Evropaning kuchli 5ta ligasi «otaxon»lari
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 51
Half-Time Stat («Telegram» kanali) muallifi odatiy 5ta kuchli liganing amaldagi eng yoshi katta («uzoq umr ko'ruvchi») futbolchilari reytingini shakllantirdi. Alohida aytish kerak, ro'yxatga faqat maydon o'yinchilari kiritilgan, ya'ni darvozabonlarga e'tibor qaratilmagan. Zero, agar kiperlar ham reytingga qo'shilsalar, yuqori o'rinlar «A» seriya vakillaridan ortmasdi. Yana bir izoh: futbolchilarning turli ligalardagi davri alohida ajratib ko'rsatilgan.
Top-20 shaklida tuzilgan reytingda atigi 2 nafar hujumchi bor - Pedro va Kevin Gameyro. Mutlaq etakchi Jeyms Milnerning shaxsiy statistikasi tahsinga loyiq. Angliyalik «o'lmas» yigit nafaqat evrofutboldagi bosh «otaxon», balki u deyarli har mavsum (faqat birinchisini bundan mustasno) milliy chempionatda 20tadan ko'p o'yin o'tkazgan. Joriy mavsum esa «Brayton»ning 5ta uchrashuvida ishtirok etishga ulgurdi. Aytish joiz, yanvar oyida 38 yoshga to'ladigan faxriyning ayni shartnomasi 2024 yilning yozigacha mo'ljallangan. Lekin tomonlar hamkorlik muddatini yana 1 yilga uzaytirishlari mumkin. Ko'pchilik hozirdan Milner APLda yana bir mavsum qolishini taxmin qilmoqda.
Kuchli beshlikning qolgan pozitsiyalari ispanlar bilan band: Raul Garsiya hali hech qaerga ketmadi, Serxio Ramos, Xesus Navas va Raul Albiol La Ligaga qaytishdi. Yaponiyalik Makoto Xasebe hattoki etakchilikka intilishi ham mumkin edi: 39 yoshida hamon o'ynayapti. Faqat shunisi borki, qit'adoshimiz kuchli 5ta ligaga «atigi» 17ta mavsum oldin bosh suqqan. Ya'ni Makoto Germaniya chempionatida 24 yoshidagina paydo bo'lgandi. Reytingga kirgan 7 nafar futbolchining faqat 1ta ligada o'ynayotganini ham alohida ta'kidlash joiz. Frantsiya chempionatida esa bunday futbolchi yo'q. Yana bir holat: Eten Kapu mavsum-2020|2021da o'z seriyasini deyarli to'xtatgandi. Binobarin, u «Uotford» bilan APLdan tushib ketdi, keyin Chempionshipda 6 oy o'ynadi, qishda esa «Vilyarreal» safiga qo'shilish asnosida top-5ga qaytdi.
Manba: «Interfutbol» gazetasi