So'ngi transfer yangiliklar
Messi Realga o'tmoqchi !!!
AslFUTBOL.NET - Asl Futbol muxlislar sayti
VAR – futbol kushandasi...mi?
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 1258
Zamonaviy futbol dunyosiga VAR (referi videoassistenti) tushunchasi kirib kelganidan so'ng mazkur texnologiya borasida juda ko'p fikrlar yangradi.
Kimdir VARni futbol uchun foydali deb hisoblasa, yana kimlardir mazkur yangilik futboldagi hissiyotlarni yo'qqa chiqaradigan «kushanda» ekanini ta'kidlamoqda. Bu mavzuda eng qiziq holat «Tottenxem» bosh murabbiyi Maurisio Pochettinoda kuzatildi. Chunonchi, argentinalik mutaxassis shu paytga qadar VARni faqatgina yomonlab kelardi. Ammo aynan shu tizim tufayli EChL chorak finalida «shporlar» «Manchester Siti» to'sig'idan o'tib, yarim finalga chiqishdi. Bu o'yinda gap Rahim Sterling tomonidan so'nggi daqiqalarda urilgan, ammo Junayd Chaqir VAR yordamidan so'ng bekor qilgan gol haqida bormoqda. Soccer.ru portali xodimlari esa mazkur voqea bahona yangi tizimning futbolga nima berishi-yu, nimadan mahrum qilishi borasida maqola tayyorlashdi.
Maurisio Pochettino (2018 yil 1 mart, Angliya kubogi o'yinidan so'ng): «O'ylashimcha, videotakrorlar tizimi tufayli o'yinning o'ziga bo'lgan e'tibor pasayib ketyapti. Men har doim ingliz hakamlarini Evropaning eng yaxshilari sifatida hurmat qilganman, ehtimol, ular dunyoning eng kuchlilaridir. Ammo ularga mazkur tizim yordamlashyaptimi yoki ishlariga xalal beryaptimi, bunisini aniq aytolmayman. Futbol - bu hissiyotlarga boy sport turi. Agar biz emotsiyalarimizni yo'q qilmoqchi bo'lsak, unda VAR ayni muddao va futbol butunlay boshqa qiyofaga kiradi. Hakamlik borgan sari qiyinlashyapti, ularga achinaman. Undan ham ko'proq futbol ishqibozlariga achinaman, chunki bunday holatlarga ko'nikish oson bo'lmayapti».
Maurisio Pochettino (2019 yil 24 yanvar): «Angliyaga VAR tizimini tatbiq etmaslik - yaxshi g'oya. Modomiki, bizda hali to'liq ma'lumot yo'q ekan, bir yil yoxud undan-da ko'proq sabr qilib turganimiz ma'qul. O'zgarishlar tufayli futbol muxlislarni g'azablantira boshlashidan tashvishdaman. Birgina qaror qabul qilish uchun besh daqiqa vaqt sarflansa, bu paytda ishqibozlar nima qilishadi?! Evropadagi istalgan o'yinni oling: hech kim VARdan rozi emas».
Evropa Chempionlar Ligasi chorak finalidagi «Manchester Siti»ga qarshi umumiy g'alabadan so'ng Pochettinoga hazil tariqasida VAR tizimidan uzr so'rash taklif etildi. Biroq argentinalik mutaxassis bu mavzuda gapirishni istamadi va «Tottenxem»ni taqdirning o'zi mukofotlagani xususida fikr bildirdi. Holbuki, Pochettino videotakrorlarning doimiy «dushmani» sifatida VAR «Manchester Siti» va uning muxlislaridan quvonchli hissiyotlarni tortib olgani sababli tizimga minnatdorchilik bildirib qo'ysa bo'laverardi...
Shunisi ma'lumki, keyingi safar VAR «Tottenxem» zarariga qaror chiqarsa, Pochettino yana tizim ustidan nolishni boshlaydi. Bu nisbat birgina argentinalik mutaxassis emas, VARning boshqa «dushmanlari»ga ham tegishli: bunday kishilar qaror o'zlarining foydalariga bo'lsa, indashmaydi, bordi-yu buning aksi ro'y bersa: «VAR - hissiyotlar kushandasi!» deb ayyuhannos solishadi. Mana shu nuqtai nazardan olib qaralsa, Xosep Gvardiola - chinakam mard inson. Chunonchi, u har qanday holatda ham, o'z fikrida qat'iy turadi.
Xosep Gvardiola (2018 yil 3 dekabr): «APL o'yinlariga videotakrorning jalb qilinmagani meni hayron qoldirdi. Zero, VAR tizimi - zamonaviy futbol uchun zarur texnologiya. To'g'ri, bugun Angliya yangilikdan yuz buryapti, ammo ertami-kech, bu tizim APLga kirib keladi».
Xosep Gvardiola (2019 yil 21 fevral. Himoyachi Otamendi chetlatilgan va «Siti» darvozasiga ikki marta penalti belgilangan «Shalke»ga qarshi o'yindan so'ng): «Men har doim VARning tarafdori bo'lib kelganman. Rostdan ham, har ikki vaziyatda penaltiga asos bor edi. Qizil kartochka xususida ham aslo hakamga e'tirozim yo'q».
Xosep Gvardiola (2019 yil 19 aprel. VAR tizimi tufayli «Tottenxem» darvozasiga urilgan gol bekor qilindi va «Manchester Siti» EChLdagi ishtirokini to'xtatdi): «Shubhasiz, Chempionlar Ligasidan chiqib ketganimiz juda alamli bo'ldi. Vaholanki, biz chiroyli o'yin ko'rsatib, ko'plab xavfli vaziyatlar yaratgandik. VAR hakamlarga bog'liq xatolarni kamaytirish uchun o'ylab topilgan. Bu texnologiyaning futbolda qo'llanilishini muntazam yoqlab kelganman va shunday bo'lib qolaveradi».
