Son Xyon Min haqida 4 ta fakt
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 4231
Xozirda o'z o'yinlari bilan muxlislarning yoqimtoyiga aylangan Son Xyon Min xaqidagi qiziq ma'lumotlarni sizlar bilan baxam ko'rdik.
Otasining xizmatlari
«Tottenhem» klubi hujumchisining dadasi ham o'z vaqtida futbolchi bo'lgan, biroq jiddiy yutuqlarga erisha olmagan ekan. Son 6 yoshidan 15 yoshga to'lguniga qadar otasi bilan shug'ullanadi. 15 yoshga to'lganidagina «Seul» klubi akademiyasiga qabul qilinadi. U akademiyada atigi 1 yilgina shug'ullanadi va «Gamburg» klubi selektsionerlari tomonidan Germaniyaga olib ketiladi. Qahramonimiz o'z intervyularida otasidan minnatdor ekanligini yashirib o'tirmaydi. Sonning bosimsiz harakat qilishi va og'ir damlarda o'yinni o'ziga bo'ysundira olish mahorati ham aynan dadasining hizmatlari bo'lsa, ajab emas.
Nistelroy menga o'z otamdek yaqin
Futbolchi «Gamburg» akademiyasida ikkita ajoyib mavsumlarni o'tkazgach, klub u bilan 4 yillik shartnoma imzolaydi. Aynan o'sha davrda «Gamburg» safida Rud van Nistelroy, Mladen Petrich, Gerrero singari super forvordlar to'p surar, asosiy tarkibda maydonga tushishning deyarli iloji yo'q edi. Shunga qaramasdan oxirigacha kurash olib borgan qahramonimiz sekin-asta Petrichni safdan chiqarib yuboradi va muxlislar yoqimtoyiga aylanadi. Futbolchining o'zi o'sha davrlarlarni xotirlab shunday degan edi : “Men Germaniyaga kelganimda birorta tilni bilmas, o'spirin yoshidagi hayolparast edim. Asosiy tarkibga ko'chib o'tganimda juda hayajonlanganman. Aynan o'sha damlarda menga dalda bergan, o'z maslahatlarini mendan ayamagan Rudga hurmatim juda baland. U menda nimadir bor ekanligini ko'p bor takrorlar, o'z ustimda ishlashim kerakligini uqtirar edi. U menga huddi o'z otamdek yaqin.
«Tottenhem»dan ketmoqchi bo'lgan
Futbolchining «tumanli albiyon»dagi ilk mavsumi omadli kelgan deya olmaymiz. Sababi, klubda raqobat kuchli, u o'ynaydigan o'ng qanotda Erik Lamella ajoyib o'yin ko'rsatar, chap qanotda esa Sonning o'yinlari ko'ngildagidek chiqmas edi. O'sha mavsumni deyarli zahirada o'tkazgan Koreyalik futbolchi Pochettinoga mavsum yakunlanishi bilan o'zini qo'yib yuborishini iltimos qilgan ekan. Argentinalik mutaxassis esa, Son uning rejalarida borligini va yana biroz sabr qilishini so'ragan, futbolchini qolishga ko'ndirgan ekan. Ishonish qiyin bo'lsada, futbolchi o'sha paytlar «Bundesliga»ga qaytib ketmoqchi bo'lgan ekan.
Bir qator rekordlar sohibi
U 18 yoshida «Gamburg» safida debyut uchrashuvining o'zidayoq gol urib, klub tarixidagi eng yosh gol urgan futbolchiga aylanadi. Keyinchalik «Bayer» uni 10 million evro evaziga harid qiladi va o'z tarixidagi (o'sha davrlar uchun) eng qimmat futbolchiga aylantiradi. Keyinchalik 30 million evaziga «Tottenhem» safiga o'tgan Son Koreyalik eng qimmat futbolchiga aylangani tahsinga sazovor. Shuningdek, u APLda ikki bor, ketma-ket oyning eng yaxshi futbolchisi deb topilgan birinchi va hozircha oxirgi Osiyolik futbolchi hisoblanadi. Hozirgi kunda Sonning transfermarketdagi narxi taxminan 50 million evroni tashkil etmoqda. Bu qit'amiz uchun yangi rekord bo'lib turibdi.