Evropaning top-5 ligalarida qishki chempionlik nimadan darak?
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 37
Futbol atrofida qiziqarli hisob-kitoblar juda ko'p. Jumladan, turli davrlar natijalarini o'zaro taqqoslash keng tarqalgan.
Qiziq, 2023 yilni Evropaning kuchli 5ta ligasi turnir jadvalida karvonboshi maqomida yakunlagan klublarda joriy mavsum chempion bo'lish imkoniyati qanday? Championat.com sayti ijodkorlari aynan shu masalaga qiziqib, oxirgi 8 yilda qishki liderlar mavsumni qanday yakunlashganini ko'rib chiqishdi. Xo'sh, Evropaning kuchli ligalarida qishki chempion qanchalik tez-tez «oltin» yutgan?
APL - «LIVERPUL'»
Angliyada 2015|2016 yillar mavsumidan buyon qishki chempion 8ta holatdan 5tasida etakchilikni qo'ldan chiqarmadi. Ya'ni yangi yilni 1-o'rinda qarshi olgan jamoalar 62,5 foiz holatda taxtdan tushmagan. Shu nuqtai nazardan qarasak, «Arsenal»ning qoqilishidan unumli foydalangan «Liverpul»da imkoniyat ko'proqdek, lekin chempionlik kurashida «Manchester Siti»dek nahang borligini unutmaslik kerak.
LA LIGA - «REAL»
Oxirgi 8 mavsumga qarasak, Ispaniyada qishki chempion atigi 1ta holatda bosh sovrindan mosuvo qoldi yakunda. Gap 2020 yilni La Liga peshqadami sifati qarshi olgan «Barselona» haqida ketmoqda. Xullas, Ispaniya Primerosida qishki peshqadamning yakunda g'alaba qozonish ehtimoli 87,5 foizga teng 8 yillik tahlil bo'yicha.
«A» SERIYa - «INTER»
Italiyada vaziyat boshqacha. Oxirgi 8 yilda «A» seriyaning qishki chempioni atigi 50 foiz holatda skudetto sohibiga aylandi. Oddiy aytganda, 2015|2016 yillar mavsumidan buyon yangi yilni peshqadam sifatida qarshi olgan klublar 4ta holatda o'z mavqeini saqlab qololmadi finishga qadar.
BUNDESLIGA - «BAYER»
Germaniya chempionati bu borada ancha barqaror. Ya'ni oxirgi 8 mavsumda qishki peshqadam atigi 2 holatda o'z mavqeni boy berdi. Aniqroq aytsak, «Borussiya» D. (2018|2019) va «RB Leyptsig» (2019|2020) oraliq marradagi holatini finishgacha saqlab qololmadi. Demak, Bundesligada 75 foiz holatda qishki chempion yakunda «Kumush lagan» egasiga aylandi.
LIGA 1 - «PSJ»
Frantsiyada ham qishki chempionning oltin medal yutish ko'rsatkichi 75 foizga teng. Faqat 2 mavsumda oraliq davr etakchisi Liga 1-da yakuniy g'alabani tantana qilolmadi: «Nitstsa» va «Lion». Qisqasi, «PSJ» oxirgi 8 yilda o'z mavqeini biror marta boy bermadi.
O.ATABOEV tayyorladi