Zohid Abdullaev: «Kiritgan gollarimni yaqinlarim va muxlislarimga bag'ishlayman»
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 1041
“Metallurg” – “Qizilqum” jamoalari uchrashuvida navoiyliklar darvozasiga ikkita to'p kiritgan Zohid Abdullaev kuchlilar safidagi jami gollari sonini 100 taga etkazib oldi va “Gennadiy Krasnitskiy klubi” a'zosiga aylandi. Uchrashuvdan keyin biz o'yin qahramonini suhbatga tortdik.
- Zohid , avvalo sizni g'alaba bilan, “Gennadiy Krasnitskiy klubi” a'zosiga aylanganingiz hamda “uchrashuvning eng yaxshi o'yinchisi” deb e'tirof etilganligingiz bilan tabriklaymiz.
- Rahmat. Men ham fursatdan foydalanib barcha ishqibozlarimizni bugungi g'alaba bilan tabriklayman. Yutuqlarimiz esa davomiy bo'lishini istab qolaman.
- Mas'uliyat yuqori bo'lgan pallada maqsadga erishish ham qiyinlashadi. Bugun raqib darvozasini ishg'ol etish oson bo'lmagandir.
- Albatta. Samarqanddagi mag'lubiyatdan keyin yutuqqa erishishimiz, muxlislarimizni xursand etishimiz kerak edi. Men to'p kiritamanmi, bosha o'yinchi muvaffaqiyat qozonadimi, bundan qat'iy nazar ishqibozlarimiz bizdan g'alaba talab etayotgandi. Uchrashuv esa haqiqatan ham qiyin boshlandi. Ancha paytgacha “Qizilqum” bizning erkin harakat qilishimizga, to'pni nazoratda ushlab turishimizga imkon bermadi. Penaltidan keyin esa navoiyliklar hisobni tenglashtirish maqsadida oldinga tashlanishdi. Natijada paydo bo'lgan bo'shliqlar bizga qo'l keldi.
- Ammo “Qizilqum” tezda javob golini kiritishga ham muvaffaq bo'ldi...
- Shunday. Lekin Andreevning golidan keyin bizda g'alaba qozonishga, muhim 3 ochkoni qo'lga kiritishga ishonchimiz ortdi. Bevosita o'zim kiritgan gollarga to'xtaladigan bo'lsam, jamoadoshlarimning yordamini alohida e'tirof etgan bo'lardim. Muzaffar, Seryoja, Bahrom bilan tandemlarimiz, tezkor kombinatsiyalarimiz raqibni dog'da qoldirdi. Darvozabon qarshida yolg'iz qolganimda esa Xudo shukur, texnika pand bermadi.
- Bugungi gollaringizni kimga bag'ishlaysiz.
- Yaqinlarimga, oila a'zolarimga va meni doimiy ravishda qo'llab quvvatlab turuvchi, menga ishonuvchi sodiq muxlislarimga bag'ishlayman. Bugungi yutuq barcha bekobodliklarni va “Metallurg” ishqibozlarini xursand etganidan baxtiyormiz.
- Zohid, avvalgi uchrashuvlarda zahiradan maydonga tushirilgandingiz, bugun esa ilk daqiqalardan asosiy tarkibda harakat qildingiz. Bu ham o'z o'yiningizni namoyish etish, gol kiritishingizga yordam berdimi?
- Ehtimol. Ammo futbolchi har qanday holatda bor kuchi bilan o'ynashi, murabbiylar va muxlislar ishonchini oqlashga tayyor turishi kerak. Futbolchi uchun el e'tiborida turish, ularning mehrini qozonishdanda yoqimli va qiyin vazifa bo'lmasa kerak. Buning uchun esa tinimsiz mehnat qilish, izlanishdan to'xtamaslik lozim.
- Yuzlik dovonni zabt etdingiz. Navbatdagi maqsadlar qanday?
- Maqsadimiz hamisha chiroyli gollar bilan xalqimizni, ishqibozlarimizni xushnud etish. Bu yo'lda esa aytib o'tganimdek mehnat qilishdan bo'yin tovlamaslik, ishlash va ishlash kerak.
- Samimiy suhbatingiz uchun rahmat. G'alaba bilan yana bir bor tabriklaymiz.
- Sizlarga ham, muxlislarimizga ham rahmat, stadionga kelganingiz, bizga ishonganingiz va qo'llab quvvatlaganingiz uchun. “Metallurg” hamisha muxlislar uchun o'ynaydi