Davrimiz Qahramoni yoki yana Pochetino haqida...
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 1245
Maurisio Pochettino birinchi ustozi Marselo Belsadan falsafani, Fergyusondan menejerlik iqtidori, Vengerdan o'yin romantikasi, Anchelottidan shogirdlari bilan to'g'ri munosabat o'rnatishni, Kontedan olovli hissiyotlarni o'rgandi. Ayni dam Pochettinoni jahonning eng yaxshi murabiiyi deyish mumkin. Bu biroz balandparvoz e'tirof deysizmi? Barchasini faktlar isbotlab turibdi. Maurisio haqiqiy titan kabi ishlamoqda. U chiroyli futbol timsoli. E'tiborlisi, kamtarona moliyaviy imkoniyatlardan ham unumli foydalanmoqda. Yana qanday paytda - millionlar o'yinida yirik mablag'lar aylanayotgan bir davrda-ya!
Spartancha sharoitda
Pochettinoning «qoni» 2018 yilning 31 yanvarida «tozalandi». Ya'ni 28 million evroga Lukas Moura sotib olindi. Bunga qadar 2017 yil yozida Serj Ore (25 mln.) hamda Fernando Lorente (8 mln.) tarkibga qo'shilgandi. APL klublari transferlarga ertaknamo summalarni sarflashayotgan bir pallada, Pochettino bir yarim yil mobaynida rahbarlardan sariq chaqa ham olmadi!
Ishonish qiyin: shunga qaramay, jamoa chiroyli va sifatli futbol ko'rsatmoqda, muntazam ravishda Chempionlar Ligasida qatnashmoqda, APLda kumush va bronza medallariga ega chiqmoqda. Faqatgina bir muammo bor: zaxira o'rindig'ining nochorligi o'ta mas'uliyatli damda pand bermoqda.
Konte va Ranerining chempionlikka erishishganini Pochettino alam bilan kuzatdi. Vaholanki, o'sha mavsumlarda «Tottenxem» boshqa mavsumlarda «oltin» uchun etarli bo'ladigan darajada ko'p ochko to'plagandi. 2016|2017 yillar mavsumida «shporlar» 86 ochko jamg'arib, ikkinchi o'rinni egallashdi. Bir yil avval xuddi shunday ko'rsatkich bilan chempionlikka erishish mumkin edi, biroq nogahon yuksaklikka ko'tarilgan «Lester» ularga xalal berdi. Aynan shu 86 ochko ikki yil avval, futbol kosmik darajadagi pullar og'ushiga burkanib ulgurmagan paytlarda ham chempionlik uchun etarli bo'lardi.
Pochettino erishayotgan yutuqlarga qarab bir maqolning haqiqat ekanini tushunasiz: barqarorlik - mahorat belgisi. Maurisio ixtiyoridagi futbolchilardan 150 foiz foydalandi. Faqat ayrim pallalarda omad etishmadi.
U misoli o'z «Oskar»ini kutayotgan aktyordek, lekin ko'pincha o'ziga bog'liq bo'lmagan sabablar tufayli mukofotdan chetda qolyapti.
Shogirdlari haQida
Argentinalik mutaxassis Dele Allidek iqtidor sohibini kashf etdi. Aynan Pochettino qo'l ostida Eriksen top darajadagi pleymeykerga aylandi. Maurisioning sa'y-harakatlari bilan «Tottenxem» Angliya termasi bazasi bo'ldi. Darvoqe, Klopp ham argentinalik hamkasbidan qaysidir ma'noda qarzdor: Pochettino «Sautgempton»da ishlagan kezlari Deyan Lovren va Sadio Maneni tarbiyaladi. Keyinchalik Gvardiola uchun Kayl Uokerni tayyorlab berdi.
Va albatta, Pochettinoning personal tarzda yaratgan zumradi - Garri Keyn. «Zumrad» so'zini ham balandparvoz so'z demang. Ayni payt Keynning narxi - 150 mln. evro. Maurisio qo'l ostida u bir o'yinda darvoza tomon 5tadan kam zarba yo'llamagan. Garri gol urish uchun 10 zarba yo'llashi shartmas (Krishtianu kabi). Bir o'yinda 3,7ta zarba kifoya. U har mavsum o'rtacha 25ta gol urmoqda. Xg (kutilayotgan gollar) ko'rsatkichida 20ta gol qayd etilgan payt Keyn kiritgan to'plar soni 29taga etgandi (mavsum-2017|2018 statistikasi). Bu yuqori mahoratdan darak. Garri darhaqiqat iste'dodli hujumchi: har ikki oyog'ida yaxshi o'ynaydi, boshi bilan beradigan zarbalariga gap bo'lishi mumkinmas. Pochettino qo'l ostida u barcha jabhada o'sishga erishdi: hujumga biroz orqaroqdan kirishish, sheriklariga ko'maklashish, «o'nlik» pozitsiyasida o'ynash. U tez-tez trenajyor zallarida ishlaydi, toki murabbiy kelib u erdan haydamaguncha. Keyn bosh murabbiyning himoyasida.
