Kimlardadir o'sish, boshqalarda pasayish...
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 59
Futbolchilar transfer bahosini shakllantirishga ixtisoslashgan mashhur transfermarkt portali O'zbekiston Superligasi yakuniga qarab, yangi narxlar jadvalini e'lon qildi.
Xo'sh, unda qanday o'zgarishlar bor? Kimlar bahosi qimmatlashdiyu, kimlarniki arzonlashdi? Umuman, chempionatimizning eng qimmatbaho futbolchilari ro'yxatida kimlar bor?
TRANSFER BAHOSI BO'YIChA YuKSALISh
Transfermarkt ma'lumotlariga qaraganda, Superliga-2023 yakunlariga ko'ra, transfer bahosi bo'yicha eng katta o'sishga erishgan futbolchi - bu «Paxtakor» vakili Diyor Xolmatov. 21 yoshli tezkor yarim himoyachining yorlig'iga 300 ming evro qo'shildi va endi uning umumiy summasi 750 ming evroga etdi. Odil Hamrobekov («Paxtakor»), Oston O'runov («Navbahor»), Silvanus Nimeli («Surxon»), Ibrohim Yo'ldoshev («Navbahor»)da transfer bahosi bo'yicha o'sish 200 ming evro darajasida. Jasur Jaloliddinov («Olimpik»), O'tkir Yusupov («Navbahor»), Islom Kenjaboev («Qizilqum»), Ollobergan Karimov («So'g'diyona») va Bilol Tupliev («Bunyodkor») kabi futbolchilar bahosiga 150 ming evrodan qo'shildi.
TRANSFER BAHOSI BO'YIChA PASAYISh
Transfer bahosi bo'yicha eng katta yo'qotish hujumchi Shohruz Norxonovda. Yakunlangan mavsum avvaliga «Navbahor», keyin «Buxoro»da to'p surgan futbolchining yorlig'i 250 ming evro darajasida pasayib, 600 mingga tushdi. «Paxtakor» himoyachisi Doston Tursunov yorlig'idan esa 200 ming evro kesib tashlandi - ikkinchi yomon ko'rsatkich. Doston Hamdamov («Paxtakor»), Shahboz Jo'rabekov («Navbahor»), Luka Chermel («Navbahor»), Tomislav Mrchela («Neftchi»), Eldor Suyunov («Paxtakor»), Shahzod Toirov («Surxon») va Abbos Otaxonov («Buxoro») ham 150 ming evro yo'qotishdi transfer summasidan. «Metallurg» vakili Muhammadaziz Ibrohimovda bu ko'rsatkich -125 ming evroga teng.
ENG QIMMATBAHOSI HAMON HAMROBEKOV
«Paxtakor» yarim himoyachisi Odil Hamrobekov hamon O'zbekiston chempionatining eng qimmatbaho futbolchisi bo'lib turibdi. Yangi yorliqda unga qo'yilgan summa - 1200000 evro. Oston O'runov («Navbahor») va Hojiakbar Alijonov («Paxtakor»)ning transfer summasi ham 1 million evroga etdi. Hu tariqa Superligada «millioner»lar soni 3 nafarga oshdi. Aytish joiz, Husniddin Aliqulov Turkiyaga yo'l olgach, bu borada Odil Hamrobekov yolg'izlanib qolgandi. O'z o'rnida shuni eslatish kerak, Oston O'runovning bahosi 2020 yili 1,5 million evroga qo'tarilgan edi. Alijonov uchun esa 1 «limon» - bu rekord ko'rsatkich. Shuningdek, 3 nafar futbolchining bahosi 900 ming evroga teng. Ya'ni transfer yorlig'i o'zgarmagan Xurshid G'iyosov (OKMK) va Sardor Sobirxo'jaev («Paxtakor») qatoriga «Nasaf»ning chap qanot himoyachisi Sherzod Nasrullaev qo'shildi 100 ming evroga teng o'sish evaziga. Jamshid Iskanderov («Navbahor») va Aziz Turg'unboev («Paxtakor») 850 ming evro bilan 7-8-o'rinlarda. Top-11ning qolgan 3 nafar vakili - Akmal Mozgovoy («Nasaf»), Silvanus Nimeli («Surxon») va Milosh Milovich («Navbahor»)da hozirgi summa 800 ming evroni tashkil etmoqda.
Manba: «Interfutbol» gazetasi