Antalya Gran-prisining birinchi kuni muvaffaqiyatli yakunlandi
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 1220
Bugun Turkiyaning Antalya shahrida dzyudo bo'yicha Gran-pri seriyasiga kiruvchi musobaqaning birinchi kun bellashulari bo'lib o'tmoqda.
Engil vazn toifasida kechayotgan bahslar terma jamoamiz uchun muvaffaqiyatli yakunlanadigan bo'ldi.
Quvonarlisi, -60 kilogramm vazn toifasida tatamiga chiqqan vakilimiz Kemran Nurillaev musobaqaning kumush medaliga sazovor bo'ldi. Yurtdoshimiz hal qiluvchi bahsda 2015 yilgi jahon chempioni, Rio Olimpiadasi kumush medali sohibi qozog'istonlik Eldos Smetov bilan kurashdi. Murosasiz kechgan ushbu bellashuv Smetovning g'alabasi bilan yakunlandi.
Bunday natijadan keyin hamyurtimiz o'z hisobiga jahon va Tokio olimpiadasi reytingi uchun 490 ochkoni yozdirib qo'ymoqda. Ta'kidlash joiz, 1 oy muqaddam Marrakesh shahrida o'tgan Gran-prida Kemranning akasi Sardor Nurillaev -66 kilogrammgacha bo'lgan vazn toifada oltin medalni qo'lga kiritgan edi.
Ertaga o'rta vazn toifalarida bahslar bo'lib o'tadi va unda G'iyosjon Boboev (-73 kg) terma jamoamiz sharafini himoya qiladi.