So'ngi transfer yangiliklar
Messi Realga o'tmoqchi !!!
AslFUTBOL.NET - Asl Futbol muxlislar sayti
Nivaldo: «Yana O'zbekistonda to'p surish niyatim bor»
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 543
Avvalgi mavsumlarda Toshkentning «Lokomotiv» klubida bir qator kuchli legionerlar to'p surishgan. Nemanya Yanichich, Muhammad Kone, Benito Muyiva, Gnore Krizo, Nivaldo... Ushbu ro'yxatni istagancha davom ettirish mumkin.
Bu futbolchilarning ayrimlari ajoyib o'yinlari bilan muxlislar mehrini qozongan bo'lsalar, ba'zilari klubda uzoq qolishmadi. Jumladan, braziliya hujumchi Nivaldo ham «temiryo'lchilar» safida qisqa muddat o'ynagan bo'lsada, esda qolarli lahzalarni taqdim etdi. Yaqinda Nivaldo bilan ijtimoiy tarmoq orqali bog'lanib suhbatlashdik. U suhbat jarayonida poytaxt klubida to'p surganidan xursandligini yashirmadi.
- Nivaldo, ayni damda qaysi jamoada to'p suryapsiz? Rosti, «Lokomotiv»ni tark etishingiz kutganimizdan erta ro'y berdi...
- O'tgan mavsum boshida «Lokomotiv»dan taklif oldim, ma'lum muddat ko'rikda bo'ldim, so'ng shartnoma imzoladik. Huquqiy jihatdan «Dinamo Brest»ga tegishli edim, ular istalgan vaqtda meni ortga qaytarishlari mumkin edi. «Lokomotiv»dek klubning bir qismi bo'lganimdan juda xursandman. Xohish-ixtiyor o'zimda bo'lganida, mavsum oxiriga qadar qolardim. Biroq taqdir taqozosi bilan ortga qaytdim. Hozir Belorussiyaning «Gomel» jamoasi sharafini himoya qilyapman. Mazkur klub qarorgohi menga «Lokomotiv» stadioni va bazasini eslatib yuboradi.
- Toshkentdagi qisqa faoliyatingiz mobaynida o'zingiz uchun nimalarnidir o'zlashtirdingizmi?
- Mamlakatingizda hayotim va keyingi faoliyatim uchun ulkan tajriba orttirdim. Avvalo, qanday vaziyatda bo'lishdan qat'iy nazar, bosiqlik bilan hal qilishni, o'zim va jamoamni qiyin ahvolda qoldirish noto'g'ri ekanligini tushunib etdim. Umuman aytganda, «Loko» men uchun katta maktab vazifasini o'tadi.
- «Qo'qon-1912»ga qarshi kechgan uchrashuvda ro'y bergan mojaroli holatga nima sabab bo'lgandi?
- O'sha vaziyat bo'yicha batafsil ma'lumot berishni istamayman. Men xatolarimdan to'g'ri xulosa chiqardim, o'yindagi nojo'ya qiliqlarni boshqa takrorlamaslikka ahd qildim. Uchrashuv murosasiz, yuqori tempda o'tayotgan vaqtda ko'pincha asablarni jilovlash qiyin kechadi. Raqib darvozaboni bilan o'sha zahotiyoq kelishib olganmiz, bu borada hech qanday muammo yo'q. Harakatlarimga yarasha jazolandim.
- O'zbekiston chempionatida to'p surgan legioner sifatida sizda iliq taassurot qoldirgan biror-bir o'zbek futbolchisini ajratib ko'rsata olasizmi?
- Mamlakatingizda bunday futbolchilar bisyor, ulardan qaysidir birini alohida e'tirof etolmayman. Ammo Superliga bahslarini kuzatib boraman, «Lokomotiv»ning «Instagram»dagi sahifasiga a'zoman, barcha yangiliklardan xabarim bor.
- «Temiryo'lchilar» Osiyo Chempionlar Ligasi guruh bosqichidan chiqish uchun kurash olib borishmoqda. Siz xam bu jamoa bilan qit'a miqyosidagi nufuzli musobaqada ishtirok etgansiz...
- Ha, ajoyib turnir. Bunday musobaqada kuchli raqiblarga raqobat tug'dirmoqchi bo'lgan klubning moliyaviy imkoniyatlari yuqori bo'lishi lozim, zero tarkibni mahoratli futbolchilar bilan kuchaytirish ehtiyoji tug'iladi. Aks holda, g'oliblik haqida o'ylamasa ham bo'laveradi. Men ham OChLda to'p surish baxtiga erishdim, debyut o'yinimdayoq raqib darvozasini ishg'ol qildim. Qaysidir ma'noda, klubga yordamim tegdi, desam ham bo'ladi.
- «Temiryo'lchilar» OChL so'nggi tur uchrashuvidan keyin guruhdan chiqish imkoniyatini pasaytirib yuborishdi. Bunga sabab nimada deb o'ylaysiz?
- «Lokomotiv» har doim oxirgacha kurashgan, hozir ham kichik bo'lsada imkoniyat saqlanib qolgan. Keyingi o'yinlarda ular faqat g'alaba qozongan holda, ijobiy natijaga erishishadi, degan umiddaman.
- Sobiq jamoadoshingiz Sardor Rashidov Portugaliyaga yo'l oldi. Buni kutganmidingiz?
- Rashidov - yuksak iqtidor egasi, serqirra futbolchi. Hujum va yarim himoyada birdek barqaror o'ynay oladi. Eshitishimcha, u «Loko»ni mavsum oxirida tark etib, «Nasonal» tarkibiga qo'shilgan. Sardor etarlicha tajribaga ega. Endi esa, Evropa futboli havosidan bahra olgan holda, bilim-ko'nikmalarini yanada oshirish imkoniyatiga ega bo'ldi.
- Hozirgi klubingiz «Gomel» o'z oldiga qanday maqsad qo'ygan?
- Vazifamiz - eng yaxshi to'rt jamoadan biri bo'lish. Albatta, buni uddalashimizga ishonaman. Bugungi klubimda mendan tashqari yana bir qancha xorijlik futbolchilar bor. To'g'risi, chempionat bahslari og'ir kechdi, oson uchrashuvning o'zi yo'q. Shunga qaramay, barcha futbolchilar birdamlikda to'p sursak, yuqori o'rinlarni qo'lga kiritishimizga ishonaman.
- Nivaldo, samimiy suhbat uchun rahmat. Keyingi faoliyatingizga omad va zafarlar tilab qolamiz.
- Rahmat. Imkon tug'ilsa, yana O'zbekistonda to'p surish niyatim bor.