So'ngi transfer yangiliklar
Messi Realga o'tmoqchi !!!
AslFUTBOL.NET - Asl Futbol muxlislar sayti
Muzaffar Muzaffarov: «Uddalab bo'lmas ishning o'zi yo'q»
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 724
Superliga jamoalari turdan turga o'z sport formalariga kirib borishmoqda. Maqsadlar ulkan: Toshkent shahri klublari doimgidek chempionlikni vazifa qilib, shunga yarasha harakat qilayotgan bo'lishsa, viloyat jamoalari asosan muxlislarbop, chiroyli futbol ko'rsatishga intilishmoqda.
Bu albatta, quvonarli hol. O'tgan mavsum muxlislar va mutaxassislar tomonidan ko'p tilga olingan Bekobodning «Metallurg» klubi ham dastlabki turlardan mazmunli o'yin namoyish etishga intilyapti. Tarkibini Server Jeparov, Bahrom Abdurahimov kabi tajribali futbolchilar bilan kuchaytirgan jamoaning natijalari hozircha chakki emas. Qolaversa, muhim uchrashuvlar hali oldinda. Har bir o'yinda qo'lga kiritilgan ochko jamoa a'zolari uchun ruhiy ko'tarinkilik taqdim etishi shubhasiz. «Neftchi» va AGMKdagi o'yinlari bilan ommaga tanilgan Muzaffar Muzaffarov joriy yildan e'tiboran bekobodliklar sharafini himoya qilmoqda. Biz yaqinda ushbu futbolchi bilan bog'lanib, turli mavzularda suhbatlashdik.
- Muzaffar, yangi mavsumning ortda qolgan uchrashuvlari haqida fikr-mulohazalaringiz bilan o'rtoqlashsangiz...
- O'tgan vaqt mobaynida bir qator o'yinlar o'tkazdik. Ma'lumki, mavsum startida «Dinamo»ga qarshi maydonga tushib, alamli mag'lubiyatni qabul qilib oldik. Qarangki, futbolda yaxshi o'ynab ham gohida yutqazib qo'yish mumkin ekan. Mag'lubiyat bilan mag'lubiyatning farqi bor, menimcha. Gohida butun o'yin davomida ustunlik qilasan-u, ammo yakunda natija raqib tomoniga o'tib ketadi. Samarqand klubiga qarshi bahsda xuddi shunday bo'ldi. Umuman olganda, bu mavsum deyarli barcha jamoalar teng kuchga ega ekanligini ko'rsatishmoqda va bu albatta, raqobatning oshishiga xizmat qiladi.
- Superliganing siz uchun kutilmagan voqeasi nima bo'ldi?
- «Surxon» va «Dinamo» klublari nafaqat meni, balki ko'pchilikni hayron qoldirishyapti. To'g'ri, ular kutilmaganda elitada paydo bo'lishdi. Biroq bu jamoalar ko'rsatayotgan o'yin hamda natijalar tahsinga loyiq. Uzoq muddatdan so'ng kuchlilar safiga qaytgan «Surxon» o'z uyida «Paxtakor» bilan durang qayd etdi. Davron Fayziev shogirdlari esa «So'g'diyona»ni mag'lub etishdi. Qolaversa, barcha jamoalar yaxshi sport formasiga kirishayotganini takidlab o'tish joiz. Oldinda hali bahslar ko'p, shuning uchun xotirjamlikka berilishga erta.
- Nima deb o'ylaysiz, «Paxtakor» va «Lokomotiv» qarshiligini engib, chempion bo'lish uchun viloyat jamoalariga nima etishmaydi?
- Aslida, poytaxtning ikki klubi bilan ham o'ynasa bo'ladi. Lekin real olib qarasak, ular tarkib jihatidan va boshqa bir qator ishlar bo'yicha boshqalardan sezilarli darajada ustunlikka ega. Shu jumladan moliyaviy imkoniyatlar borasida ham. Menimcha, bu yil birinchilikni «Paxtakor» hech kimga bermasa kerak. O'yin taraflama, tarkibidagi futbolchilar tomondan ham ularda muammo yo'q. «Paxtakor»ga yana bir boshqa jamoa - «Lokomotiv» jiddiy raqobat tug'dirishi mumkin. Albatta, «Metallurg» o'z oldiga jiddiy vazifalarni qo'ygan va ular bilan munosib kurashishga harakat qilamiz. Zero futbolda uddalab bo'lmaydigan ishni o'zi yo'q.
- Server Jeparov bilan birga to'p suryapsiz. Tajribali futbolchidan nimalarni o'rganyapsiz?
- Uning jamoamizda o'ynashining o'zi katta gap. Jeparovdan o'rganadigan narsalar ko'p. Bu futbolchi bekorga Osiyoning ikki karra eng yaxshi futbolchisi sifatida e'tirof etilmagan. O'z vaqtida yurtimiz futboli rivojiga ulkan hissa qo'shgan va bu holat davom etmoqda. Jeparovning «Metallurg»dagi faoliyatiga kelsak, u birinchi navbatda, tartib-intizom masalasi bo'yicha barchaga o'rnak bo'lmoqda. To'plagan tajribasini biz - yosh futbolchilar bilan bo'lishmoqda. Bilganlarini erinmay, batafsil tushuntiradi. Maydonda ham, uning tashqarisida ham samimiy inson.
- Evropa futbolini kuzatib borasizmi? Sizningcha, «Manchester Yunayted» Sulsher bilan avvalgi darajasiga qayta oladimi?
- Evrofutbolni tomosha qilmaydigan futbolchi yurtimizda topilmasa kerak. Menimcha, «MYu» tez orada avvalgi obro'sini tiklaydi. Sulsher futbolchilik davrida bu klub bilan ko'plab sovrinli o'rinlarni egallagan. Garchi shaxsan o'zim mazkur jamoa muxlisi bo'lmasamda, inqiroz davri ortda qolganiga ishonaman. Muxlislar norvegiyalik murabbiyga ishonishda davom etishlari kerak. U albatta, keyingi mavsumda o'z so'zini aytadi. Qolaversa, Sulsher klub boshqaruviga mavsumning qoq o'rtasida kelganini ham inobatga olish kerak. Chempionat boshida kelganida, boshqa gap edi.
- «Ayaks» Chempionlar Ligasida «to'fon» ko'tarmoqda...
- Aslida yoshlardan iborat bu jamoaning natijalaridan hayratlanmaslik kerak. Chunonchi, amsterdamliklar bundan ikki yil avval Evropa Ligasi finaliga qadar etib borishgan. Boz ustiga, Ten Xag shogirdlari har bir o'yinda bosimsiz o'ynab, quvnoq futbol namoyish qilishyapti. «Yuventus»dek klub taslim etildimi, demak, «Ayaks» Evropadagi istalgan jamoani mag'lub etishga qodir. Eng muhimi, klub a'zolarida bunga to'liq ishonch bor.
- APLda kim chempion bo'lishini kutyapsiz?
- Nazariy jihatdan «Liverpul»ning imkoniyatlari balandroq. Zero yaqin ta'qibchi - «Manchester Siti»ni oldinda ikkita qiyin bellashuv kutyapti. Aslini olganda, «Liverpul» ham, «Manchester Siti» ham birinchi o'rinni egallashga loyiq. Qolganini esa vaqt ko'rsatadi.