So'ngi transfer yangiliklar
Messi Realga o'tmoqchi !!!
AslFUTBOL.NET - Asl Futbol muxlislar sayti
«Ilk g'alaba oqimi» yoxud «Surxon» ham o'ziga o'xshamadi...
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 693
«Navbahor» - «Surxon» o'yinida hisob 3:0ga etgach, sharhlovchi Abdulla Nurmonov «Mana sizga futbol!» - dedi chiroyli o'yin zavqidan. O'yin yakunlanishi bilan pult tugmachasi «Futbol 1» telekanalini topdi. O, «Everton» - «MYu» uchrashuvida hisob bundan-da yaxshiroq ko'rinish olibdi - 4:0! Farg'onadagi uchrashuv tanaffusida «Everton» 2:0 hisobida oldinga chiqib olganini bilgandik. Darhol «MYu» muxlislari va Doniyorbekni esladik. Ular ardoqli shoirimiz Rauf Parpining quyidagi misralarini takrorlayotgan bo'lishsa, neajab?
Yomg'ir yog'ar, shig'alab yog'ar,
Tomchilar tomchilab sochimga.
Yomg'ir yog'ar, shig'alab yog'ar,
Ham qayg'um, ham quvonchimga...
Tushunsa bo'ladi. Bu yoqda «lochinlar» g'alaba qozonishdi, u yoqda «qizil iblislar» mag'lub...
Yuqoridagi so'zlarni qog'ozga tushurib ulgurmasimizdan «So'g'diyona» -«Metallurg» uchrashuvini sharhlayotgan Xayrullo Hamidov hayqirdi: «Shohruz Norxonovdan ajoyib gol! Parashyut uslubida! Van Basten aytganidek, chiroyli gol - tavakkalchilik mahsuli!»
Muhtaram muxlis! O'tgan hafta nihoyasidagi o'yinlar hayajonini ataylab yana bir bor yodingizga soldik. Bilamiz, gollar va «intriga»ga boy uchrashuvlar hamon xayolingizda. Qarang, «Ayaks» birdan ko'pchilikning erkatoy jamoasiga aylandi. Shu boismi, ayrimlar «Bunyodkor»ni «O'zimizning «Ayaks», deb suyushmoqda. Gollandiyalik yosh Matteys de Ligt evroarenada doston, Jasur Jaloliddinov mamlakatimiz futbol muhitida mashhur. Andijondagi bayram esa hammaning og'zida. Viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonov maosh olishmasa-da, g'ayrat bilan to'p surayotgan «qaldirg'ochlar» havasini keltirib, «Andijon»ning har bir futbolchisini 10 million so'mdan pul mukofoti bilan taqdirladi. Xalqqa quvonch ulashishni istagan va albatta, o'z sha'nini ham o'ylagan viloyat rahbariga xos muhim fazilat bu! Aslida u ham «Futbolni qo'ya tur, shuncha ish qarab turibdi»,- desa bo'lardi. U holda o'tgan mavsum oxirida dramatik kechgan «Andijon» - «Istiqlol» uchrashuvidagi qiyin va bahsli g'alabaning ahamiyati qolmasdi. Andijonda katta futbol kelajagiga ishonch yo'qolardi. Xullas, viloyat hokimi «Andijon»ning g'alabasi uchun nima qilsa qildi - pul berdi, mashina topshirdi, futbolchilar bilan o'ynadi. Ha, g'alaba uchun hokim o'ynadi!
Uzr! Yana Xayrullo hayqirmoqda. Shohruz Norxonov ishini endi Elyor Orifov takrorladi. Qoyil! Lekin «Metallurg»ning uyg'onmayotgani g'alati. Axir Bekobod jamoasi safarda bo'lsada, «So'g'diyona»ga bosim o'tkazishga qodir kuchli tarkibga ega. Biroz tortinish bordek «Metallurg»da. Mehmonlar Ulug'bek Baqoevni ayashdimi?! Yo'q, xayriyat, Bahodir Pardaev gol urdi.
