So'ngi transfer yangiliklar
Messi Realga o'tmoqchi !!!
AslFUTBOL.NET - Asl Futbol muxlislar sayti
Evrotur: Uchta chempion aniq, qolganlar esa...
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 419
41«Barselona» muddatidan avval Ispaniya chempionligini qo'lga kiritdi, APLda chempionlik yo'lidagi quvlashmachoq davom etmoqda, Dortmundning «Borussiya»si Bundesliga g'olibligi uchun kurashni deyarli to'xtatdi.
«Manchester Yunayted» darvozaboni David de Xea «Chelsi»ga qarshi bahsda navbatdagi qo'pol xatoga yo'l qo'ydi. Angliya ikkinchi divizionida «feyr-pley» qoidalariga rioya qilmaslik sababli mojaro kelib chiqdi. «Real» va «Milan» kutilmaganda mag'lubiyatga uchrashdi. Diqqatingiz markazida o'tgan dam olish kunlari Evropa futbolida ro'y bergan eng muhim voqealar sharhi.
Angliya. «QuvlashmachoQ» davom etadi
Tumanli o'lkada ikki etakchi - «Liverpul» va «Manchester Siti» o'rtasidagi kurash davom etmoqda. 36-turning ikkinchi kunidan so'ng mersisaydliklar peshqadam bo'lib olishdi. «Xaddersfild»ga qarshi bahsda «Enfild» egalari ortiqcha muammolarga yo'liqmadilar - birinchi daqiqadayoq Nabi Keyta hisobni ochdi, keyin esa Muhammad Saloh va Sadio Mane «dubl» muallifi bo'lishdi. «Liverpul» safida 100-o'yinini o'tkazgan misrlik hujumchining gollari 69taga etdi. «Qizillar» qatorasiga 9-g'alabani rasmiylashtirishdi - ular so'nggi marta bunday ko'rsatkichni 13 yil avval qayd etishgandi. Shu tariqa «Liverpul» jamg'armasidagi ochkolar 91taga etdi. Agar boshqa mavsum bo'lganida, bu mersisaydliklar uchun chempionlikni kafolatlardi. Lekin bu yo'lda ularga «Manchester Siti» xalal bermoqda. Pep Gvardiola shogirdlari yakshanba kuni navbatdagi uch ochkoni qo'lga kiritib, 1-o'rinni qaytarib olishdi. «Byornli»ga qarshi bahsda «shaharliklar» bir soat mobaynida darvozani ishg'ol qila olishmadi, mezbonlar safida Tom Xiton chiroyli «seyv»lari bilan ajralib turdi. Ammo 66-daqiqada Serxio Aguero o'ng qanotdan uzatilgan to'pni to'rga joylab, jamoasiga g'alaba keltirdi. Shu tariqa ochkolari sonini 92taga etkazgan «Manchester Siti» «Liverpul»ni bir ochkoga ortda qoldirmoqda.
Chempionlar Ligasi yo'llanmasi uchun kurashayotgan boshqa klublar esa bir-birlariga sovg'a tayyorlashgandek tuyuldi. «Tottenxem» o'z maydonida «Vest Xem»ga yutqazgan bo'lsa (0:1), «Arsenal» «Lester»ga 0:3 hisobida imkoniyatni boy berdi. «MYu» - «Chelsi» bahsida esa tomonlar bittadan to'p kiritib, murosa ko'chasini tanlashdi. 11-daqiqada Xuan Mata gol urib, omadsizlik girdobidan chiqolmayotgan jamoasiga umid bag'ishlagandi, biroq manchesterliklar posboni David de Xeaning navbatdagi qo'pol xatosidan so'ng Markos Alonso hamyurti qo'riqlayotgan darvozani ishg'ol qildi - 1:1.
Ispaniya. «Barselona» - chempion!
La Liganing 35-turidan so'ng «Barselona» o'z tarixidagi 26-chempionlikni rasmiylashtirdi. Buning uchun kataloniyaliklardan o'z maydonlarida «Levante»ni mag'lubiyatga uchratish talab etilardi. «Barsa» ustozi Ernesto Valverde mazkur uchrashuvda Lionel Messiga dam olish imkoniyatini taqdim etgandi. Argentinalik yulduz Serxio Buskets bilan birgalikda zaxirada qoldi. Ammo ularning sheriklari harchand urinishmasin, raqib darvozasini ishg'ol qila olishmadi. Natijada yordamga Messini chaqirish zarurati tug'ildi. Leo esa o'z ishini uddalashi uchun 17 daqiqa etarli bo'ldi: uzoq davom etgan hujumni chiroyli gol bilan yakunladi - 1:0.
