TsSKA Abbos Fayzullaevni U23 Osiyo kubogiga qachon qo'yib yuborishini ma'lum qildi
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 30
TsSKA klubi matbuot xizmati yarim himoyachi Abbos Fayzullaevni U23 Osiyo kubogiga qachon qo'yib yuborishini ma'lum qildi.
"O'zbekiston futbol assotsiatsiyasi bilan ko'ptarmoqli mustahkam aloqalar o'rnatilganini ko'pchilik biladi. Shubhasiz, Parij olimpiadasi uchun saralash bosqichini o'tab beradigan yoshlar o'rtasidagi Osiyo kubogining muhim ekanini tushunamiz. O'zbekiston olimpiya o'yinlari yo'llanmasini qo'lga kiritib, tarixiy voqeani qayd etishi mumkin. Shu bois, ushbu musobaqaga Hukumat darajasida e'tibor qaratilmoqda.
Ammo, shu bilan birgalikda, hamkorlarimiz klub uchun mavsumning muhim pallasi kechayotganini tushunib turibdi. Zich taqvim bizni kutib turibdi. Jamoa payshanba kuni «Spartak» klubiga qarshi muhim o'yinni o'tkazadi. Muxlislar uchun mazkur derbi qanchalar ahamiyatga ega ekanini ortiqcha tushuntirish shart emas. Aynan mazkur bahsga qadar U23 Osiyo kubogining guruh bosqichi yakuniga etadi. Ishonchimiz komil, O'zbekiston guruh bosqichini muvaffaqiyatli bosib o'tadi. Abbos esa «Spartak»ga qarshi o'yindan keyin Osiyo kubogining chorak finaldan boshlab O'zbekistonga yordam berishi mumkin.
Muhim o'yinlarda mamlakat sha'nini himoya qilish har bir futbolchi uchun sharafli vazifa. Unda ishtirok etish Fayzullaev uchun qanchalik muhim ekanini bilamiz. Uzoq davom etgan va yuqori darajadagi muzokaralardan so'ng barcha tomonni qanoatlantiruvchi echim topildi.
Biz Abbosga muvaffaqiyat tilagan holda uning jamoaga qaytishini kutamiz. Osiyo kubogining final o'yini 3 may kuniga belgilangan", — deyiladi TsSKA matbuot xizmati tarqatgan xabarda.
Ma'lumot o'rnida. TsSKA - "Spartak" o'yini 25 aprel kuni bo'lib o'tsa, O'zbekiston olimpiya terma jamoasi chorak final bahsini 26 aprel kuni o'tkazadi.