - 1:3, «MYu» - 1:2, «Chelsi» - 1:2.
Durang bilan cheklanganlar: «Manchester Siti» - 1:1, «MYu» - 1:1, «Chelsi» - 1:1, «Arsenal» - 1:1.
Diqqat qiling, «Vulverxempton» bu o'yinlarning hammasida 1tadan gol qo'yib yuborgan bo'lsada, yakunda kamida 1 ochko olgan. Qolaversa, «MYu» va «Liverpul»ning kubok bahsida «Vulvz»ga bas kelolmaganini ta'kidlash joiz.
«Bo'rilar» shuning barobarida autsayderlarga ochko ulashmoqdalar. Misol uchun, 20-o'rindagi «Xaddersfild» hisobida atigi 3ta g'alaba bor. Ulardan biri aynan «Vulvz» bilan bahsda qo'lga kiritilgan. «Bo'rilar» shuningdek, «Kardiff Siti», «Brayton», «Sautgempton» va «Bernli» kabi «majolsiz» jamoalarga ham yutqazishdi.
Xulosa oddiy: bugungi «Vulverxempton»ni kuchlilarga rahmsiz, zaiflarga xayrixoh jamoa sifatida ta'riflash mumkin. Har holda, o'jar faktlar shunga dalolat bermoqda.