O'zaro munosabatlar
Ittifoqo, Angliya termasi va «Tottenxem» himoyachisi Denni Rouz tog'asining o'limidan xabar topdi. Qayg'u va motam holatida birinchi bo'lib... murabbiyga qo'ng'iroq qildi. Pochettino taskin berish maqsadida darhol shogirdining yoniga shoshdi. Bu - murabbiy va futbolchi o'rtasidagi ishonchli va yaqin munosabatdan, argentinalik mutaxassisning ushbu masaladagi salohiyatidan darak. Boshqa futbolchilar ham uni yaxshi ko'rishadi.
«Biz murabbiyimiz uchun kurashishga hamisha tayyormiz», - deydi Keyn.
Pochettino uchun hattoki, liboslar yuviladigan kukun hidi ham muhim: echinish xonasida o'yinchilarni yoqimli is bilan ta'minlash kerak. Mayda-chuydalarga bu qadar e'tibor qaratishga nima deysiz?
Shuningdek, «Espanol»da ishlagan kezlari Pochettino fitnes bo'yicha murabbiyni ishdan bo'shatdi, vaholanki, o'sha mutaxassis birodari edi. Bu ham argentinalikning nechog'li talabchan murabbiy ekanidan dalolat. Mazkur holatda uni Fergyusonga qiyoslash mumkin. Aytgancha, Maurisioning shotlandiyalik hamkasbiga ixlosi baland. Ularning bir-biriga o'xshash jihatlari ko'p: ikkisi ham ajoyib taktik, qo'l ostidagi futbolchilar bilan iliq munosabat o'rnatishgan, butun boshli sulola asoschilari.
«Tottenxem»da 20 yil faoliyat yuritmoqchiman», - deydi Pochettino. Agar argentinalik mutaxassis ham Aleks Fergyusonning yo'lidan borib, murabbiylar tsexining etuk namoyandasiga aylansa, ajoyib bo'lardi.
To'siQlar haQida
Biroq bir «lekin» bor: Daniel Levi, «shporlar» prezidenti. Levi ishga shu taxlit yondashishda davom etsa, Vengerning taqdiri Pochettinoning boshiga tushishi hech gap emas. Aniqroq aytganda, jamoa chiroyli futbol ko'rsataveradi, ammo har gal sovrinlardan quruq qolaveradi. Hozir haqiqatni tan olish vaqti. Pochettino 47 yoshda, ammo jamg'armasida birorta sovrin yo'q. Argentinalik mutaxassis bu faktni ich-ichidan his qilayotgan bo'lsa, ajabmas: u «Tottenxem» darajasidan o'zib ketgan. U «shporlar»ga yuragi va mehrini tuhfa etdi. Endi kelajagi haqida o'ylashi kerak. «Santyago Bernabeu»ga ko'chib o'tish qoldirildi, u erda yana Zizu hukmronlik o'rnatdi. «MYu» Sulsherga imkoniyat berishni lozim topdi. «Yuventus»? Balki, lekin ehtimoli kam. Unda nima qilish kerak?
«Shporlar»ning endi yangi stadioni bor. Ta'bir joiz bo'lsa, yangi arena - yangi hayot. Bunday pallada murabbiydan ayrilish noto'g'ri. Pochettinoning londonliklar ustozi sifatida qolishini ko'pchilik xohlamoqda. To'g'ri, turg'unlik davrini boshidan kechirayotgan joyda ishlash qiyin, ammo chidash kerak. Fergyuson ham yulduzli onlarini uzoq kutgan.
Umuman, Chempionlar Ligasining joriy mavsumini «Tottenxem» juda yaxshi o'tkazmoqda, yarim finalga chiqish uchun dastlabki qadamni ham tashlab ulgurdi. Yozda klub rahbarlarining sustkashlik qilishga haqqilari yo'q. O'rtamiyona klubni top darajaga olib chiqish uchun bundan yaxshi imkoniyat bo'lmasligi ham mumkin. Janob Levi tarkibni biror-bir futbolchi bilan boyitishi shart. Shartli ravishda aytganda, «Ayaks»dan De Ligt, Van de Bek yoki Tadich sotib olinsa, yomon bo'lmasdi. Gap-so'zlarga qaraganda «shporlar» «Fiorentino» a'zosi Federiko Keza uchun 50 million evro ajratishga tayyor ekanlar. Nima ham derdik, Maurisioga yoqadigan xabar.
«Tottenxem» bunday murabbiyni qo'ldan chiqarmasligi kerak. Pochettinoning o'zi ham bu klubga bog'lanib qolgan. Ushbu mutaxassisdan Vengerning emas, Fergyusonning yo'lini takrorlashini kutib qolamiz.
«Bu murabbiy menga - «shporlar» ishqiboziga faxrlanishga arziydigan ko'plab sabablarni berdi. O'n yoshli o'g'lim maktabda o'zini erkin his qiladi, zero biz muxlislik qiladigan klub safida Dele Alli, Kristian Eriksen va Garri Keyn singari har hafta Premer-ligadagi istalgan klubga dars bera oladigan darajadagi futbolchilar bor», - deydi Britaniyaning nufuzli jurnalistlaridan biri Nixal Artanayke.
Maurisio Londonda qolishi kerak, ayniqsa, «Real»ga o'tish ishtiyoqi so'ngan bir pallada. Pochettino - davrimiz qahramoni, mehnat qilishda haqiqiy tiran. Bir kun kelib, kelajak avlod undan namuna olishadi.