So'ngi transfer yangiliklar
Messi Realga o'tmoqchi !!!
AslFUTBOL.NET - Asl Futbol muxlislar sayti
Yangi xo'jayin okean ortidan
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 137
Yakunlangan mavsumda 11 yillik tanaffusdan so'ng Italiya chempionatida g'olib chiqqan «Milan»da xo'jayinlar o'zgaradi. AQShning RedBird Capital investitsiya kompaniyasi so'nggi yillar davomida «rossonerilar»ga egalik qilgan Elliott Advisors fondi bilan klubni sotib olish bo'yicha kelishuvga erishdi. Bitim narxi - 1,2 milliard evro. Elliott aktsiyalarning mioritar paketi hamda direktorlar kengashidagi joyini saqlab qoladi.
Eslatib o'tamiz, Elliott «Milan» nazoratini 2018 yilda qo'lga kiritgan, o'shanda sobiq xo'jayin, xitoylik biznesmen Yonxon Li fondga olgan qarzini qaytarolmay, «qizil-qoralar»ni bankrotlik yoqasiga olib borib qo'ygandi. Operatsion ziyon 560 million evroni tashkil etgandi. Iqtisod rejimi «yoqildi», «Milan» bor vositalari evaziga kun kechirib, ortiqcha xarajatlardan qochdi. Shu sababli Janluiji Donnarumma, Hoqon Chalxanoglu va Frank Kesse bilan shartnomalarni uzaytirish imkoni yo'qoldi. Shunga qaramay, zarar miqdori bosqichma-bosqich kamayib, mavsum-2020|2021da bor-yo'g'i 60 million evroni tashkil etdi.
Biroq Elliott ishlarni tartibga solishdan tashqari, yangi xaridor topishdan umidvor ekanini ham yashirmadi. Aprel oyi oxirida klub Bahraynning yirik investitsiya fondi - Investcorp ixtiyoriga o'tadigandek ko'ringandi. Xarid summasi 1,1 milliard evroga baholangan, Yaqin Sharq davlati esa BAA, Qatar va Saudiya Arabistoni singari qo'shnilari qatori Evropa klubiga egalik qilishi mumkin edi. La Gazzetta dello Sport xabariga ko'ra, bahraynliklar shu yilning yozida transferlarga 300 million evro ajratishni rejalashtirishgandi. Biroq yakunda vaziyat o'zgardi - Elliott va RedBird Capital o'rtasida kelishuv imzolandi.
«Biz uchun «Milan» shonli tarixining bir qismiga aylanish ulkan sharaf. Jamoa haqli ravishda Italiya, Evropa va jahon futbolidagi o'rniga ega bo'ladigan keyingi davrda muvaffaqiyatga o'z ulushimizni qo'shishdan xursandmiz», - deydi RedBird kompaniyasi asoschisi va boshqaruvchilaridan biri Jerri Kardinale.
Mazkur voqeaning o'ziga xos ikki jihati e'tiborga molik. Birinchisi - qariyb bir yil avval RedBird Capital «Liverpul»ga egalik qiladigan Fenway Sports Group kompaniyasining 10 foiz aktsiyasini sotib olgandi. Ushbu holatda manfaatlar to'qnashuvi bo'yicha savol tug'ilishi mumkin. Ammo Fenway Sports Group aktsiyalari shunchaki, passiv investitsiya hisoblanadi. RedBird Angliya klubi boshqaruvida qatnashmaydi, «qizillar» direktorlar kengashida ushbu kompaniyadan vakil yo'q.
Shunday ekan, UEFA «Milan» va «Liverpul»ning Chempionlar Ligasidagi ishtiroki bo'yicha e'tiroz bildirmasa kerak. Axir Evropa futbol ittifoqidagilar o'z vaqtida nisbatan murakkabroq hisoblangan «Leyptsig» va «Zaltsburg» masalasini ijobiy hal etishgan.
Ikkinchi faktor - Evropaning yana bir top-klubi AQSh investorlari nazoratiga o'tdi. «Milan» sotilishidan biroz avval amerikalik biznesmen Tod Boeli rahbarligidagi konsortsium «Chelsi»ni xarid qilgandi. «Liverpul» haqida yuqorida gapirdik. «Manchester Yunayted» Gleyzerlar oilasi nazoratida, «Arsenal»ni Sten Kronke boshqaradi. «Kristal Pelas» va «Bernli»ning bosslari ham amerikalik, okean ortidagi boylar «Lids» hamda «Aston Villa»da yirik aktsiyalarga egalik qilishadi.
Italiyaga kelsak, AQSh biznesmenlari nazorati ostidagi klublar - «Roma», «Fiorentina», «Atalanta» (aktsiyalarning 55 foizi), «Jenoa», «Parma», «Spetsiya», «Venetsiya». Frantsiyada «Marsel» xuddi shunday maqomda.
A.AHMEDOV tayyorladi
Manba: «Interfutbol» gazetasi