So'ngi transfer yangiliklar
Messi Realga o'tmoqchi !!!
AslFUTBOL.NET - Asl Futbol muxlislar sayti
Xurshid G'iyosov: «Murabbiy tartibli futbol ko'rsatishimizni talab qilmoqda»
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 718
Toshkentning «Bunyodkor» klubi uchun joriy mavsum starti og'ir keldi. Superliga dastlabki turida jamoa Jizzaxdan alamli mag'lubiyat bilan qaytgan bo'lsa, ikkinchi turdan o'rin olgan poytaxt derbisida yaxshi o'yin namoyish etgani holda, ochkosiz qoldi.
Albatta, «qaldirg'ochlar» ustozi Vadim Abramov jamoani qaytadan shakllantirayotganini ham unutmaslik kerak. Muhimi, «Bunyodkor» keyingi o'yinlarda ketma-ket g'alabalarni rasmiylashtirdi.
Dastlab Farg'onada «Navbahor» taslim etilgan bo'lsa, so'ngra «Andijon» mag'lubiyatga uchratildi. Yaqinda Toshkent jamoasi etakchilaridan biri Xurshid G'iyosovdan intervyu olib, unga o'zimizni qiziqtirgan savollar bilan murojaat etdik.
- Xurshid, «Navbahor» bilan o'yinda qo'lga kiritilgan g'alabani sensatsiyaga qiyoslasak bo'ladimi?
- Yo'q, zero «Bunyodkor» o'ziga yarasha obro'ga ega klub. Ko'rdingiz, birinchi bo'limda o'zimiz xohlagan o'yinni ko'rsata oldik. Ya'ni, raqibni uslubimizga moslashtirdik. Bunday paytda ko'proq to'p bilan muomala qilgan jamoaga osonroq bo'ladi. Murabbiyimiz ham o'yindan oldin tartibli futbol ko'rsatishimizni talab qildi. O'ylashimcha, muxlislar zerikib qolishmadi. Qo'lga kiritilayotgan g'alabalar yosh futbolchilarning o'ziga bo'lgan ishonchini yanada oshirishiga xizmat qilsa, ajabmas.
- G'alabalar nimaning evaziga qo'lga kiritilmoqda? Jamoaning aksariyat qismi yoshlardan iborat ekanligini inobatga olsak, kuchli raqiblarni engish oson bo'lmaydi.
- Darhaqiqat, jamoamiz asosi yoshlar evaziga qurilgan. Muhimi, ularda ishtiyoq juda yuqori, ayni kuch-quvvatga to'lgan mahal. Qolaversa, ko'p narsa murabbiyga ham bog'liq. Vadim Karlenovich kuchli va tajribali mutaxassislar sirasidan. Aynan murabbiy qo'llagan taktika va ko'rsatmalarga tayanmoqdamiz. Har bir o'yinda Abramov tuzgan rejani maydonda ko'rsatishga harakat qilsak, kerakli natijaga erisha olamiz.
- Siz bilan birga olimpiya terma jamoasida o'ynagan sheriklaringizning aksariyati xorij jamoalariga yo'l olishdi. O'zingizning bu boradagi rejalaringiz qanday?
- Ayrim xorij klublaridan takliflar bo'ldi. Lekin bu haqda biror-bir fikr bildirolmayman, barchasi aniq bo'lgandan so'ng nimadir deyish mumkin. «Bunyodkor» bilan yana bir yillik shartnomam bor, shu bois hozir bor e'tiborim o'z jamoam o'yinlariga qaratilgan.
- Superliga joriy yildan e'tiboran yana ikki davrali tizmda o'tkazilmoqda. Mazkur omil «Bunyodkor»ga qandaydir engillik taqdim etadimi?
- Menimcha, buning farqi yo'q bo'lsa kerak. Chunki har bir o'yinda g'alaba uchun maydonga tushamiz. Bizning vazifamiz - bor kuch bilan o'ynab, muxlislarni quvontirish. Mavsum davomida nechta o'yin o'tkazilishi unchalik ahamiyatli emas.
- Nima deb o'ylaysiz, «Bunyodkor» mavsum davomida chempionat etakchilari - «Paxtakor» va «Lokomotiv»ga munosib qarshilik ko'rsata oladimi? Chunki tarkib bir muncha kuchsiz bo'lsada, Toshkent derbisida jamoangiz ko'rsatgan o'yin ijtimoiy tarmoqlarda yuqori baholandi.
- Albatta! «Bunyodkor» nomining o'zi mashhur. Klub logotipi tushirilgan libosda maydonga tushgan har bir futbolchi o'zini ayamasligi lozim. Kim bilan o'ynashimizdan qat'iy nazar, ijobiy natija ilinjida harakat qilamiz. Bizga hech kim chetdan kelib yordam bermaydi. Bari o'zimizning qo'limizda.
- 2015 yili Yangi Zelandiyada bo'lib o'tgan kichik jahon chempionatidan qanday taassurotlar qolgan?
- Ushbu mundialga 2014 yili Myanmada o'tkazilgan Osiyo chempionati orqali yo'llanma olganmiz. Jahon chempionatida, bilasiz, kuchli guruhdan o'rin olganmiz. Gonduras, Germaniya, Fiji bizga raqiblik qilgandi. Gonduras bilan yaxshi o'ynab, 3:4 hisobida mag'lubiyatga uchraganmiz. Germaniyaga esa 0:3ga yutqazgandik. Shundan so'ng guruhdan chiqishimizga ishonch qolmagandi. Biroq Fijini yutib, mo''jiza tufayli 3 ochko va ikkinchi o'rin bilan keyingi bosqichga yo'l oldik. Evropa vakili Avstriya bilan o'yinda yaqqol ustunlikka erishib, 2:0 ko'rinishida zafar quchdik. Yigitlarda o'zlariga bo'lgan ishonchi yuqori edi. Hatto juda kuchli Senegal to'sig'idan o'tishimiz ham mumkin edi, ammo... O'ylashimcha, kichik mundial barchamiz uchun katta maktab vazifasini o'tadi. Osiyo jamoalari orasida faqat biz muvaffaqiyatli ishtirok etib, OFK e'tirofini qozondik.