Chimkent – Toshkent velomarafoni bo'lib o'tdi
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 761
Bugun, 30 mart kuni Chimkent-Toshkent velomarafoni bo'lib o'tdi. O'zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, O'zbekiston hamda Qozog'iston velosiped sporti federatsiyalari tashabbusi bilan tashkil etilgan musobaqa Qozog'istonda O'zbekiston yili deb e'lon qilinganligi nishonlash, ikki davlat o'rtasidagi do'stlik aloqalarini yanada mustahkamlash, turizmni rivojlantirish, velosportni ommalashtirish hamda sog'lom turmush tarzini targ'ib qilish maqsadida o'tkazildi.
Velomarafonda 150 nafar qozog'istonlik va 100 nafarga yaqin o'zbekistonlik velosipedchilar Qozog'istonning Shimkent shahri hokimligidan Toshkent shahridagi Qozog'iston elchixonasiga qadar bo'lgan 130 kilometrlik masofani bosib o'tishdi. Ishtirokchilarga qulaylik yaratish maqsadida ularning yo'lida yashil yo'lak tashkil etildi.
Musobaqaning finish chizig'ida barcha ishtirokchilar uchun madaniy dastur tashkil etilib, o'zbek estradasi yulduzlari ishtirokida kontsert namoyish etildi. Tantanali taqdirlash marosimida Qozog'istonning O'zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Darxan Satibaldi, Jismoniy tarbiya va sport vazirining birinchi o'rinbosari Oybek Qosimov, Toshkent shahri hokimi o'rinbosari Dilbar Najmutdinova so'zga chiqib, ushbu marafon ham ikki davlat o'rtasida do'stlik aloqalarining yanada mustahkamlashga, sog'lom turmush tarzini ommalashtirishga xizmat qilishini ta'kidlab, bu kabi musobaqalarni an'anaviy tarzda o'tkazilishini ma'lum qilishdi.
Velomarafonda marraga birinchi bo'lib qozog'istonlik Aleksey Simerenok etib kelgan bo'lsa, ikkinchi o'rinni angliyalik Betyu Rayt va uchinchi o'rin yurtdoshimiz Shoxrux Yunusov qo'lga kiritdi.
Marafonda ishtirok etganlarning ko'pchiligi O'zbekiston va Qozog'istonlik velosport ishqibozlari bo'lib, eng yoshi ulug' ayol ishtirokchi sifatida 50 yoshli Svetlana Isaeva va eng yoshi katta erkak ishtirokchi sifati 61 yoshli Xursand Sherov ham esdalik sovg'alar bilan taqdirlanishdi.