So'ngi transfer yangiliklar
Messi Realga o'tmoqchi !!!
AslFUTBOL.NET - Asl Futbol muxlislar sayti
Sanjar Rizaev: «CAFA bundan ham yaxshi ishlay oladi»
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 5639
O'tgan hafta poytaxtimizda Markaziy Osiyo futbol assotsiatsiyasi (CAFA) tomonidan «CAFA Women~s Championship 2018» musobaqasi bo'lib o'tdi.
Beshta davlat termalari ishtirok etgan turnirga poytaxtimizdagi «Milliy» stadioni mezbonlik qildi. Yakunda barcha to'rtta uchrashuvda g'alabaga erishgan O'zbekiston ayollar jamoasi bosh sovrinni qo'lga kiritdi. Hal qiluvchi o'yinda qizlarimizga imkoniyatni boy bergan (0:1) Eron milliy termasi kumush medallarga ega chiqdi. Tojikiston jamoasi esa musobaqaning bronza medallariga sazovor bo'ldi. Shuningdek, «CAFA Women~s Championship 2018»ning maxsus sovrini Afg'oniston termasiga topshirildi. Muxlislar sovrini Qirg'iziston qizlariga nasib etdi. Fair Play, ya'ni «Halol o'yin» mukofoti Tojikiston jamoasiga taqdim etildi. O'zbekiston termasi a'zosi Nilufar Qudratova musobaqa to'purari bo'ldi. Jamoamiz etakchilaridan biri Lyudmila Karachik esa musobaqaning eng yaxshi futbolchisi, deb topildi. Xullas, mashhur badiiy filmimizda aytilganidek, «hech kim bu dargohdan norizo bo'lib ketmadi». Turnirning yopilish hamda taqdirlash marosimida CAFA prezidenti, O'FA vitse-prezidenti Umid Ahmadjonov musobaqa g'olib va sovrindorlariga kubok hamda medallarni topshirar ekan, barcha jamoalarni chiroyli o'yin, ijobiy natija bilan qutladi. Biz «CAFA Women~s Championship 2018» yakunida CAFA bosh kotibi Sanjar Rizaevdan intervyu oldik.
- Joriy yil hisobidan CAFA tomonidan tashkil etilgan so'nggi musobaqadan ko'ngil to'ldimi? Mehmonlar qanday taassurotda qaytishdi?
- Menimcha, ularning turnirdan qanday taassurot olishganini o'zlaridan so'ragan afzalroq bo'lsa kerak. Yuz-ko'zlaridan mamnun kayfiyatda edilar. Musobaqaning o'ziga kelsak, reja bo'yicha uni ayollar milliy jamoalari o'rtasida o'tkazishimiz ko'zda tutilgandi. Niyatimiz amalga oshdi va tashkilotchi tomon sifatida bundan xursand bo'ldik. Lekin tasavvurimdagi ideal musobaqa darajasiga etkazmagunimizcha shaxsan mening ko'nglim to'lmaydi. Millionlar o'yini shuncha mamlakat qizlarini Toshkentda yig'ib, do'stlashish va o'zaro tajriba almashish imkoniyatini berganini ko'rib baribir, xursand bo'ladi kishi.
- Nimadandir qoniqmagan holatingiz ham bo'ldimi? «Bunday qilsak yaxshiroq bo'lardi», degan fikr ko'nglingizdan o'tdimi?
- Kamchiliklarni aytib o'tirish shart emas. Lekin siz aytgandek, turnir yakunlanganidan keyin mana bunday qilsak yaxshiroq bo'larkan-a, degan fikrlar dilimizdan o'tdi. Ke-yingi musobaqalarda bu narsalarni amalga oshiramiz.
- Maydonning sifati biroz ko'ngilni xira qildi. O'yinlarni shahrimizning boshqa arenalarida o'tkazishning imkoni yo'qmidi? Masalan, JAR, «Paxtakor» yoki TTYMI stadionlarida?
- Yo'q. «CAFA Women~s Championship 2018» o'yinlarini o'tkazish uchun yagona variant «Milliy» stadioni edi.
- Har holda, sifatli maydonda tezkor, kombinatsion futbol guvohi bo'lardik. Shu ma'noda, ishtirokchi davlatlar tomonidan maydonning holati bo'yicha e'tirozlar bo'lmadimi?
- Yo'q.
- CAFAga a'zo boshqa davlat jamoalarining Toshkentga to'liq kelmasligiga ularning o'zlari uchun oldindan belgilab olgan rejalari sabab bo'ldimi?
- Ochig'i, nima sabab bo'lganligini bilmadim. Buni ulardan so'rash kerakdir. Lekin CAFA musobaqasida ishtirok etish yuzasidan taklif yuborilganida, bunga rad javobini berishmagandi. Biz imkoni boricha ishtirokchi jamoalarning kelishi uchun eng qulay sharoitlarni yaratib berishga intilamiz. Tashkilotchi tomon uchun ularning kelasi safar ham kelishlari hamda musobaqadan yaxshi taassurotlar bilan ketishlari juda muhim hisoblanadi.
- Jamoalarning saviyasi, hakamlik haqida nima deysiz?
- Bu haqda faqat ijobiy fikr bildirishim mumkin. Hakamlar o'z ishlarini a'lo darajada bajarishdi. Ishtirokchi davlat jamoalaridan hakamlar xatti-harakati bo'yicha e'tirozlar bildirilmadi.
