Toshkentda respublika o'quv seminari o'tkazildi
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 551
26 aprel kuni Jismoniy tarbiya va sport vazirligi huzuridagi Jismoniy tarbiya va sport bo'yicha mutaxassislarni ilmiy-metodik ta'minlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish markazida respublika o'quv seminari bo'lib o'tdi.
Seminarda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi rahbariyati, tegishli boshqarma va bo'lim boshliqlari, ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktab-internatlari hamda olimpiya va milliy sport turlari bo'yicha davlat ixtisoslashtirilgan maktab-internatlarining rahbarlari hamda sport federatsiya (assotsiatsiya)lari mutasaddilari ishtirok etishdi.
Tadbirni kirish so'zi bilan ochib bergan Jismoniy tarbiya va sport vaziri o'rinbosari Sharifjon Mo'minjonov Prezidentimiz tomonidan ilgari surilayotgan beshta tashabbus bo'yicha, xususan yoshlarni jismoniy chiniqtirish, ularning sport sohasida qobiliyatini namoyon qilishi uchun zarur sharoit yaratishga yo'naltirilgan ikkinchi tashabbus doirasida amalga oshirilayotgan ishlar va istiqboldagi vazifalar xususida batafsil ma'lumot berdi.
Shundan so'ng ma'ruza qilgan vazirlikning Fan, sport va ta'lim muassasalarini ilmiy metodik ta'minlash boshqarmasi boshlig'i Azizbek Xasanov muassasalarga o'quvchilarni qabul qilishda hududlardagi real ehtiyojlarni o'rganish, sport inshootining salohiyati undagi trenerlar va sport jihozlarning holatiga ham alohida e'tibor qaratish lozimligini ta'kidladi. Shuningdek, muassasalarni yangi o'quv yiliga tayyorlash, o'quv rejalar va dasturlarni ishlab chiqish, kerakli adabiyotlar va qo'llanmalar bilan ta'minlash bo'yicha oldinda turgan ustuvor vazifalar haqida aytib o'tdi.
Navbatdagi ma'ruzachi vazirlikning yuridik bo'lim boshlig'i Sherzod Karimov sport ta'limi muassasalari rahbarlariga korruptsiyaga qarshi kurash bo'yicha muassasalarda amalga oshirilishi lozim bo'lgan chora-tadbirlar haqida ma'lumot berdi.
Tadbirda shuningdek, ta'lim muassasalari xodimlarining moliyaviy savodxonligini oshirish va moliyaviy xatoliklarga sharoit yaratmaslik choralarini ko'rish, ichki hujjatlarni tartibga keltirish hamda oliy ta'lim muassasalari bilan hamkorlik samarali qilish mavzularida ma'ruzalar tinglandi.
O'quv seminarning amaliy qismi Respublika ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktab-internatida davom ettirildi.
Yakunda ishtirokchilarga ushbu seminar davomida olgan bilim va ko'nikmalarini o'z muassasalarida amaliyotga joriy etish vazifasi yuklandi.