So'ngi transfer yangiliklar
Messi Realga o'tmoqchi !!!
AslFUTBOL.NET - Asl Futbol muxlislar sayti
Kilian Mbappening orzulari futbol tufayli amalga oshmoqda
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 1076
Futbol qiroli Pele PSJ hujumchisi Kilian Mbappe bilan o'tgan yilning noyabrida uchrashishni rejalashtirgandi.
Ammo Pelening tobi qochib qolgani bois uchrashuv boshqa muddatga qoldirildi. Natijada ular shu yilning 2 aprel kuni Parijdagi «Lyutetiya» mehmonxonasida uchrashib, dildan suhbatlashishdi. Mazkur uchrashuv taassurotlari haqida Mbappe France Football nashriga so'zlab berdi.
«UNING OLDIDA XUDDI YoDGORLIK QARShISIDA TURGANDEK BO'LDIM»
- Menga Pelening uchrashmoqchiligini aytishganida, darhol rozi bo'ldim. Bu uchrashuv uchun Shimoliy qutbgacha borishga tayyor edim. O'sha kecha uxlay olmadim, xayolimdan turli savollar o'taverdi. To'g'risini aytsam, uni ajablantirishdan cho'chidim. Qolaversa, «Pele ingliz tilida yaxshi gaplasha olmasa-chi?» deb o'ylab qoldim. Men ham portugalchani u qadar durust bilmayman. Shu tariqa til tanlash masalasida jiddiy savol tug'ildi. Lekin matbuot anjumanidan oldin Pelening ingliz tilida ravon gaplasha olishini aytishdi. Uning oldida tursangiz, o'zingizni xuddi yodgorlik qarshisida turgandek his qilasiz. Ya'ni o'zingizni mitti odamchadek his qilasiz. Tog'ning etagida turibman-u, yuqoriga yo'l yo'qdek tuyuldi. Lekin matbuot anjumanida jurnalistlarning unga boqayotganlarini ko'rib, hissiyotlarimiz bir xil ekanligiga guvoh bo'ldim. U barcha bo'shliqlarni to'ldiradi. Bir og'iz so'z aytmay, shunchaki, uni tomosha qilish ham kifoya. Hayotimda bir marta shunday holatga tushgandim, ya'ni Zidan bilan uchrashganimda. O'shanda ham o'zimni juda kichkina his qilganman. Yana shunday hissiyotlar bo'ldi, faqat o'tkirroq. Go'yo tush ko'rayotgandek edim. Axir qarshimda futbol qiroli turardi.
«HAR SOHADA PELEGA O'XShAMOQChIMAN»
- Bu soatni (Mbappe va Pele o'z nomlari yozilgan soatlarni almashtirishdi) bir umr saqlayman. Hatto buzilib qolsa ham. Aytishlaricha, har qanday sovg'a bebaho bo'larkan. Lekin bu hadya men uchun o'zgacha ahamiyat kasb etadi. Bolaligimda to'pning ortidan quvayotganimda, meni nafaqat zamonaviy yulduzlar, balki o'tmishning mashhur futbolchilari ham qiziqtirardi. Pele degan futbolchi borligini eshitardim va bu nom tez-tez uchrab turardi. Bir kuni uning qanday o'ynaganiga qiziqib ko'rdim, o'yinlari yozilgan videoni topdim... Pelening harakatlarini ta'riflash qiyin. Men mutaxassis emasman. Buni shunchaki, olgan taassurotlarim tufayli gapiryapman. Boz ustiga, u braziliyalik. Bolaligimdan Braziliyaga ishqibozman. Yoshligimizda hamma Ronaldino, Robino, Ronaldo, Kaka haqida gapirardi. TV orqali braziliyalik futbolchilarning ko'rsatgan fintlari to'g'risidagi roliklar namoyish etilardi. Menda Ronaldino yozuvi tushirilgan Braziliya terma jamoasi futbolkasi bor edi. Bondidagi bolalar jamoamizda hamma braziliyaliklarga muxlislik qilardi. Braziliya ishtirokidagi o'yinlar biz uchun futbol bayramiga aylanardi. Pele esa barcha davrlarning afsonasidir. Ishonchim komilki, yana yuz yildan keyin ham u haqda gapirishadi. Axir bu inson uch marta jahon chempioni bo'lgan. Eng e'tiborli tomoni, hozirda Pele haqida gapirayotganlarning aksariyati uning o'yinlarini ko'rishmagan. Shunga qaramay, uni yaqinda faoliyatini yakunlagan futbolchidek esga olishadi. Afsona shunday bo'lishi kerak. Har sohada Pelega o'xshashni istayman.
«PELE JChda BRAZILIYa TERMASIGA XALAL BERMASLIKNI SO'RADI»
- Pele bilan kichikroq bir xonaga kirdik. U erga jurnalistlar ham kirmoqchi bo'lishgandi, ulardan bizni yolg'iz qoldirishlarini so'radim. Pele ham bunga qarshi chiqmadi. Ushbu mehmonxonaga kelganimda hamma men uchun eshiklarni ochgandi, bu safar Pele uchun o'zim eshik ochdim. U kulib qo'ydi. Yolg'iz qolganimizda, quvonchdan boshim aylandi. Pele quvnoq inson ekan. Afsuski, yoshi o'tib qoldi, sog'lig'i biroz yomonlashdi. Uning so'zlarini qunt bilan tingladim, gapini bo'lishni istamadim. U menga bolaligini eslatishimni aytdi. U menga qarab, o'zini ko'rayotganini aytdi. To'g'risi, biroz noqulay bo'ldi. U bilan xuddi bobo va nabira singari o'tirdik. Vaqti-vaqti bilan «Yonimda Mbappe turibdi», deb takrorladi. Aslida esa, men Pelening yonida edim. Ayrimlar meni Pelening vorisi deyishadi. Ammo bunday maqomga erishish uchun uning qilgan ishlarini takrorlashim kerak bo'ladi. Ammo buni uddalash oson emas. Shuningdek, Pele Qatarda o'tadigan jahon chempionatida Braziliyaga xalaqit bermasligimiz lozimligini aytdi. Men esa buning iloji yo'qligini ta'kidladim. Axir unga o'xshamoqchiman-ku. Qolaversa, o'zimga e'tibor berishim kerakligini aytdi, chunki zamonaviy futbol ko'p kuch talab etadi. O'yinlar soni ham oshgan. U menga taktika va texnikani ko'p o'ylamay, jismoniy holatim va kuchim haqida ko'proq qayg'urishim kerakligini tushuntirdi. Mavsum davomida oltmishta o'yin o'tkazish qiyinligini ta'kidladi. Har bir o'yindan so'ng maroqli hordiq chiqarishim shartligini uqtirdi. Go'yoki gipnoz qilingandek bo'ldim. Futbol orzularim amalga oshishida yordam bermoqda. Krishtianu Ronaldu bilan uchrashishni orzu qilgandim, bu maydonda yuz berdi. Messiga qarshi o'ynashni istadim va bunga ham erishdim. Neymar bilan qachondir bir jamoada o'ynamoqchi bo'lgandim, bu ham ro'yobga chiqdi. Jeyms Lebrondek buyuk shaxslar bilan ko'rishdim, boshqa chempionlar bilan ham uchrashishni maqsad qilganman. Misol uchun, Rojer Federer bilan.