Turnir jadvalida ikkinchi o'rinda borayotgan «Atletiko» ham bu turda zafar quchdi. «Matraschilar» o'z uylarida «Valyadolid»ni kichik (1:0) hisobda mahv etishdi. Madridning «Real» klubi esa «Rayo Valekano» maydonida imkoniyatni boy berdi - 0:1. Birinchi bo'lim o'rtalarida Adrian Embarba penaltidan unumli foydalandi, keyingi daqiqalarda esa Zayniddin Zidan shogirdlari mag'lubiyatdan qutulib qola bilmadilar. «Valensiya» hamda «Sevilya» mos ravishda «Eybar» va «Jirona»ga xuddi shunday hisobda yutqazishdi. «Xetafe» futbolchilari San-Sebastyandagi maydonga chiqishganida, asosiy raqobatchilarining mag'lubiyatidan boxabar edilar, shunga qaramay, yakunda ochkosiz qolishdi (1:2).
Germaniya. PeshQadamlar ochko yo'Qotdi
Bundesliganing 31-turidagi eng muhim voqea «Borussiya Dortmund» hamda «Shalke» o'rtasida kechgan Rur derbisi bo'ldi. Maydon egalari «Bavariya»ni uzoqlashtirib yubormaslik uchun g'alaba ilinjida maydonga tushgan bo'lsalar, mehmonlarga Bundesligadagi joyni kafolatlash uchun ochkolar juda zarur edi. Uchrashuv dortmundliklar hujumlari bilan boshlandi va 14-daqiqada Mario Gyottse Jeydon Sanchoning uzatmasidan keyin hisobni ochdi - bu 19 yoshli angliyalik vunderkind uchun mavsumdagi 14-samarali uzatma bo'ldi. Keyingi 14 daqiqa mehmonlarga ataldi va ular hisobda oldinga chiqib olishdi. Tanaffusdan keyin «Shalke»ning ustunligi yanada oshdi - Marko Roys faoliyatida ilk marta to'g'ridan-to'g'ri qizil kartochka olib, maydonni tark etdi va birozdan so'ng jamoasi uchinchi golni ham o'tkazib yubordi. Ko'p o'tmay Marius Volf ham chetlatilgach, dortmundliklar maydonda to'qqiz kishi bo'lib qolishdi. Shunday pallada Aksel Vittsel hisobni qisqartirdi. Lekin 86-daqiqada Bril Embolo o'z goli bilan barchasini uzil-kesil hal qildi - 2:4 va «Shalke» g'olib.
Asosiy ta'qibchining mag'lubiyati «Bavariya» uchun ayni muddao edi. Biroq autsayder «Nyurnberg»ga qarshi to'p surgan myunxenliklar murakkab uchrashuvda (1:1) mag'lubiyatdan qutulib qolishni uddaladilar, xolos. Mezbonlar vakili Mateus Pereyraning goliga «Bavariya»dan Serj Gnabri javob qaytardi. O'yinning asosiy vaqtiga qo'shib berilgan daqiqalarda 18 yoshli Alfonso Devis raqibiga tirsagi bilan zarba berdi - hakam esa yordamchisi bilan maslahatlashgach, «nuqta»ga ishora qildi. Lekin Tim Lyaybold penaltidan foydalana olmadi va jamoasi muhim ochkolardan quruq qoldi. Shu tariqa «Bavariya» va «Borussiya D» o'rtasidagi ochkolar farqi ikkitaligicha qoldi, bu esa chempionlik uchun kurash hali tugamaganidan dalolat.
