Osiyo futboli: Saudiya futbolining yuksalish yo'li
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 51
O'tgan yilning noyabrida «Tottenxem»dan iste'foga chiqarilgan Nunu Eshpiritu Santu kutilmaganda Saudiya Arabistoniga yo'l olib, mamlakat vitse-chempioni «Al-Ittihod» boshqaruvini qo'lga oldi.
Avvalroq Evropaning taniqli ikki mutaxassis - Rudi Garsiya va Kike Seten ham arab o'lkasiga yo'l olishgandi. Mavsum-2019|2020da «Lion» bilan Chempionlar Ligasi yarim finaliga etib borgan Garsiya «Al-Nasr» (Oliy ligada 3-o'rin)da ish boshladi, maoshi 5,6 mln. evro etib belgilandi. Seten esa chempionat-2021|2022da 4-o'rinni egallagan «Al-Shabab» bosh murabbiyiga aylandi. Uning maoshi 3,7 mln. evroga teng.
Iyun oyi oxirida belaruslik mutaxassis Viktor Goncharenko «Al-Ittihod» yoki «Al-Shabab» boshqaruvini qo'lga olishi haqida gap-so'zlari tarqalgandi, lekin u erdagilar aynan Santu va Seten tanlovini ma'qul ko'rishdi. E'tiborlisi, bungacha Saudiya Arabistonida ayni darajadagi murabbiylar ishlashmagandi. Xo'sh, ushbu mamlakat yuqori saviyali mutaxassislarni nimaning evaziga o'ziga jalb etdi?
Osiyo futboli bayroQdori
May oyi boshida Saudiya Arabistoni chempionati o'yinlaridan birini boshqargan rossiyalik hakam Sergey Karasyov mahalliy liga saviyasi haqida shunday degandi: «To'rtinchi bor ushbu chempionat o'yinini boshqargani bordim. Martdagi bahsdan ke-yin aytishim mumkinki, u erdagi futbol darajasi chakkimas. O'ylashimcha, turnir jadvalining yuqori o'rinlaridagi jamoalari Rossiyaning eng yaxshi klublariga raqobat tug'dirishlari mumkin. 2015 yili Saudiyaga borganimizda, futbol saviyasi pastdek ko'ringandi. Ehtimol, yillar o'tgani sari o'zgarish kuzatilgandir. Bizda, misol uchun, 2015-2017 yillar bilan solishtirganda, xorijlik futbolchilar tashrifi va daraja biroz pasaygandek. Har holda, legionerlar chempionatga alohida joziba bag'ishlashadi», - deydi Karasyov.
Hakamning Saudiya futboli haqidagi ijobiy fikrlariga qo'shilmay iloj yo'q. Ushbu mamlakat chempionati Osiyo konfederatsiyasi koeffitsientlar jadvalida ishonch bilan peshqadamlik qilmoqda. Unga Janubiy Koreya va Yaponiya asosiy raqobatchi sanaladi, qolgan ligalar ancha ortda. Masalan, yaqin o'tmishda yulduzli futbolchilarni jamlagan Xitoy chempionati 7-pog'onada bormoqda.
Osiyo klub futboli ierarxiyasidagi yuqori o'rin qit'aning eng nufuzli turniri - OFK Chempionlar Ligasidagi samarali ishtirok bilan ham izohlanadi. So'nggi 10 yil ichida Saudiya Arabistoni jamoalari 5 marta finalga chiqishdi. To'g'ri, ularning faqat ikkitasida zafar quchishdi.
Mahalliy Arab News nashri Saudiya chempionatiga shunday ta'rif beradi: «Bu liga APLning Osiyodagi talqiniga o'xshaydi. Pul etarli, demak, klublar yuqori saviyali futbolchi va murabbiylarni jalb etishlari mumkin. Liga raqobatbardosh, aksariyat mahalliy o'yinchilarning chetga chiqmay, o'z yurtlarida qolishlari ham foydaga ishlaydi».
Infrastrukturaning sezilarli rivoji
Ayni payt Saudiya Arabistonida tomoshabinlar sig'imi va keng texnik imkoniyatlari bilan maqtana oladigan ikkita stadion bor - Ar-Riyoddagi qirol Fahd nomidagi Xalqaro stadion va Jiddadagi qirol Abdulla Sport Siti arenasi. 2026 yilda mamlakatning uch shahri - Jidda, Ar-Riyod va Dammamda yana to'rtta yangi stadion qad rostlaydi. Ushbu qurilish ishlari 2027 yili Saudiya Arabistonida o'tadigan Osiyo kubogiga tayyorgarlik doirasida amalga oshirilmoqda.
Saudi Vision 2030 nomli keng qamrovli rivojlanish dasturi yordamida sport infratuzilmasi ham yaxshilanmoqda. Hozirda mamlakatning aksariyat maktablarida sportga (xususan, futbolga) ixtisoslashgan ko'plab inshootlar qurilmoqda. Avvallari mazkur tarmoqqa yo'naltiriladigan investitsiya darajasi pastligi sabab buning imkoni bo'lmagandi.
Evropa bozoridagi faollik
Yaqin-yaqingacha Saudiya Arabistoni Evropa bozorida u qadar faol bo'lmagandi - ayniqsa, 2010 yillar boshida «Manchester Siti» va «PSJ»ning qimmatbaho qog'ozlarini qo'lga kiritishni boshlagan qo'shni BAA va Qatar bilan solishtirganda, bu yaqqol sezilgandi. 2021 yilning noyabrida, Saudiya Arabistoni suveren fondi «Nyukasl»ni sotib olganidan so'ng vaziyat o'zgardi. O'tgan vaqt mobaynida yangi xo'jayinlar klubga 207 mln. evro sarflashdi - shuning o'zi bilan cheklanmasliklari katta ehtimol.
Joriy yilning may oyida Lionel Messi Saudiya Arabistoni brendi elchisiga aylandi - bu ham arab mamlakatining jahon futbolidagi obro'sini oshirishda qo'yilgan muhim qadamdir. Argentinalik yulduz o'zining Saudiya sayyohlik elchisi sifatidagi tanishtiruv marosimida qatnashishga ham ulgurdi. Saudiya Arabistoni turizm vaziri Ahmad al Xateb futbolchining tashrifiga quyidagicha izoh berdi: «Messini mamlakatimizda ko'rib turganimizdan xursandmiz. Qizil dengiz xazinalari bilan tanishishingiz, «Jeddah Season»ga tashrif buyurishingiz va qadimiy tariximiz haqida o'rganishingizdan boshimiz ko'kka etadi. Bu Lionelning qirolligimizga ilk tashrifi emas va so'nggisi ham bo'lmaydi!»
Manba: sports.ru, A.AHMEDOV tayyorladi
Manba: «Interfutbol» gazetasi