O'zgacha yondashuv kerak…Yoki Yaponiya Olimpiya yo'lida
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 762
Avvalgi hafta kelasi yil taqvimiga kiritilgan U-23 toifasidagi Osiyo chempionati-2020 ishtirokchilari tarkibi to'liq holga keldi.
Ya'ni hisob bo'yicha 4-qit'a birinchiligi saralash rundiga yakun yasaldi. To'g'risini aytish kerak, kvalifikatsion o'yinlardan yaxshi taassurot qolgani yo'q. 12ta guruhda tashkil etilgan saralash bosqichi yakuniga qarab, beixtiyor o'ylab qolasan, Osiyo futboli shu ketishda qachon haqiqiy rivojlanish yo'liga o'tadi?
Falastin - Shri-Lanka - 9:0, Shri-Lanka - Bahrayn - 0:9, J.Koreya - Xitoy Taypeyi - 8:0, Yaponiya - Makao - 8:0, Filippin - Xitoy - 0:8, Bruney - Tailand - 0:8 - bular Osiyo chempionati saralashining dastlabki 2ta turida qayd etilgan o'ta yirik yirik hisoblarning ayrimlari, xolos.
Mayli, jamoalar saviyasi o'rtasidagi katta farq ham o'z yo'liga, saralash tizimi va taqvimi ham bir qator savollarni keltirib chiqardi. Diqqat qiling, 12ta guruhdan 10tasida 2-turdan keyin bir xil holat yuzaga keldi: 2tadan jamoa 6 ochko va ajoyib to'plar nisbatiga ega bo'ldi, qolganlar kurashdan chetga chiqdi.
Qolaversa, katta ehtimolki, O'zbekiston termasi joy olgan guruhda ham shunday manzara shakllanardi, agarda pokistonliklar saralashga kelishganida. Qisqasi, 3-tur oldidan atigi 1ta kvartetda 3ta jamoa yo'llanma olish imkoniyatini saqlab qoldi, 11ta guruhda esa naq 21ta ishtirokchi Tailand chempionatiga borishdan umid uzdi. Chunki OFK tuzgan taqvimga ko'ra, guruhlar favoritlari avvaliga 2tadan kuchsiz raqib bilan o'ynashdi, keyin o'zaro bahsda maydonga tushishdi.
Bu hali hammasi emas.
Dilni xufton qilgan voqelik aynan 3-turda kuzatildi. Ya'ni kvartetlarda 1-o'rin masalasini hal qiladigan 7ta o'yin durang natija bilan tugadi. Bu nimadan dalolat? Dastlabki ikki turda yaxshigina to'plar nisbati hosil qilgan jamoalar g'alabaga intilmaganidan emasmi? Chunonchi, kvartetlarda 2-o'rinni band etgan jamoalardan yaxshiroq natijaga ega 3tasiga ham OCh-2020 chiptasi nasib etardi.
Kamida 3ta o'yindagi durang har ikki tomonni to'liq qanoatlantirardi va buni oldindan bilgan raqiblar yakunda murosa yo'lini tanlab qo'ya qolishdi. Bu holatni futbol ustidan kulish sifatida baholagan taniqli mutaxassis Alisher Nikimbaev ayniqsa, Iordaniya va Suriya olimpiyachilari o'rtasidagi bahsga e'tibor qaratdi.
Gap shundaki, bu o'yinda hisob 79-daqiqada iordaniyaliklar tomonidan ochildi, lekin oradan ko'p o'tmay, suriyaliklar muvozanatni tiklashdi - 1:1. Shu tariqa har ikki jamoa turnirning final raundiga yo'l ochdi.
Tojikiston va Malayziya termalari esa alamli tarzda «bort» ortida qoldi. Shu o'rinda Nikimbaev fikrlaridan iqtibos keltiramiz: «Kechagi voqealar OFK rahbariyatini tashkilot xodimlari qur'a tashlash jarayonini shubhali tarzda olib borishayotganiga nihoyat, e'tibor qaratishga majburlasa, ajabmas. Negaki, u erda yangilar yo'q. Agar mutasaddilar shunda ham o'z ishlaridagi kamchiliklarni ko'rmasalar, unda nimadandir umid qilish qiyin».
Ma'lumot uchun aytib o'tamiz, Qatar, O'zbekiston, Bahrayn, Iroq, BAA, Iordaniya, KXDR, Janubiy Koreya, Yaponiya, Xitoy va Vetnam olimpiya jamoalari qit'a chempionatiga 1-o'rin orqali chiqdi. Avstraliya, Saudiya Arabistoni, Eron va Suriya termalari esa 2-o'rin sohiblari reytingida ustun keldi. Tailand jamoa turnirda mezbon sifatida ishtirok etadi. Yaponiya mezbonlik qiladigan Olimpiada-2020 yo'llanmalari taqdiriga oydinlik kiritib beruvchi Osiyo chempionati kelasi yilning 8-26 yanvar kunlari Tailandda o'tkaziladi. Bo'lajak turnirning muhimligi ham shunda. OFKga Olimpiadaning 4ta yo'llanmasi ajratilgan. Shundan biri mezbon - Yaponiya termasiga nasib etadi. Demak, qit'a birinchiligida kuchli uchlikka kirgan jamoaga olimp litsenziyasi beriladi. Agar yaponlar Tailandda yarim finalga chiqishsa, unda bu bosqichning barcha ishtirokchilari Olimpiada chiptasini oladi. OFK bo'lajak qit'a birinchiligiga qachon qur'a tashlanishini keyinroq ma'lum qiladi. O'zbekiston olimpiya termasi turnirning amaldagi chempioni sifatida qur'a jarayonida 1-savatchaga qo'yiladi. OFKning savatchalarni oxirgi qit'a birinchiligi natijalari asosida shakllantirishi ham g'alati. Deylik, 1-savatchada bizning jamoadan tashqari, Tailand (mezbon), Vetnam (OCh-2018 finalchisi) va Qatar (OCh-2018ning 3-jamoasi) termalari bor. Qit'aning azaliy kuchli drujinalari (Yaponiya, J.Koreya, Eron...) esa keyingi savatchalarda. Deylik, forslar oxirgi - 4-savatchada. Aslida savatchalar tarkibi 3-4 yilgi natijalarni o'z ichiga olgan qandaydir reyting yordamida aniqlanishi kerak emasmi...?