- Bu yil hisobidan boshqa turnir yo'qmi?
- Yo'q. 2018 yil uchun mo'ljallagan turnir hamda tadbirlarimiz yakunlandi. Yil boshida rejaga kiritgan barcha musobaqalarimiz o'tkazildi. Murabbiylar, hakamlar uchun ham seminarlar tashkil etildi.
- Umumiy qilib olganda, CAFAning bu yilgi faoliyatini qo-niqarli deya baholash mumkinmi?
- Bundan ham yaxshi ishlasa bo'ladi va shu yo'sinda davom etamiz. Bu yil biz uchun chin ma'noda sinov bo'ldi. O'zimiz uchun kerakli xulosalarni chiqarib oldik. Kelasi mavsum o'tkaziladigan musobaqa va tadbirlarimiz yanada yaxshiroq bo'ladi.
- Endigi rejalar qanday? 2019 yilda CAFAning faoliyati qanday bo'ladi?
- Kelasi mavsum ham xuddi joriy yilda bo'lgani kabi musobaqalar tashkil qilamiz. Yana bir nechta yangi loyihalar bor. Hozir ular ustida ishlayapmiz. Mavridi kelganida, bu haqda keng futbol jamoatchiligini tanishtiramiz.
- Milliy terma jamoalar o'rtasida musobaqa o'tkazish hozircha imkonsizmi?
- Imkonsiz narsaning o'zi yo'q. Markaziy Osiyo futbol assotsiatsiyasining musobaqalarni o'tkazish qo'mitasi allaqachon mintaqa milliy jamoalari ishtirokida turnir tashkil qilish borasida harakatlarni boshlagan. Bunga oz vaqt qoldi.
- Federatsiyalarga bu borada taklif jo'natilgan bo'lsa, a'zo davlatlar bunga qanday munosabat bildirishyapti?
- Nazarimda, bu haqda gapirishga hali erta. Lekin bu CAFA musobaqalarining gultoji bo'lardi.
- CAFA yaqin kelajakda klublar o'rtasida ham musobaqa o'tkazishni rejalashtiryaptimi?
- Albatta, klublar o'rtasidagi mintaqa chempionatini o'tkazish rejasi bor. Faqat bunga bosqichma-bosqich o'tib boriladi. Hozir oldimizda turgan eng asosiy vazifa - mintaqada bolalar va o'smirlar futbolini yangi bosqichga ko'tarishdan iborat. Bundan tashqari, ayollar futboliga ham e'tibor qaratiladi. Oldimizda juda katta rejalar bor. 2019 yilda CAFA Kongressi bo'lib o'tadi. Uning doirasida tashkilotga saylov o'tkaziladi va CAFAning yangi rahbariyati tasdiqlanadi. Tabiiyki, yangi rahbariyat yaqin to'rt yillik muddat uchun rejalarni ishlab chiqadi.
- Yangi yilda hakamlar va murabbiylar uchun ham seminarlar o'tkaziladimi?
- Ha, shunday reja bor. Bu yilgiga qaraganda soni ko'proq bo'ladi. Masalan, joriy yil 16 yoshgacha bo'lgan futbolchilardan iborat terma jamoalar o'rtasidagi musobaqa doirasida mintaqaning «B» litsenziyasiga ega murabbiylari uchun o'quv kurslari tashkil etilib, unga OFK instruktori Islom Ahmedov rahbarlik qildi. Kurs yakunida murabbiylarga OFK sertifikatlari topshirildi. 20-31 iyul kunlari o'tkazilgan U-15 terma jamoalari o'rtasidagi musobaqa doirasida hakamlar uchun ham xuddi shunday o'quv-amaliy seminari tashkil etildi. Unda har bir ishtirokchi davlatdan bittadan brigada qatnashdi. Hakamlar nazariy mashg'ulotlar bilan bir qatorda, o'yinlarni ham bevosita boshqarishdi.
- CAFA nimaning hisobidan moliyalashtiriladi? Homiylarmi yoki bevosita OFK tomonidan?
- Tashkilot FIFA, OFK hamda homiy-lar tomonidan moliyalashtiriladi.
- CAFA o'tkazayotgan musobaqalar FIFA va OFKning yillik taqvim rejasi bilan parallel kelib qolmayaptimi?
- Bu borada muammo yo'q. Biz har ikki tashkilotning yillik taqvim rejasidan kelib chiqqan holda bo'sh kunlarga musobaqalar o'tkazishni belgilayapmiz.
- 2019 yilgi musobaqalarga qaysi davlatlar mezbonlik qiladi? Bu masalaga oydinlik kiritilganmi?
- Reja bo'yicha birinchi musobaqamiz fevral oyida o'tkazilishi kerak va unga Tojikiston davlati mezbonlik qiladi. Shuningdek, Eron va O'zbekiston tomoni ham musobaqalarni o'tkazish istagini bildirgan.
- Sezayotgan bo'lsangiz, o'yinlar bo'sh stadionda o'tkazilyapti. Muxlislarsiz o'tayotgan bu uchrashuvlar CAFAni tashvishga solmayaptimi? Balki viloyatlarda o'tkazib ko'rish kerakdir. Nima deb o'ylaysiz?
- Biz taklif qilingan stadionda musobaqa o'tkazamiz. Qaerda va qanday sharoitda tashkillashni mezbon mamlakat hal qiladi. Biz uchun reglament buzilmasa bo'lgani.