So'ngi transfer yangiliklar
Messi Realga o'tmoqchi !!!
AslFUTBOL.NET - Asl Futbol muxlislar sayti
Haqoratga javobmi yoki...?
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 97
Norvegiya milliy jamoasi EML 2-turida Shvetsiya termasini 2:1 hisobida engdi va o'z guruhida peshqadamlikni qo'lga oldi...
Bosh qahramon - yana o'sha Erling Xoland. «Manchester Siti»ning yangi a'zosi avvaliga penaltini ishonchli tarzda amalga oshirdi, keyin «dangasa» o'ng oyog'ini ishga solib, Robin Olsenni yana bir bora ojiz qoldirdi - «dubl». Quyidagi maqola o'yinda kuzatilgan yana bir voqea tafsilotlari haqida.
Ikki gol urish Xoland uchun oddiy voqea darajasida, albatta. Biroq 21 yoshli hujumchining maydonda mojaro ko'tarishi... Ha, norvegiyalik futbolchi vaziyatlardan birida raqib jamoa markaziy himoyachisi Aleksandr Miloshevich bilan janjallashib ketdi. «Birinchidan, u avvaliga meni haqoratladi: «Fohisha». Qalbga og'ir botadigan g'irt bo'hton. Ikkinchidan, oyog'imni sindirishini aytib, dag'dag'a qildi. Muhimi, shundan atigi 1,5 daqiqa o'tib, gol urdim. Shunisi ajoyib bo'ldi», - deya izohladi Erling o'yindan keyin o'z xatti-harakatini.
Lekin translyatsiya vaqtidagi holat boshqacha taassurot uyg'otadi. Ya'ni Miloshevichning tabassum bilan Xolandga nimadir deganiyu, Erling g'azablanib, o'girilib ketgani kadrga tushgan. Boz ustiga, Miloshevich norvegiyalik hujumchini haqoratlamaganini qat'iy ohangda ta'kidladi: «Yo'q, hech qachon birovga nisbatan fohisha iborasini ishlatmayman. Qolaversa, norveg tilini bilmayman, u esa shvedchani tushunmaydi. Shunday ekan, meni ayblashi juda g'alati. Hattoki, maydonda ingliz tilidan ham foydalanmayman». Biroq shunisi borki, shved va norveg tillari o'rtasida o'xshashliklar juda ko'p. Qisqasi, hammasi mavhum.
Bundan tashqari, shvetsiyalik himoyachi va jurnalist o'rtasidagi qisqacha suhbat ham kishini o'ylantiradi:
- Maydonda Xolandga nisbatan g'azab bilan o'ynadingmi?
- Yo'q, to'g'risi, bunday emas. Faoliyatimda kuchliroq g'azab ostida o'tkazgan o'yinlarim juda ko'p.
- Xoland senga qarshi o'ynagan eng kuchli futbolchimi?
- Yo'q.
- Eng yaxshilaridan birimi?
- Yo'q.
Miloshevichning o'yindan keyingi gaplari Xolandni zarracha qiziqtirmagan bo'lsa kerak. Zero, u kiyinish xonasida juda xushchaqchaq ko'rindi. Endi hamma norvegiyalik goleadorning APLdagi olovli perfomansini yanada ilhaqlik bilan kutmoqda.
Daniya termasiga qarshi o'yindan so'ng Erling Xolandning milliy jamoadagi statistikasi yanada vahimali ko'rinish oldi: 19ta o'yinda 18ta gol. To'g'ri, u kichik yubiley - 20-o'yinida Sloveniya termasi darvozasiga yo'l topolmadi. Shu tariqa Xolandning Norvegiya bosh jamoasida 7ta o'yinga cho'zilgan golli seriyasi uzilib qoldi.
Manba: «Interfutbol» gazetasi