Umid Ahmadjonov «Yilning eng yaxshi erkak sportchisi»ga sovrin topshira olmadi (foto)
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 17354
Bugun Milliy olimpiya qo'mitasi “O'zbekiston xalqaro anjumanlar saroyi”da o'zbek sporti tarixida ilk marotaba “Milliy sport mukofoti – 2018” tantanali taqdirlash marosimi o'tkazyapti. Marosimda turli nominatsiyalar egasi taqdirlanishi kutilmoqda.
Jumladan, “Yilning eng yaxshi erkak sportchisi” sifatida Bekzod Abdurahmonov tan olindi. Sportchi ayni paytda xorijiy yig'inda bo'lgani sababli sovrinni MOQ rahbari Umid Ahmadjonov qo'lidan O'zbekiston sport kurashlari assotsiatsiyasi bosh kotibi Shuhrat Mamadaliev qabul qilib oldi.
Avvalroq, “Yilning eng yaxshi ayol sportchisi” yo'nalishida Osiyo o'yinlarining uch karra chempioni, Osiyo o'yinlari rekordchisi, engil atletikachi Svetlana Radzivil g'olib bo'ldi.
o'zbek boksi afsonasi, “Toshkent yo'lbarsi”, jahon chempioni Rufat Rizqiev “Sport sohasidagi ko'p yillik xizmati uchun” taqdirlangan edi. “Yilning eng yaxshi murabbiyi” yo'nalishda - boks bo'yicha O'zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi Marat Qurbonov g'alaba qozondi.
“Yilning yosh va istiqbolli sportchisi” yo'nalishida o'smirlar Olimpiadasi g'olibi, Osiyo va jahon chempioni Abdumalik Xalakov tengsiz bo'ldi. “Yil kashfiyoti” yo'nalishida og'ir atletikachi, jahon chempionati g'olibi Akbar Jo'raev g'alaba qozondi.
“Sport” telekanali direktori Zohid Karimov “Eng yaxshi ijtimoiy loyihasi” – yo'nalishida g'olib bo'ldi. “O'zReport” telekanali direktori Ravshan Jo'raev “Sport sohasini rivojlantirishga qo'shgan hissasi uchun” taqdirlandi.
Marina Yakubova “Yilning eng yaxshi sport jurnalisti” deb e'tirof etilgan bo'lsa, “Yilning eng yaxshi paralimpiyachisi” - Pauerlifting bo'yicha Paraosiyo o'yinlari chempioni Ro'za Qo'zieva bo'lgan edi. “Eng faol sport targ'ibotchisi” yo'nalishida MOQ Matbuot va media departamenti direktori Zafar Imomxo'jaev taqdirlandi.
Jahon gimnastikasi afsonasi, Oksana Chusovitina “Xalqaro maydonlarda o'zbek sportini targ'ib qilgani uchun” taqdirlangan edi. “Eng yaxshi sport homiysi” sovrini O'zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o'rinbosari Ochilboy Ramatovga topshirildi.
Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov “Hududlarda sportni rivojlantirishga qo'shgan hissasi uchun” taqdirlangan edi.
O'zbekiston kurash federatsiyasi esa “Yilning eng faol federatsiyasi” deb e'tirof etildi. O'zbekiston shaxmat federatsiyasi “Yilning eng yaxshi innovatsion va intellektual faol federatsiyasi” deb e'tirof etildi.