Italiya. Ronalduning yubiley goli
«A» seriyada bosh intriga yo'qolganiga ancha bo'ldi va «Yuventus» g'olib sifatida mavsumni xotirjam yakunlamoqda. Turinliklar shunchaki, evrokuboklar yo'llanmasi uchun kurashayotgan boshqa jamoalar holatiga ta'sir o'tkazishlari mumkin. Navbatdagi turda skudetto sohiblari uchinchi o'rinda borayotgan «Inter» bilan ochkolarni bo'lishib olishdi - 1:1. 34-tur doirasidagi bahsda milanliklar g'alaba qozonishlari ham mumkin edi - Raja Nainggolan tomonidan urilgan tezkor gol shunga ishora. Biroq ikkinchi bo'limda Krishtianu Ronalduning sa'y-harakatlari hisobning tenglashishiga olib keldi - portugaliyalik yulduz va Miralem Pyanich ijrosidagi kombinatsiya gol bilan yakunlandi. Bu Ronaldu uchun klublardagi faoliyati davomida urilgan 600-gol bo'ldi. U «Sporting» safida 5ta, «Manchester Yunayted»da 118ta, «Real»da 450ta to'p kiritgandi. Mana endi, «Yuventus» libosidagi 27-golini ham rasmiylashtirishga ulgurdi.
«Inter»ning durangi «Roma»ni uchinchi o'rin uchun kurashga qo'shdi. «Kalyari»ni 3:0 hisobida enggan «bo'rilar» bilan «neradzurri» to'plagan ochkolar orasidagi farq to'rtta bo'lib turibdi.
Yuqori to'rtlik sari intilayotgan «Milan» safarda «Torino»ga yutqazdi (0:2). «Rossoneri» nafaqat ikkita gol o'tkazib yubordi, balki o'yinni kamchilikda o'tkazishga majbur bo'ldi - himoyachi Alessio Romanoli besh daqiqa ichida ikkita sariq kartochka olib, maydondan chetlatildi.
Rimning yana bir jamoasi - «Latsio» ham muvaffaqiyat qozondi: «Sampdoriya»ga qarshi bahsda Felipe Kaysedoning «dubl»i naf keltirdi. Mezbonlar safida esa 36 yoshli Fabio Kvalyarella navbatdagi golini rasmiylashtirdi. Shu tariqa tajribali hujumchining gollari soni 23taga etdi va u «A» seriyaning joriy mavsumida to'purarlar ro'yxatini boshqarib turibdi. Kvalyarelladan keyingi o'rinlarda Kshishtof Pentek (22) va Duvan Sapata (21) borishmoqda.
Frantsiya. «PSJ» seriyasining yakuni
O'tgan shanba Frantsiyada faqat bitta o'yin o'tkazildi - «Renn» va «PSJ» mamlakat kubogi finalida o'zaro kuch sinashishdi. Avvalgi to'rt mavsum mazkur sovrinni hech kimga bermagan parijliklar turnir rekordini qayd etishgandi. «Renn» esa 1971 yildan buyon Frantsiya kubogini qo'lga kiritmayotgan, besh yil avval finalda «Gengam»ga imkoniyatni boy bergandi.
«PSJ» kutilganidek o'yinni ishonchli tarzda boshladi. Dastlab Dani Alves va Neymar bittadan gol urishdi. Biroq tanaffusga yaqin omad mamlakatning amaldagi chempionidan yuz o'gira boshladi. Presnel Kimpembe «Renn»ning uzoq davom etgan hujumidan so'ng o'z darvozasini ishg'ol qilib qo'ydi, oradan 26 daqiqa o'tib, Janluiji Buffon o'rniga darvozadan o'rin olgan Alfons Areola yana bitta gol o'tkazib yubordi. Ushbu vaziyatda mo''jiza yaratishlari mumkinligiga ishongan «Renn» futbolchilari «PSJ»ning gol urishiga yo'l qo'yishmadi. Na Neymar, na Edinson Kavani to'p kiritishni uddalashdi va o'yin qo'shimcha bo'limlar orqali davom etdi. Ikkinchi 15 daqiqalikda kutilmaganda Kilian Mbappe jamoasini og'ir ahvolda qoldirdi - penaltilar seriyasi muqarrarligini bilgan yosh hujumchi raqibiga qarshi qo'pol munosabatda bo'lgani uchun qizil kartochka oldi. Jahon chempionisiz qolgan «PSJ» «lotereya»da yutqazdi.
Yakshanba kuni kuzatilgan voqealar orasida «Nitstsa» yarim himoyachisi Yusef Atalning «xet-trik» qayd etgani ko'pchilikning diqqatini o'ziga tortdi. Jazoirlik futbolchi autsayder «Gengam»ning darvozasini ishg'ol qilib, jamoasiga g'alaba keltirdi. E'tiborlisi, Atal Liga 1 doirasidagi avvalgi 24ta o'yinda uchta gol urgandi, xolos.