Yana avvalgi mavzuga qaytamiz. Negaki, hokimlarning futbolga munosabatlari Superligani qizitmoqda. Ana, Namangan viloyati hokimi Xayrulla Bozorovning dastlabki 3ta turdan so'ng atigi 1 ochko bilan turnir jadvali quyisiga joylashgan «Navbahor» bilan shaxsan shug'ullangani samara keltirdi. Qarshidagi g'alaba - ko'proq Namangan viloyati hokimi sa'y-harakatlari mahsuli. «Lochinlar» Farg'onada ham «Surxon»ga qarshi shukuh bilan o'ynashdi. Andrey Kanchelskisning mahorati masalasi o'z yo'liga. Bizningcha, g'alabada muxlislarning chinakam qo'llab-quvvatlashlari va rahbar oldidagi mas'uliyat hissasi katta. Qolaversa, «Surxon» ham o'ziga o'xshamadi. Andrey Miklyaev nimalarni o'ylagani bizga qorong'i. Anig'i shuki, voha jamoasida g'alabaga ishtiyoq sezilmadi. Jizzaxdagi o'yin haqida ham shunga yaqin mulohaza bildirish mumkin. Farqi shundaki, «Metallurg» «quruq» mag'lubiyatni istamadi. Yo'q, mag'lubiyatni istamagani tayin, lekin uni tan oldi...
O'yin tugagach, yana «Futbol 1» sari shoshdik. Buni qarang, Aleksandr Elaginning ehtirosli ovozi yangramoqda: «Odin - nol! Tretiy gol Jorjino Veynalduma v APL!» «Siti» va «Liverpul» «quvdi-quvdi»si avjida! Mayli, APL o'z yo'lida davom etaversin. Biz uchun hozircha Superliga taassurotlari muhimroq. «Navbahor» va «Andijon» ilk g'alabani nishonlagach, muxlislar ochiqdan-ochiq gapirishdi: «Qarab turasizlar, «Qo'qon-1912» ham safarda «Qizilqum»ni engadi. G'alaba qozonmagan yolg'iz jamoa bo'lib qolishni xohlamaydi!» Oxir-oqibat, shu ishonch oqlandi. Ofarin! Muxlislar Superligada ko'zga tashlanayotgan «ilk g'alaba zarurati» oqimini payqashdi. Shunday qilib, Superliga turnir jadvalida jamoalar bir-biridan ko'ngli qolmaydigan holatda. Go'yo «Har bir klub - o'zi va boshqalar uchun!» shiori hukm surayotgandek. Shu farazga asoslansak, g'alaba qozonish navbati endi «Nasaf»da.
Mulohazalarimiz nihoyasida Jasur Jaloliddinov kabi 10-sinfda o'qiyotgan Nurmuhammad Masharifxo'jaevning bir she'rini e'tiboringizga havola etamiz. Futbol poeziyasida G'ulomjon Hamidov kabi o'z o'rnini topishni istayotgan yosh iste'dod egasiga omad tilaymiz.
Shaffoflikni yo'qotma, futbol
Maydonlarga muxlis shod kelsin desang,
Stadion muxlis bilan to'lsin desang.
Nihollar ham ko'kka bo'y cho'zsin desang,
Shaffoflikni yo'qotma, futbol!
Ko'chaga chiq, qara ko'pdir iqtidor,
Lekin hammasiga etmas e'tibor.
Kuz kabi to'kilma, bo'l yashil bahor,
Shaffoflikni yo'qotma, futbol!
Futbolchi futbolga jonini bersa,
Maydonda izlagan o'yinin ko'rsa.
Fanatlarning baxti ochiqlik bilsang,
Shaffoflikni yo'qotma, futbol!
Futbolga borini beradi fanat,
Mudramagin, bo'ldi, olamni yashnat!
Muxlislarga ko'rsat toza muhabbat,
Shaffoflikni yo'qotma, futbol!
Boshlarni og'ritar «mayda-chuydalar»,
Bil, bekorchi gaplar vaqtingni olar.
Ochiq o'yin muxlis qalbida qolar,
Shaffoflikni yo'qotma, futbol!
Quyoshga qarayman, jim turgani yo'q,
Lekin erga tushib ham yurgani yo'q.
Tiriklik erda bor, quyoshda-chi yo'q,
Shaffoflikni yo'qotma, futbol!
Ishqingda kuyganlar ko'p milliondan,
Seni aziz bilar, tandagi jondan.
Insof qilgin, sen ham chiqma iymondan,
Shaffoflikni yo'qotma, futbol!
Dillarda yashnaydi futbol degan nom,
Dum-dumaloq to'p-u, yam-yashil maydon.
So'zimning oxirida xullasi kalom,
Shaffoflikni yo'qotma, futbol!