Xo'sh, EChL «pley-off» bahslarida qatnashgan va bevosita VAR bilan to'qnashgan boshqa murabbiylarning tizim haqidagi fikrlari qanday?
Deylik, Yurgen Klopp shu paytgacha VARni yoqlab yoki uni yomonlab, biror-bir keskin fikr bildirmagan. Aniqrog'i, mutaxassis shu paytgacha tizim borasida ikki martagina gapirdi, xolos. Ularning birinchisi kuz faslida, Angliya Liga kubogining «Chelsi»ga qarshi o'inidan so'ng yangragandi. Bu o'yinda hakamlar «Chelsi»ning o'yindan tashqari holatdan urilgan golini (hatto videotakrordan keyin ham) inobatga olishgandi.
Yurgen Klopp (2018 yil 27 sentyabr): «Standartdan to'p uzatilayotgan paytda «Chelsi»ning bir yo'la ikki o'yinchisi «ofsayd»da turgandi. To'g'ri, bu futbolchilar to'pga tegishmadi, ammo ular mening shogirdlarim yo'lini to'sib qo'yishdi. Agar standartlar vaqtida o'yindan tashqari holatda turgan o'yinchilarga raqib yo'lini to'sishga ruxsat berilsa, futbol butunlay o'zgarib ketadi. Shuningdek, birinchi zarbani yo'llagan Barkli ham «ofsayd»da edi. Ehtimol, bu oddiy ko'zga sezilmagandir, ammo hakamlar buni videotakrorlar orqali yaqqol sezishgandi. Ana endi menga aytinglar-chi, agar hakamlar qaror qabul qilishga cho'chishsa, VARning nima keragi bor?»
Ikkinchi safar esa Klopp «Manchester Siti» - «Tottenxem» o'yinidan so'ng VAR borasida so'z ochib, ispaniyalik hamkasbiga hamdardlik yo'lladi. Kloppning fikricha, u «Manchester Siti»dagi o'sha noxush vaziyatni «o'z tanasida yaqqol his qilgan» va haligacha qanday qilib hakamlar Rahim Sterlingning golini inobatga olishmaganini tushuna olmayotganini ta'kidlagan.
«Yuventus» klubi bosh murabbiyi Massilimilano Allegri ham EChL guruh bosqichining «Valensiya»ga qarshi o'yinidan so'ng VAR haqida ijobiy fikr bildirdi. Yodingizda bo'lsa, o'sha uchrashuvda Ronaldu maydondan chetlatilgandi. Allegrining fikricha, o'shanda hujumchiga qizil kartochka ko'rsatilmasa ham bo'lardi.
Massimiliano Allegri (2018 yil 20 sentyabr): «Shuni aniq ayta olamanki, VAR bu vaziyatda hakamga katta yordam bergan bo'lardi. Bunday holatdan keyin EChL o'yinida kamchilik bo'lib qolish juda qiyin. Buning natijasida biz mag'lub bo'lishimiz ham hech gap emasdi. Ayonki, keyingi o'yinlarda Ronalduning o'rni bilinadi».
VAR haqidagi fikrlar «Barselona» bosh murabbiyi Ernesto Valverdeda ham bor. APLdan farqli ravishda, La Liga allaqachon referi videoassistenti xizmatidan foydalanishni yo'lga qo'ygan va Ernesto boshchiligidagi «Barsa» VAR bilan nafaqat ChL, balki ichki chempionatda ham bir necha marta to'qnash keldi.
Ernesto Valverde: «VAR va boshqa yangi texnologiyalar futbolning chinakam qoidalar asosida, halol o'tishi uchun yordam beradi, deb umid qilaman. Ammo bu yangiliklarning bevosita o'yinga ta'siri haqida hozircha yakuniy xulosalarni bildirmay turgan ma'qul. Deylik, shaxsan men VAR tufayli futbolda shiddatga putur etishini xohlamayman, chunki futbol o'z shiddati bilan jozibali. Shubhasiz, ba'zida hakamlarga tashqi yordam kerak, lekin biz o'sha yordamni ideal tarzda bera olamizmikan, degan savol tug'iladi. Bas, shunday ekan, men ham xuddi sizlar kabi, bularning oxiri nima bilan yakunlanishini kutganim afzal».
«Ayaks» ustozi Erik ten Xag hozircha tizim haqida umuman og'iz ochmayotgandi, ammo «Ayaks»ning «Real»ga qarshi birinchi o'yindagi goli bekor qilingach, o'zini tutib tura olmadi: «Bu sharmandalik. Bizning «toza» golimiz inobatga olinmadi. Hakamlar esa tinmay o'sha vaziyatda Tadich raqib darvozaboniga xalal berganini ta'kidlashmoqda. Videotakrorlarni o'zim ham ko'rdim, lekin golni bekor qilish uchun ular aytgan «jiddiy sabab»ni topa olmadim».
Murabbiylardan so'ng VAR tizimi bo'yicha rus sharhlovchisi Vasiliy Utkin ham o'z fikrlarini quyidagicha bayon qiladi: «Ilm-fan va texnika taraqqiyoti insonga qarshi bo'lolmaydi. VAR shu paytgacha futbolga jiddiy ziyon keltirmadi. Meni aytdi deysiz, hali VAR muxlislarga shunday quvonch tuyg'ularini olib keladiki, bunaqasini hatto tasavvur ham qila olmaysiz».